16:24 / 09.08.2018
23000

Sherzod Shermatov: Rahbar kadrlar orasida “Umidchi”larning soni yana bittaga ortdi

Foto: Xalqaro press-klub

Prezidentimiz o‘tgan yili sentabr oyida AQShga tashriflari davomida chet eldagi vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytishga chaqirgan edilar. Natijada, mana yana bir hamyurtimiz Ulug‘bek Qosimxo‘jayev o‘z yurtiga qaytdi va katta mas'uliyatli lavozimga tayinlandi. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz kelajagi uchun turizm sohasi juda muhimligini inobatga olib, unga yuklatilgan vazifalar va kutilayotgan umid anchagina katta, deb yozadi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida.

“Ushbu tashrif doirasida biz ham AQShning Silikon vodiysiga borgan edik va Ulug‘bek Qosimxo‘jayev bizning uchrashuvlarni samarali tashkil etishga ancha yordam bergan edi. Oddiy inson ko‘zi bilan qaralsa, AQShda moddiy tomondan deyarli barcha masalalari yechilgan, yaxshi sharoitda yashab turgan malakali mutaxassis barcha shu imkoniyat va sharoitlarini tashlab, yurtimizning rivojiga o‘z hissasini qo‘shaman deb O‘zbekistonga kelishi albatta yaxshi natija deb o‘ylayman.

Bu ham Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda haqiqiy islohotlarni amalga oshirilishi jarayoniga xorijdagi yuqori malakali hamyurtlarimizning o‘ziga xos ishonchi hamda ushbu jarayonda o‘z hissasini qo‘shish ishtiyoqidan dalolatdir”, - deb yozadi Sh.Shermatov.

Uning bildirishicha, avvalroq, Otabek Nazirov ham qaytib kelgan va hozir Xalq ta'limi vazirligida moliyalashtirish masalalarini tubdan isloh qilish ustida ishlayapti.

“Aynan shu hamyurtlarimiz kabi sidqidildan o‘z yurtida islohotlarni amalga oshirish niyatida qaytayotgan mutaxassislar yordamida biz mamlakatimizda haqiqiy fundamental o‘zgarishlarni amalga oshira olamiz deb umid qilamiz”, - deya yozgan xalq ta'limi vaziri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShdan kelgan o‘zbekistonlik Davlat turizm qo‘mitasida yuqori lavozimga tayinlangani xabar qilingandi.

Top