Jamiyat | 18:09 / 01.12.2021
12375
8 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlarni qiynayotgan muammolar va ularning huquqiy saviyasi - mediayurist bilan suhbat

O‘zbekistonda jurnalistlar va blogerlarning mavqeyi ko‘tarilishi ortidan ularning huquqiy savodxonligi va huquqiy himoyasi masalasi ham kun tartibiga chiqdi.

OAV sohasi vakillari yuridik yordam uchun qayerga murojaat qilishlari mumkin? Umuman, jurnalistlarning bilim saviyasi qay darajada? Bugun ular duch kelayotgan muammolar qaysilar?

Kun.uz muxbiri Legalclinic yuridik klinikasi yuristi Madina Tursunova bilan yuqoridagi mavzular atrofida suhbatlashdi.

Suhbatni videoda to‘liq tomosha qiling. Quyida esa yuristning asosiy fikrlari matn holida keltirib o‘tiladi.

Nima uchun yuridik klinika?

— Yuridik klinikalar fenomeni ilk bor 20-asrda AQShda paydo bo‘lgan va aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida talabalar tomonidan tashkil etilgan. Yuridik universitet va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlarida ham shunday yuridik klinikalar bor.

O‘zbekistonda “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi” nodavlat notijorat tashkiloti bor. Shu markaz tomonidan Legalclinic yuridik klinikasi tashkil etilgan bo‘lib, jurnalistlar va blogerlarga yuridik yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Markazni esa jurnalistlar tashkil etgan bo‘lib, ular jurnalistlar uchun yuridik yordamga ehtiyoj borligini ko‘rishgan.

Advokatlar defitsiti

— O‘zbekistonda nafaqat jurnalistika, balki umuman, aholi muammolari bilan shug‘ullanadigan yuristlar va advokatlar juda ham kam. Media sohada yuridik ko‘mak beruvchi yuristlar ham shunday. Nima uchundir, bu sohaga ko‘p yuristlar qiziqish bildirmaydi, aslida bu rivojlanib kelayotgan huquq sohasi. Chunki bu sohada o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini faol bildirayotgan insonlar bilan ishlash mumkin.

“Jurnalistlar savollariga onlayn javob beramiz”

— 2019 yilda va 2020 yil boshida jurnalistlar va blogerlar savollariga bevosita javob berilar edi. Hozirgi kunda o‘z saytimiz va Telegram-botimiz orqali onlayn tarzda javob berilmoqda. Ba'zida jurnalistlar o‘z maqolalarini yuridik baholab berishni so‘rashadi. Ba'zida ma'lum bir vaziyat yuzasidan maslahatlar so‘rashadi. Shu vaqtga qadar 600 dan ortiq murojaat bo‘ldi.

“Davlat organlari jurnalistlarning savollariga vaqtida javob bermayapti”

— Jurnalistlarni ko‘proq o‘zlarini qiziqtirayotgan axborotni olish jarayonlari qiziqtirmoqda. Jurnalistlar faoliyatidagi to‘siqlardan biri – ularga zarur ma'lumotning berilmasligi yoki savollariga vaqtida javob olmasligidir.

“Davlat organlari ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, OAV murojaatlariga 7 kunda, fuqarolar arizalariga 15 kunda javob berilishi shart. Afsuski, ko‘p hollarda bu muddatlarga rioya qilinmayapti.

Ayrim hollarda, jurnalistning o‘zidan, so‘ralgan ma'lumotlar nima uchun kerakligi, nima maqsadda ekani so‘ralmoqda. Vaholanki, davlat idoralari davlat sirlariga yoki shaxsiy ma'lumotlardan boshqa ma'lumotlarni berishga majbur.

Legalclinic yuridik klinikasi yuristi Madina Tursunova

“Faoliyatga to‘sqinlik qilinayotgani haqida shikoyatlar ham bor”

— Afsuski, jurnalist va blogerlardan salbiy mazmundagi murojaatlar ham kelib turadi: faoliyatga to‘sqinlik qilish yoki qo‘ng‘iroq qilgan holda ma'lum bir maqolani yoki reportajni olib tashlashni talab qilgan holatlar haqida bo‘lgan. Bunday holatlarda ham qonunchilikdan kelib chiqqan holda javob berish mumkin. Ya'ni kimdir OAVda e'lon qilingan material uning shaxsiy ma'lumotlarini oshkor qilgan yoki shaxsiy daxlsizligiga putur yetkazgan bo‘lsa va bu holatlarni isbotlaydigan faktlar bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan amaliyot bor. Qo‘ng‘iroq qilib, bosim o‘tkazish yaramaydi, aksincha, tahririyatga murojaat qilsa bo‘ladi. OAV esa avval e'lon qilingan maqolaga qo‘shimcha material e'lon qilishi mumkin.

