23:10 / 12.08.2020
59072
«Yashil», «sariq» va «qizil» aviareyslar ro‘yxati yangilandi

«Yashil» reyslarda - Xitoy, Janubiy Koreyadan kelganlar karantinga olinmaydi.

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan, O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan kirish bo‘yicha yangi tartib belgilandi.

Unga ko‘ra:

  • Epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan («yashil» reyslar) davlatlardan – (oxirgi 10 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi.
  • Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan («sariq» reyslar) davlatlardan – (oxirgi 10 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinadi.
  • Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan («qizil» reyslar – evakuatsiya reyslari) davlatlardan – O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlardan fuqarolarni kirishi bo‘yicha toifaga ajratilgan davlatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga asosan:

  • «yashil» reyslar sifatida – Xitoy Xalq Respublikasi, Tailand, Malayziya, Janubiy Koreya, Gruziya, Vengriya, Latviya, Yaponiya;
  • «sariq» reyslar sifatida – Yevropa Ittifoqi davlatlari (Buyuk Britaniya va Ispaniya bundan mustasno), Ozarboyjon;
  • «qizil» reyslar sifatida boshqa barcha davlatlar belgilandi.

Belgilanishicha, bu ro‘yxat har haftada yangilab boriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top