20:00 / 31.07.2021
18141

“IT'ni qizlar ham bemalol o‘rgansa bo‘ladi” - dasturchi Durdona Bahronova bilan suhbat

Kun.uz “Optimist” ruknining navbatdagi qahramoni Durdona Bahronova – veb-dasturchi. U AQShning Kremniy vodiysida malaka oshirib qaytgan. Biz Durdona bilan O‘zbekistondagi IT sohasi, qizlar ta'limi, shaxsiy rivojlanishning ahamiyati, o‘zbek va xorij yoshlari o‘rtasidagi farq va boshqa mavzularda suhbatlashdik.

Ma'lumot uchun, qahramonimiz Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan. Dasturchilik sohasida 3 yil tajribaga ega.

Durdona Toshkentdagi Super Dispatch xalqaro kompaniyasida faoliyat yuritadi. IT'ning yuragi bo‘lgan Kremniy vodiysida 5 oylik tajriba orttirish dasturida g‘olib bo‘lgan. “Google Developers of Tashkent” hamjamiyati a'zosi, “Women techmakers of Tashkent Community” lideri.

“Qiziqqan odamga dasturchilik qiyin emas, qizlar ham bemalol o‘rgansa bo‘ladi”

— Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetiga hujjatlarimni topshirayotganimda fakultet tanlash vaqtida dasturchilik asoslarini ham o‘rgatadigan fakultetni tanladim. Chunki saytlar qanday yasalishiga juda qiziqqandim. O‘z qo‘lingiz bilan nimadir yarata olishingiz – juda qiziq hissiyot. O‘qigan yo‘nalishimda ham biznes, ham analitikani o‘rgandik. Qo‘shimcha qilib, dasturchilikni ham o‘zlashtirdik.

Dasturchilik bir nechta yo‘nalishlarga bo‘linadi. Qaysi yo‘nalishda men o‘zimni yaxshiroq namoyon qila olishimni aniqlashim uchun barchasiga kirib o‘rganishimga to‘g‘ri keldi, bunga juda ko‘p vaqtim ketdi. Oxirida veb-dasturchilikda to‘xtadim.

Dasturchilik ma'lum texnologiyani yasaydigan muhandislarning ishidan ko‘ra ancha oson, deb o‘ylayman. Dasturchilikda eng kerak bo‘ladigani – vaqt va qiziquvchanlik. Boshqa hech narsa kerak emas.

“Sayohat qilish insonda muammoga boshqacha nazar bilan qarashni shakllantiradi”

— Sayohat qilganingizda juda xilma-xil narsalarni ko‘rishingiz mumkin. Siz har doim yeb yuradigan oshni kimdir boshqacha yeyishiga guvoh bo‘larsiz, balki. Xilma-xillikni ko‘rgach, bir muammoga har xil tomondan yondashish mumkinligini tushunib yetasiz. Topilgan yechimlar hammasi to‘g‘ri, hech qaysisi xatomas. Yashash tarzida ham shunday: siz o‘ylamagan, qolipingizga sig‘magan ko‘rinishda ham yashash mumkinligini ko‘rasiz.

Eng katta oladigan xulosalarimdan biri – odamlar o‘zlari istagan ko‘rinishda yashashlari mumkinligidir. Hayot sizning o‘z tanlovlaringizdan iboratligini sezishni boshlaysiz. Mamlakatingizda odamlar qanday yashasa, siz ular kabi hayot kechirishingiz shartmas. Barchasini boshqacha qilish mumkin ekan, deb o‘ylay boshlaysiz.

Demak, o‘zingiz xohlasangiz, kuch va vaqtingizni birlashtirsangiz, istagan maqsadingizga erishishingiz mumkin.

“An'anaviy oilalarda avval o‘g‘il bolaga investitsiya kiritiladi, keyin esa...”

— Endi dasturchilikni boshlagan vaqtlarimda dasturchi qizlar deyarli yo‘q edi. Hozir safimiz ancha kengaydi. Dasturchi qizlar kamligi, albatta, mentalitetga borib taqaladi. O‘zbekistonda barcha sohalarda o‘zgarishlar bo‘lyapti, ammo xotin-qizlarga nisbatan munosabatimiz o‘zgargani yo‘q.

