10:45 / 31.10.2020
23600

Turkiyada zilziladan jabrlanganlar soni ortmoqda, 341ta takroriy zilzila qayd etildi

Turkiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida 24 kishi halok bo‘ldi va yana 804 kishi jarohat oldi. Bu haqda Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar bo‘yicha agentligi xabar berdi.

Foto: AP

«Jami 24 kishi halok bo‘ldi, ulardan biri cho‘kib ketgan. Jami 804 kishi jarohat oldi: 743 kishi Izmirda, 5 kishi Manisda, 2 kishi Baliqesirda va 54 kishi Oydinda», – deyiladi xabarda

Manbaga ko‘ra, qutqaruvchilar Izmirda qulab tushgan 17 ta uyning sakkiztasida vayronalarni tekshirib chiqishgan. Yana to‘qqizta binoda ishlar davom etmoqda. Vayronalar ostida halok bo‘lganlar va jarohat olganlar bo‘lishi mumkin. 

Qidiruv-qutqaruv ishlariga deyarli 4 ming kishi, 20ta qutqaruvchi it va 475ta mashina jalb qilingan. 

Shuningdek, agentlik xabariga ko‘ra, zilziladan keyin 341 ta aftershok (takroriy zilzila) qayd etilgan. Ulardan 31 tasining magnitudasi 4 dan yuqori bo‘lgan. 

Yuz bergan kuchli zilzila Gretsiya hududida ham sezilgan. Ushbu davlatda ikki kishi halok bo‘lgan, 20 kishi jarohat olgan. 

Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, mamlakatlar o‘rtasidagi tortishuvlarga qaramay, telefon orqali o‘zaro muloqot qildi. 

«Bizning o‘zaro tortishuvlarimiz qanday bo‘lishidan qat'i nazar, hozir bizning xalqlarimiz birlashishi kerak bo‘lgan vaqtdir», – dedi Mitsotakis. O‘z navbatida, Erdo‘g‘an ikki qo‘shnining qiyin paytda birdamlik ko‘rsatishi hayotdagi ko‘p narsalarga qaraganda qimmatliroq ekanini bildirdi.

YeI, NATO, Fransiya, Ozarboyjon, Eron, AQSh, Buyuk Britaniya, Chili yordam berishga tayyorligini e'lon qildi.

Juma kuni Turkiyaning janubi-g‘arbidagi Izmir provinsiyasi va Gretsiyaning Samos oroli shimolida – Egey dengizi hududida kuchli zilzila ro‘y berdi. AQSh geologik kuzatuvlar xizmati zilzila magnitudasi kuchini 7 ball deb baholagan, Turkiya hukumati 6,6 ballik zilzila ro‘y berganini ma'lum qilgan.

Shu yilning 24 yanvarida Turkiya sharqidagi Elyazig‘ provinsiyasining Sivrij shahrida ro‘y bergan yer silkinishi oqibatida 41 kishi halok bo‘lib, 1607 kishi jarohat olgandi.

2019 yilning 19 iyulida yerosti silkinishi Afinada elektr tizimini izdan chiqargan va shaharning bir qismi elektr ta'minotisiz qolgandi.

1999 yilning 17 avgustida Istanbulga yaqin masofada joylashgan Izmitda zilzila ro‘y berishi oqibatida 17217 kishi halok bo‘lib, 45 mingdan ortiq kishi jarohat olib, 600 mingga yaqin kishi boshpanasiz qolgandi.

Mavzuga oid
Top