16:26 / 10.10.2019
17
55488

Behzod Hoshimov: «Keyingi 10 yilda ham, hatto 20 yilda ham o‘rtacha daromadga yetishimizning imkoni yo‘q»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonlik iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekistonning 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Quyida Hoshimovning posti keltiriladi.

O‘zbekistonning 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini muhokamaga qo‘yishibdi. Hozircha shunday muhim loyiha, afsuski, faqat rus tilida yozilgan. O‘zbekchada tarjimasini hali qo‘yishmabdi.

Albatta, kamida 10 yillik rivojlanish rejasi qiziq ko‘rinishi mumkin, lekin men bir narsani tushunmayapman, shu ham bo‘lsa eng muhim hisob-kitoblarni. Yomon gumon deb atayin shunday raqamlar qo‘yishgan demayman, yaxshi gumon qilaman, ya’ni menimcha xato xolos.

Qarang, rejaga ko‘ra, «real YaIMning 2,1 baravarga va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMning 2030 yilga borib 3 baravarga yoki 2018 yildagi 1533 dollardan, 4538 dollargacha oshirish maqsad sifatida qabul qilinadi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha yillik sur’atini kamida 6,4% darajasida ushlab turish kerak.»

Konvert orqasida hisob: agar yalpi YaIM 2.1 barobar o‘sdi deylik, ya’ni bugungi kunda 50.5 milliard dollardan, 2030 yilda 106 milliard dollarga o‘sdi deylik.

Shunda yildan yilga qancha o‘sish bo‘lgan?

Oddiy logarifmik tenglama: 50.5*(1+x)^10= 106.06. Shunda x=0.077, ya’ni har yili kamida 7.7 % o‘sish kerak, qisqa qilib aytsa 6.4 % emas.

Endi agar 6.4 % foiz o‘sish bo‘lsa-chi? YaIM qancha bo‘ladi?

YaIM: 50.5*(1+0.064)^10=93 milliard. Bu degani biz 2.1 barobar emas, 1.8 barobar o‘samiz.

Lekin, 1991 yildan umumiy YaIMni hisoblasak, taxminan 4.7 %ga o‘sib keldik. Bu o‘sishning katta qismi aholi soni o‘sishi deb ham bo‘lgan, ya’ni shu 27 yilda aholi taxminan 50 %ga o‘sgan.

Shuning uchun yildan yilga kishi boshiga qancha o‘sdi desak, hisob kitob quyidagicha:

652*(1+x)^27=1532, shunda x=0.032.

Qisqasi, aholi boshiga biz mustaqillikdan beri o‘rtacha 3.2 %ga o‘sib keldik (bu yerda bitta soddalashtirish qilyapman, lekin ma’no o‘zgarmaydi). Endi, shu nuqtai nazardan 7.7 % ham 6.4 %ga o‘sishni juda qiyin deb o‘ylayman. Balki ehtimoli nolga yaqin.

Oxirgi yilni olaylik, 2018 yilda, kishi boshiga o‘sish 3.3% (manba: Jahon Banki) bo‘lgan, bu hamma katta qurilishlar bilan birgalikda, turistlar va savdo ko‘payishi bilan birgalikda kishi boshiga YaIM atigi 3.3 %ga o‘sgan. Oddiy so‘z bilan aytsak, 2018 yil misli ko‘rinmagan fiskal stimullar yili edi, shunda ham, 3.3 %ga o‘sish bo‘ldi. Bu yil ham, umumiy YaIM 5 % kamga o‘sadi, kishi boshiga hisoblash uchun aholi o‘sish suratini ayirish kerak. Xullas raqamlar tushunarsiz.

Lekin bu raqamlarda eng g‘alatisi quyidagicha, rejaga ko‘ra umumiy YaIM 2.1 barobarga, kishi boshiga YaIM esa 3 barobarga o‘sishi kerak ekan. Bu narsani matematik iloji yo‘q. Qarang, kishi boshga YaIM degani umumiy YaIMni aholi soniga bo‘lish kerak degani:

kishi boshiga YaIM=YaIM/aholi soni.

Endi sur’ati 2.1 barobarga oshsa, maxraj o‘zgarmasa ham kishi boshiga YaIM, atigi 2.1 barobarga o‘sadi. Ya’ni, bizda aholimiz 2030 yilgacha o‘sib keladi deb olsak, unda aholi boshga YaIM 2.1 barobardan albatta kam bo‘ladi degani. Bu arifmetik xato.

O‘zi matematikaga qiziqmasangiz ham, mantiqan fikrlab ko‘ring, agar umumxalq daromadi 2.1 barobar oshsa, qanday qilib har birimizning daromadimiz 3 barobarga oshadi? Mantiqsiz-ku? Yoki aholi soni jiddiy ravishda kamayib ketadi deyishmoqchimi?

Ya’ni, o‘sha hujjatdagi eng optimistik ssenariy bilan, 2030 yilgacha, yiliga haqiqatdan tariximizda misli ko‘rinmagan iqtisodiy o‘sish sur’atlarida o‘sib kelsak ham, 3 barobarga aholi boshiga YaIM o‘sa olmaydi. Bundan tashqari, kelasi o‘n yilda har yili deyarlik 8 %ga o‘sishimiz ehtimoli ham nihoyatda past, chunki bunday suratda biz hech qachon 3 yil ham o‘smaganmiz.