“O‘z huquq-manfaatlarini himoya qilish ko‘proq jurnalistga bog‘liq”

— Jurnalistlik faoliyati bois turli tazyiqlar bo‘lib turibdi, fleshkalarini olib qo‘yish, ayrim texnikalariga shikast yetkazish kabilar kuzatildi. Qolaversa, sud jarayonlarida ishtirok etish masalasi doim kun tartibida. Shu kabi masalalarda, qonunchilikka rioya etilishiga yuridik klinika ta'minlay olmaydi, faqatgina jurnalistlar huquqlari tushuntiriladi xolos. Ko‘pinchi o‘z huquqlarini, manfaatlarini himoya qilish jurnalistning o‘ziga va tahririyatga bog‘liq.

“Jurnalistlarning huquqiy saviyasi yetarli emas”

— Jurnalistlarning huquqiy savodxonligiga baho bera olmaymiz, lekin bu faqat ularning muammosi emas. Umuman olganda, jamiyatning o‘zida huquqiy bilim, savodxonlik past. Ular ma'lum bir vaziyatlarda o‘z huquqlarini qanday ro‘yobga chiqarishni bilmaydi. Jurnalistlar ham ayni shu jamiyatda voyaga yetgan, ta'lim olgan shaxslar. Shuning uchun ularda ham shu kabi muammolar bo‘lishi tabiiy.

“OAV rivojlanar ekan, qarshilar bo‘lishi tabiiy”

— Ommaviy axborot vositalari qanchalik faol bo‘lsa, tanqidiy maqolalar ko‘paysa, noroziliklar ham ko‘payadi. Qarshi tomonlar ko‘payadi. Bu ham tabiiy holat. Soha rivojlanishining bosqichlaridan biri.

“Jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik uchun javobgarlik yo‘q va bu noto‘g‘ri”

— O‘zbekistonda juda qiziq holat kuzatiladi: ma'lum bir xatti-harakatlar mumkin emas, deyiladi. Bu huquqlar davlat tomonidan kafolatlangan ham, ammo javobgarlik yo‘q, sanksiya yo‘q. Bu go‘yoki soatiga 70 km.dan yuqori tezlik cheklangan deb, unga qarshi javobgarlik yo‘qqa o‘xshaydi.

Javobgarligi yo‘q qoidaga hamma ham rioya qilavermaydi. Jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilish mumkin emas, deyilgan, lekin sanksiya yo‘q. To‘sqinlik uchun javobgarlikni qonunchilikka kiritish tashabbusi 2019 yilda ham bo‘lgan. Biroq hanuz bu tashabbus qonunchilikda o‘zining amaliy ifodasini topmadi.

“Suratga tushirish taqiqlangan joylarning aniq ro‘yxati bo‘lishi kerak”

— Ba'zida, bu yerda suratga tushirish mumkin emas, bu yerda videotasvirga olish mumkin emas, deyiladi. Aslida foto-videotasvirga olish mumkin bo‘lmagan joylarning aniq ro‘yxati bo‘lishi kerak va ularning soni chegaralangan bo‘lishi darkor. Qolgan barcha joylarda foto-videotasvirga olish erkin bo‘lishi lozim. Shundagina aniqlik paydo bo‘ladi.

“Blogerlik faoliyatini alohida tartibga solish shart emas”

— O‘zbek media sohasida blogerlik yo‘nalishida qiziq fenomen kuzatilmoqda. O‘zbekistondagi blogerlar siyosiy-ijtimoiy yangiliklarni yetkazish bilan shug‘ullanib qolmoqda. Aslida blogerlik shundan iborat emas. Yirik onlayn platformalarda turli-tuman soha vakillarining blogerlik qilayotganini ko‘rish mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda blogerlik faoliyatini ham huquqiy jihatdan tartibga solishga urinishlar bo‘ldi. Aslida bu kabi ijtimoiy fenomenni tartibga solish kerak emas. Chunki bloger Konstitutsiyada kafolatgan fuqaro erkinliklaridan foydalangan holda faoliyat yuritadi.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Mavzuga oid