19:52 / 21.09.2020
6251

YeI Belarus hukumatiga qarshi sanksiyalar kiritish borasida yakuniy qarorga kela olmadi

YeI kengashi yig‘ilishi qatnashchilari Turkiyaga nisbatan jazo choralari kiritishni talab qilgan Kipr tufayli kelishuvga erisha olishmagan.

Foto: TUT.by

Yevropa Ittifoqi Belarus hukumatiga qarshi sanksiyalar kiritish borasida yana bir bor yakuniy qarorga kela olmadi. Bu haqda Yevroittifoq tuzilmasidagi manbasiga tayanib DW xabar bermoqda.  

 Manbaning so‘zlariga ko‘ra, YeI kengashi yig‘ilishida jarima choralari tasdiqlanmagan. Uning ta'kidlashicha, YeIga a'zo barcha davlatlar vazirlari Minskka qarshi sanksiyalar kiritish zarurligini qayd etishgan. Ammo yig‘ilish qatnashchilari shu bilan bir vaqtda Turkiyaga nisbatan jazo choralari kiritishni talab qilgan Kipr tufayli kelishuvga erisha olishmagan.

YeI kengashi yig‘ilishidan avval tashqi ishlar vazirlari Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashishgan.

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning bildirishicha, u YeI vakillariga Belarusdagi vaziyat bo‘yicha axborot bergan. Borrel YeI Lukashenkoni Belarusning saylangan prezidenti sifatida tan olmasligini ta'kidladi.

O‘z navbatida, Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Mas Aleksandr Lukashenkoni qora ro‘yxatga kiritishga chaqirdi va "mamlakatdagi vaziyat yaxshilanmagani, Lukashenkoning tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonligini mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini" aytdi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top