18:12 / 30.10.2020
11251

DTM kirish testlarida maksimal ball yig‘gan abituriyentlar ko‘p bo‘lganiga izoh berdi

30 oktabr kuni AOKA binosida Davlat test markazi rahbariyati ishtirokida «2020/2021 o‘quv yilida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovi yakunlari, tahlil va xulosalar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda markaz direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov joriy yilgi test sinovlari natijalariga ko‘ra maksimal ball to‘plagan abituriyentlar soni ko‘payib ketgani yuzasidan ham izoh berdi.

«Ha, bu yil maksimal va teng ball to‘plaganlar soni keskin oshgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, maksimal ball yig‘ganlar soni 930ga yaqinni tashkil qildi. 

Yuridik universitetda maksimal ball to‘plaganlar soni ko‘pligiga kelsak, (bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda yuridik universitetga hujjat topshirgan 400 nafar abituriyent birdaniga 189 ball to‘plagani haqida xabarlar va test savollarining suratlari tarqaldi – Tahr) bu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda shunday abituriyentlar soni 400ga yaqin degan gaplar chiqdi, lekin bu universitetda 400ta emas 50ga yaqin shunday holat kuzatildi. 

Sardor Rajabov

Abituriyentlar orasida maksimal ball to‘plaganlar soni oshib ketishiga bir qator sabablar bor. Bu yerda birinchi sabab test savollari darajasining osonlashtirilgani. Bu aynan ota-onalardan bo‘lgan e'tirozlardan keyin qilingan ish.

Ikkinchidan, bilasiz, bu yil test savollarini yechish uchun beriladigan vaqt ko‘paytirildi. Ya'ni, o‘tgan yili bitta fan savollarini yechish uchun 1 soat vaqt berilgan bo‘lsa, bu yil 1.5 soat vaqt berildi. 

Uchinchidan, bu yil Davlat test markazi tomonidan e-Sinov tizimi ishga tushirildi. Bunda umumiy savollarning 20 foizi shu tizimda chiqqan savollar edi», – deya markaz direktori o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top