Ko‘pchilik an'anaviy oilalarda, avvalo, o‘g‘il bolaning ta'limiga investitsiya kiritiladi. O‘rtacha daromadli oilalarda o‘g‘il yoki qiz farzand ta'limiga pul sarflash tanlovi keladigan bo‘lsa, shubhasiz, o‘g‘il bola ustunlikka ega bo‘ladi. Uyda kimgadir kompyuter sotib olish kerak bo‘lsa, bu o‘g‘il bola uchun bo‘ladi. Qiz bolaga kamdan kam hollarda kompyuter sovg‘a qilinadi.

Xotin-qizlar ta'limiga e'tibor bergan davlatlarning iqtisodiyoti gullasa gullaydiki, ammo hech qachon zarar ko‘rmagan. Bangladeshda 1960-yillarda iqtisodiy tanglik juda tarang ahvolda bo‘lgan. Bu vaziyatdan chiqib ketish uchun ta'lim, tibbiyotni oyoqqa turg‘izishga harakat qilishgan. Aynan ta'lim Bangladesh iqtisodiyotini o‘nglashga katta xizmat qilgan. O‘sha paytlarda mamlakatda xotin-qizlar ta'limiga ham katta urg‘u berilgan edi. O‘zimizda ham xotin-qizlar ta'limini rivojlantirishimiz kerak, bundan mamlakat faqat foyda ko‘radi.

“Kremniy vodiysidagi kompaniyalar va ekspertlar tuzgan 5 oylik mentorlik dasturini tugatdim”

— Dasturchilikning front-end yo‘nalishida ishlayman. Front-end foydalanuvchiga ko‘rinib turgan funksiyalarni yaratadi. Uning aksi bo‘lgan back-end esa asosan ma'lumotlar bazasi bilan ishlaydi.

Men ayni vaqtda ishlaydigan kompaniya dasturchilari logistika tizimi avtomatizatsiyasi bilan shug‘ullanishadi. Bir narsani ikkinchi joyga yetkazib berishda foydalanadigan barcha jarayonlar avtomatizatsiyalashtirilgan bo‘lib, ushbu tizimda xatoliklar bo‘lsa, uni tuzatish va qo‘shimcha funksiyalar qo‘shish bilan shug‘ullanamiz.

AQShdagi Kremniy vodiysi (Silicon Valley)da 5 oylik mentorlik dasturini yutib oldim. 20 ta davlatdan 5 nafardan qizni tanlab olishadi bu dasturga. 5 oy davomida dasturchi qizlarga yetarli bilim berishadi. Dastur doirasida turli davlatlardan 113 nafar qiz qatnashdik. Qizlar ma'lum kompaniyalarga biriktirilib, ularning tajribalarini o‘rganishdi.

Men o‘zim Autodesk kompaniyasida tajriba orttirdim. Kompaniya boshqaruvi, xodimlar malakasini, shuningdek, avtomatizatsiya bo‘limi faoliyatini ham o‘rgandik.

“O‘zbek yoshlari xorijdagi tengdoshlarimizga qaraganda qadriyatlarga ko‘proq bog‘lanib qolganmiz”

— Universitetda o‘qib yurgan vaqtimda ilk marotaba AQShga borganman. U yerda boshqa millatga mansub turli yoshlarni uchratganman, ularning mentaliteti ham boshqacha edi, tabiiyki. Xorijdagi tengdoshlarimiz bizdan farqli o‘laroq o‘zaro suhbatlashish, fikr almashishni juda yaxshi ko‘rishadi. Ular bilan ko‘p masalalarda muhokama olib borish mumkin. Biz esa juda yopiqmiz, o‘zimiz muammolarimiz bilan qolib ketamiz, ko‘pincha.

Bu yaxshimi yoki yomonmi bilmadim, ammo biz qadriyatlarga juda bog‘lanib qolganmiz. Bu narsa bizning shaxsiy rivojlanishimizga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Chunki siz o‘tmishga qanchalik yopishsangiz, kelajakdan shunchalik qolib ketishingiz mumkin.

“Biz uchun muvaffaqiyat – yaxshi uy, mashina”

— Bizning fikrlashimiz cheklanib qolgan. Biz uchun muvaffaqiyat nima? Biz uchun muvaffaqiyat yaxshi uy, mashina, hammaning oldida o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilishimizdir, afsuski. “Ko‘z ko‘rdi” uchun harakat qiladigan bo‘lib qolganmiz ko‘pchiligimiz.

