21:40 / 20.02.2017
23763
Tolimarjon IES’ning yangi bug‘-gaz qurilmalari o‘z samarasini bermoqda

Tolimarjon IES’ning yangi bug‘-gaz qurilmalari (BGQ) 2017 yilning fevral oyi boshi holatiga ko‘ra, 1,52 mlrd kVt-soat elektr energiya ishlab chiqardi. Bu haqda "O‘zbekenergo" AJ matbuot xizmati ma'lum qildi. 

"O‘zbekenergo" "Tolimarjon IESni 450 MVt lik 2 ta bug‘-gaz qurilmasi qurish bilan kengaytirish" investitsiya loyihasini amalga oshirdi.

Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering and Construction va Daewoo International Corporation kompaniyalari konsorsiumi BGQ qurilishida ishtirok etgan.

Loyiha Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi kredit mablag‘larini jalb qilgan holda amalga oshirilgan.

BGQning 1-energobloki 2016 yil avgustda foydalanishga topshirilgan. 2016 yil noyabrda 2- energoblokning 314 MVt lik gaz turbinasi foydalanishga topshirilgan.

Ikkita blokning foydalanishga topshirilishi butun energotizimning tejamkorligini elektr energiyani ishlab chiqarishga yonilg‘ining solishtirma sarflanishini kamaytirish hisobiga oshirish imkonini beradi va yiliga 7,2 mlrd kVt-soat qo‘shimcha elektr energiya ishlab chiqariladi. Shuningdek, energotizimning Markaziy qismidan Samarqand-Buxoro elektrouzeliga elektr energiyani transportirovka qilishda yo‘qotishlar kamayadi.

Ikkala BGQda elektr energiya ishlab chiqarilishi 2017 yil fevral oyi boshi holatiga ko‘ra, 1520,2 mln kVt-soatni tashkil qildi.

Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga kiritilishidan beri 66,72 mlrd kVt•soat elektr energiya ishlab chiqargan. 2016 yilda stansiyada 6939,6 mln kVt∙soat elektr energiya ishlab chiqarilgan.

Ayni vaqtda 2022 yilgacha yana shunday quvvatdagi ikkita BGQ qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilmoqda. Bu loyihaning amalga oshirilishi IES tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmini yiliga 20,4 mlrd. kVt-soatgacha yetkazish imkonini beradi.

Top