Yana bir yanglish gap, «2030 yilga kelib aholi jon boshiga YaIMning erishilgan qiymati O‘zbekistonni daromadi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishga imkon beradi». Bu ham, albatta, xato.

Birinchidan, aytganimdek hatto ularning hisobi bo‘yicha ham uch barobarga aholi jon boshiga YaIM o‘smaydi. Lekin mo‘jiza bo‘lib, shunday bo‘lib qolsa ham, unda kishi boshiga YaIM ular aytganidek 4538 dollarni tashkil etadi.

Dunyoning o‘rtacha aholi jon boshiga YaIM 11928 dollar. Ya’ni eng norealistik ssenariy da ham, ya’ni o‘n yilda, uch barobarga kishi boshiga o‘sish bo‘lsa, shunda biz o‘rtacha dunyo YaIMidan 2.5 barobar kambag‘alroq bo‘lamiz. Buning ustiga dunyo iqtisodi ham joyida turmaydi, ya’ni 10 yilda, dunyoning o‘rtacha YaIMi ham ancha o‘sib qoladi. «O‘rtacha daromaddan yuqori davlatlar» uyoqda tursin, o‘rtachaga ham chiqishimizga hali ancha bor.

Men buni yozishimdan maqsad, biz rejalar yozganda yolg‘ondan tiyilishimiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi. To‘g‘ri, bizda sharoit zo‘r emas, lekin uni yolg‘on orqali bo‘rttirib yozish umuman hech kimga yordam bermaydi. Biz keyingi o‘n yilda ham, hatto yigirma yilda ham o‘rtacha daromadga yetishimizning imkoni yo‘q. Bu normal narsa, buni tan olib ish yuritishimiz kerak.

Xullas, Iqtisodiyot vazirligidan tushuntirish sharhini kutib qolamiz».

Tepadagi hisob kitobga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: 

O‘zbekistonning so‘mdagi real YaIMi ikki barobarga, dollarda aholi soniga YaIM esa uch barobarga o‘sishi arifmetik xato degan edim. 

Berilgan loyihada shunday raqamlar chiqishining sababi, bu dollar so‘mga nisbatan tegishli proporsiyada arzonlashadi degani. Ya’ni, loyihaning g‘oyasi shuki, so‘mda hisoblasak o‘sish YaIMini ikki barobarga oshiradi, dollarda esa uch barobarga.

Oddiy qilib aytsak, tasavvur qiling, kishi boshiga bizda YaIM 100 so‘m va dollarda bu 1 dollar. 

Endi, 10 yildan keyin real kishi boshiga YaIM 200 so‘m bo‘ldi, lekin o‘sha paytda dollarda bu 3 dollar bo‘lib qoldi. Ya’ni, 1 dollar endilikda 100 so‘m emas, balki 67 so‘m. Bu degani dollar so‘mga nisbatan 33 foizga arzonlashdi. 

Loyiha g‘oyasi ham xuddi shunday, so‘mda real YaIM 2 barobarga o‘sadi, dollarda YaIM esa uch barobarga. 

Bunday holat bo‘lishi menimcha qiyin, chunki dollar so‘mga nisbatan arzonlashishi, O‘zbekiston iqtisodiy tarixida misli ko‘rilmagan holat, shuning uchun ham shu ehtimoli kam variantni umuman ko‘rib chiqmadim. Loyihani yozgan odamlar dollar so‘mga nisbatan arzonlashish mexanizmlarini yozib o‘tishsa bo‘lar edi. Chunki odatda bu qandaydir qazilma yoki boshqa bir narsaning narxi keskin oshib ketishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Rivojlanayotgan lekin resurslari kam bo‘lgan mamlakat bunday muammolarga duchor bo‘lmaydi. Chunki rivojlanayotgan mamlakatlar chet eldan ko‘p miqdorda uskuna va boshqa texnologiyalar importiga muhtoj bo‘ladi, shu sababdan import doimo eksportdan yuqori bo‘ladi. Natijada dollar qimmatlashadi, arzonlashmaydi. 

Ochiq iqtisodiyotda, eksport yoki investitsiyadan kelgan pul ham dollarni arzonlashtirib qo‘ymasligi kerak. Chunki, dollarning so‘mga nisbatan arzonlashishi, import ko‘payishiga va import tovarlari raqobatbardoshligiga olib keladi. Undan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tovarlarini qimmat qilib qo‘yadi. 

Jahon tajribasida bunday narsa bo‘lganmi? Ha, bo‘lgan. Rossiya Federatsiyasi (va boshqa neftga bog‘liq mamlakatlar) bunga yaqqol misol. Neft qimmatlashgani hisobiga Rossiyaning dollardagi YaIMi rubldagi YaIMidan ko‘ra tezroq o‘sgan va dollarda o‘sish sur’ati tezroq bo‘lgan. Adabiyotda buni Golland kasalligi deyishadi va bu odatda yomon narsa.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top