Aslida, har bir insonning o‘zi yaxshi ko‘rib qiladigan ishi bo‘lishi kerak.

Bu ishdan boshqalarga foyda tegishi kerak. Xalqimizga xos yana bir jihat bor: odamlarga baho berishimiz “o‘zgacha”: kimningdir puli kam bo‘lsa, serdaromad ishi bo‘lmasa, demak, uning jamiyatda o‘rni yo‘q, degan noto‘g‘ri talqin bor. Shu orqali tezda xulosa chiqarib olamiz.

Vaholanki, odamlarning maqsadlari turlicha bo‘lishi mumkin. Kimlardir butun hayotini ixtiroga bag‘ishlashi mumkin, kimlardir kitob yozib odamlarga foydasi tegishi mumkin. Jamiyatimizda bunday odamlarning mavqeyi yuqori turmaydi, ularni “loser” (omadsiz) deb baholashlari ham mumkin.

Har bir inson o‘zi qilayotgan ishi uchun hurmatga loyiq bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Odamlarning qilayotgan ishi orqali qancha daromad topishiga qarab baholash noto‘g‘ri.

“IT kadrlarni ko‘paytiryapmiz. O‘zbekistonda shunga mos bozorni ham yaratish kerak”

— Dasturchilar yaqin yillar ichida ko‘paydi, qizlar soni ham salmoqli. Kadrlar muammosi kamayyapti. Bir savol tug‘iladi: O‘zbekistonda shu kadrlarga talabni yuzaga keltiradigan bozor bormi? Albatta, dasturchilarga talab bor, lekin kam. Bo‘lganlariga ham kam haq to‘lashadi. Dasturchi nima qiladi bu holatda? Xorij kompaniyasiga ishlashni boshlaydi. Buni yomon deb bo‘lmaydi.

Shunday bozor bo‘lishi kerakki, biz, o‘zbekistonlik dasturchilar, o‘z bilimlarimizni ishlatib, odamlarning hayotini yengillashtiradigan dasturlar yaratib bersak. Hozir qandaydir ilova yaratsangiz, uni sotib olishga odamlarimizning iqtisodiy imkoniyatlari yetmasligi mumkin. Keyin nima qilamiz? Uni xorijga sotamiz. Natijada O‘zbekistonda bu soha rivojlanishi juda sekinlik bilan ketadi. Bu holat mamlakatimiz iqtisodiy imkoniyati bilan chambarchas bog‘liq.

Bizda sun'iy intellekt, robotlar yaratiladigan va bunga mos haq to‘lanadigan sharoit bo‘lsa, O‘zbekistonda IT tez rivojlanadi. Qachonki jamiyatda o‘rta qatlam salmog‘i yuqori bo‘lsa, xarid qilish qobiliyati kuchaysa, o‘shanda mahalliy bozorimiz ham jonlanadi, pul aylanishni boshlaydi, iqtisodiyotga ham foydasi katta buning.

Biz ma'lum dasturni yaratayotganda qo‘shimcha dasturiy ta'minotlarni boshqalardan xarid qilamiz. O‘zbekistondan ham xarid qilishimiz mumkin edi, ammo bizda bunaqa dasturlar ishlab chiqilmaydi.

“Turmush o‘rtog‘im ham dasturchi”

— Oila iqtisodiy jihatdan yaxshi bo‘lishi, farzandlar sifatli ta'lim olishi uchun ayol ishlashi kerakmi yoki yo‘q? Buni har bir oila o‘zi uchun o‘zi tanlaydi. Lekin fikrimcha, ayol va erkak ishlab, oilaning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirsa, bu faqat yaxshilikka xizmat qiladi.

O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, oilaliman, turmush o‘rtog‘im ham dasturchi. Ikkalamiz bir soha vakillari bo‘lganimiz uchun bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Ikkalamiz ham ishlaymiz, oilaviy muammolarimizni birgalikda hal qilamiz. Chunki oila ikkalamizniki. Majburiyatlarimiz ikkiga bo‘lingan, faqat bir kishiga og‘irlik qiladi.

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri.
Operator va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Mavzu
“Optimist” rukni
Kun.uz tengdoshlaridan g‘ayrat-shijoati va kreativligi bilan ajralib turadigan yoshlar haqida turkum ko‘rsatuvlar berib bormoqda.
Barchasi
Top