15:01 / 07.07.2020
14459

Sardoba toshqinida jabr ko‘rganlar 1 sentyabrgacha o‘z uyiga ko‘chib o‘tadi – vazirlik

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot kotibi Alipasha Ahmedov «Sardoba» suv omboridagi falokat natijasida talafot ko‘rgan uylarni ta'mirlash joriy yilning 1 sentyabrigacha bitkazilishini ma'lum qildi.

«Sardoba» talafotlarini bartaraf etish mavzusidagi brifingda Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida olib borilayotgan ta'mir ishlari haqida ma'lumot berildi.

«Toshqinda talafot ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida ichimlik va oqova suv obektlarini qayta tiklash ishlari joriy yilning 1 avgustiga qadar, ko‘p kvartirali uylarga yetkazilgan zararni bartaraf etish bo‘yicha ishlar 1 sentyabrgacha bitkazilishi rejalashtirilgan.

Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan xatlovda 148ta ko‘p qavatli uyning 107tasi talafot ko‘rgan, ulardan 63tasi yaroqsiz va 44tasi kapital ta'mirga muhtojligi aniqlangan. Talafot ko‘rgan va kapital ta'mirga muhtoj uylarni ta'mirlash uchun jami 31,7 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi.

6 iyul kuni holatiga 44ta uyning 25tasida tom ishlari, 29tasida fasad ishlari, 12tasida ichki pardozlash, 26tasida uyning yerto‘la qismlari to‘liq ta'mirlangan bo‘lib, bu yerlarda yashovchi 55 foiz aholi o‘z uyiga qaytgan. Qolgan aholi 1 sentabr sanasigacha ko‘chib o‘tishi ko‘zda tutilmoqda», deya vazirlik vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, mazkur hududlarni ichimlik va oqova suvlar bilan ta'minlash uchun 3ta pudratchi tashkilot, 80ta texnika va 270 nafar malakali mutaxassis jalb etilgan bo‘lib, jami 129 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top