22:35 / 20.02.2019
6994

Bolalar uchun o‘zbek xalq ertaklarining audio talqinlari tayyorlanadi

Bugun, 20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur agentlik tashabbusi va Maktabgacha ta'lim vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «Bolalik kunlarimda» loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri shu haqda xabar berdi.

Tadbirda «UNICEF» tashkilotining ta'lim va maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbarlari Dipa Shankar va Vazira Nazarova, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov hamda Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Yelena Ten ishtirok etib, jurnalistlarga loyiha haqida ma'lumot berishdi.

Loyiha orqali o‘zbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish va xalq og‘zaki ijodi na'munalarini zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda bolalarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih, ruhshunos, ovoz rejissyorlari va aktyorlar hamkorligida professional studiyada tayyorlanadigan audio ertaklar Telegram messenjeridagi @Bolalikkunlarimda maxsus kanali, youtube, facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda har 3 kunda, belgilangan vaqtda joylab boriladi. 
Shuningdek, loyiha doirasida tayyorlangan audio disklar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi do‘konlarda har oy yakunida (5ta o‘zbek, 5ta rus tilida) sotuvga chiqariladi. 

«So‘nggi paytlarda shunday ertaklarni guvohi bo‘lyapmizki, ularni yosh bola tugul kattalar ham eshitishga qo‘rqadi. Mazkur loyiha doirasida esa milliyligimizdan kelib chiqqan holda, tarbiyaviy ahamiyatga ega, bolalar uchun zararli bo‘lmagan ertaklar audio shaklda tayyorlab tarqatish uchun tanlab olinayapti», - deydi agentlik rahbari Komil Allamjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu agentlik va vazirlik o‘rtasidagi yagona loyiha bo‘lib qolmaydi. Jumladan, hozirda ikki tomon hamkorlikda «Ko‘ngil ko‘zi» nomli loyiha ustida ishlamoqda. Loyihaga asosan, ko‘zi ojiz bolalar uchun brayl yozuvidagi qo‘llanmalar tayyorlanyapti va ular tez kunda kitob do‘konlari va axborot resurs markazlariga yetkazib beriladi. Shu paytga qadar ko‘zi ojiz bolalar ta'limida shu kabi qo‘llanmalar, ertaklarning yetishmasligi og‘riqli muammo bo‘lib kelgan. 

 

Tadbirda o‘zbek xalq ertaklaridan biri «Zumrad va qimmat»ning audio  talqini ham taqdim etildi. Ertakka ovoz berishda Dilnoza Kubayeva, Munisa Rizayeva, Oybarchin Bakirova, Zuhra Soliyeva va Rustam Rasulov ishtirok etdi.

Taqdimotda OAV xodimlari tomonidan ham mazkur loyihani ommabopligini oshirish borasida bir qancha takliflar bildirildi.

 

Eslatib o‘tamiz, bolalar uchun tayyorlangan audio ertaklar @Bolalikkunlarimda telegram manzilida joylab boriladi.

Mavzuga oid
Top