23:44 / 19.05.2020
34021
Ilmiy yozmalari toshqinda yaroqsiz holga kelgan sirdaryolik tadqiqotchiga prezident topshirig‘i bilan doktorlik darajasi berildi

O‘zbekistonda birinchi marta dissertant o‘z ilmiy ishini onlayn tarzda himoya qildi.

Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-kurs tayanch doktoranti, Mirzaobod tumanidagi «Navbahor» mahallasida yashovchi Kamola Abrorxonovaning ilmiy tadqiqot natijalari Sardoba toshqini vaqtida yaroqsiz holga kelgan.

28 yoshli olima 15 may kuni mirzaobodliklar bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyevga bu haqda so‘zlab bergach, davlat rahbari unga istisno tariqasida doktorlik darajasini berish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar tarqatdi.

«Shu qishloqda tug‘ilib o‘sganman. Toshqindan xabar topgan kunimiz qo‘rquvdan xayolimga ikki tashvish keldi. Birinchisi, yosh bolamni xavfsiz joyga ko‘chirish bo‘lsa, ikkinchisi – necha yillar davomida olib borgan tadqiqotlarim natijalari, tajriba-sinovlarimning ko‘pchiligi qo‘lyozma variantda uyda qolayotgan edi.

Toshqin qaytgandan keyin uyga kelganimizda ne ko‘z bilan ko‘ray... hammasi suvda qolgan, loy bilan qorishib yotgan, xullas yaroqsiz edi.

Yosh tadqiqotchi sifatida o‘sha paytda xayolimdan nimalar o‘tganini siz olim sifatida yaxshi bilasiz. Ilm qilishni igna bilan quduq qazishga tenglashtirgansiz. Mehnatimga ichim achidi... Lekin eng muhimi – farzandim, oilam, yaqinlarimning joni sog‘ligi», degan Kamola Abrorxonova.

Shundan so‘ng prezident olimaga istisno tarzida doktorlik darajasini berish bo‘yicha topshiriq beradi.

«Menga odamning doktorlik hujjati kerak emas, menga shijoati, vatanga muhabbati, intilishi kerak.

Qishloqda mana shunday ma'naviyat bilan yashaganining o‘zi o‘n karra doktordan afzalroq. Vatanga muhabbat, tarbiyaning misolini amalga ko‘rsatgan doktor – o‘zi eng buyuk akademik», – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Xabar qilinishicha, topshiriqdan so‘ng bir necha kun ichida Kamola Abrorxonova O‘zbekistonda birinchi bo‘lib onlayn tarzda o‘z dissertatsiyasini himoya qilgan.

«Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini innovatsion yondashuv asosida milliy ruhda tarbiyalashning pedagogik asoslarini takomillashtirish» mavzusidagi ilmiy ishni olima Guliston davlat universitetidan turib masofaviy tarzda yoqlagan.

Abrorxonova ilmiy daraja diplomini GulDUda tashkil etilgan tantanali tadbirda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmedbek Yusupovdan qabul qilib olgan.

28 yoshli falsafa doktori (PhD) – Jizzax davlat pedagogika instituti Boshlang‘ich ta'lim fakultetida davlat granti asosida tahsil olgan, 2014 yilda Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan. So‘ngra Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti magistraturasini «Boshlang‘ich ta'lim» yo‘nalishida imtiyozli tamomlagan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top