O‘zbekiston | 10:00 / 11.12.2020
19690
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat tibbiyot instituti Qo‘shrabotda: 104 nafar o‘quvchida turli darajada kasallik aniqlandi

Xabaringiz bor, Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilaridan iborat tibbiy brigada Samarqand viloyatining chekka qishloqlarida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazib kelmoqda.

Navbatdagi tibbiy ko‘rik Qo‘shrabot tumanidagi Pangat qishloq vrachlik punkti hamda 40-umumta'lim maktabida tashkil qilindi.

Ochig‘ini aytish kerak, ko‘pchilik yilda bir-ikki marta bo‘lsada tibbiy ko‘rikdan o‘tishni o‘ziga lozim topmaydi. Kimdir tibbiyot muassasasiga borishga erinadi, yana kimdir malakali shifokorga ehtiyoj sezadi, ammo har doim ham buning imkoniyati bo‘lavermaydi. Aksariyatimiz sog‘lig‘imizda jiddiy o‘zgarish kuzatilmaguncha, tibbiy ko‘rikka zarurat sezmaymiz. Vaholanki, kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish afzal, deganda mana shunday tibbiy ko‘riklar nazarda tutiladi. Yuqorida tilga olingan tashabbusdan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu. Malakali, chuqur bilimga ega mutaxassis-xodimlarimiz aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, tibbiy ko‘rikka e'tibor qilishning qanchalik muhimligini amalda isbotlab bermoqdalar.

Xususan, Samarqand davlat tibbiyot instituti tibbiy brigada a'zolari – nevropatolog, okulist, terapevt, kardiolog, jarroh, akusher-ginekolog, pediatr, bolalar ortoped-travmatologi, bolalar jarrohi va UTT mutaxassisidan tashkil topgan. Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikda institutda tahsil olayotgan, asli Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi yuqori kurs talabalari, magistrlar va klinik ordinatorlarning ham faol ishtiroki ta'minlandi.

Pangat qishloq vrachlik punktida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan fuqarolarning 22 nafariga statsionar, 151 nafariga ambulator davolanishga yo‘llanma berildi. 40-umumta'lim maktabida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijasida esa 104 nafar bolada turli xil kasalliklar aniqlandi. O‘quvchilarning o‘n nafari yassi oyoqlilik, ikki nafari jismoniy rivojlanishdan orqada qolish, shuningdek, ko‘krak qafasi diformatsiyasi, kamqonlik va surunkali xastaliklar bilan og‘rishi ma'lum bo‘ldi.

Kasallik aniqlangan bolalarning barchasi dispanser nazoratiga olindi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand davlat tibbiyot institutining tajribali xodimlari, bitiruvchi kurs talabalaridan iborat jamoa viloyatimizning barcha tumanlarida xuddi shunday chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikni amalga oshirishni rejalashtirgan.

Bundan oldin institut va Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining malakali xodimlaridan iborat tibbiy brigada Nurobod tumanida shu kabi tadbirni amalga oshirgandi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati.

Mavzuga oid