09:36 / 20.07.2019
5551

AQSh G‘aznachiligi xodimlari O‘zbekiston Moliya vazirligi, DSQ va Qimmatli qog‘ozlar bozori agentligiga jalb etiladi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida 2019 yil 17 iyul kuni Vashington shahrida AQSh moliya vazirining texnik ko‘mak ko‘rsatish siyosati bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Larri Makdonald bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Uchrashuv chog‘ida fiskal siyosatni takomillashtirish, davlat qarzi va investitsiyalarni boshqarish tizimi, kapital bozorini rivojlantirish hamda budjet jarayoni samaradorligini oshirish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Larri Makdonald boshchiligidagi AQSh G‘aznachiligi delegatsiyasi 2019 yil 11-17 iyun kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatning tegishli idoralarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Larri Makdonald ta'kidlashicha, Texnik ko‘mak ko‘rsatish ofisi 30 yildan ko‘proq vaqt davomida 50 dan ortiq davlat bilan hamkorlik qilib, ularning barqaror institutsional rivojlanishiga ko‘maklashmoqda. «O‘zbekiston iqtisodiy o‘zgarishlarning boshlang‘ich davridayoq hayratlanarli natijalarni qo‘lga kiritdi, bu esa keyingi qadamlarning samarador bo‘lishiga ishonch uyg‘otadi», – dedi ekspert.

G‘aznachilik vakilining fikricha, ushbu holat nafaqat AQSh G‘aznachiligining Texnik ko‘mak ko‘rsatish ofisi jamoasiga, balki potensial xorijiy investorlar va O‘zbekistonning biznes sheriklariga ham ko‘tarinki kayfiyat berdi.

Moliyachining so‘zlariga ko‘ra, qonunlarni qabul qilish va muayyan sektorda tartibga solishni belgilash amaliyoti islohotlar jarayoning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu o‘rinda, Larri Makdonald ushbu jarayonga samaradorlik berish uchun tatbiq etish masalalarining o‘ta muhimligi to‘g‘risidagi fikrni qo‘llab quvvatladi.

G‘aznachilik vakili barqaror natijalarga samarali erishish uchun uzoq muddatli sheriklik o‘rnatish zarurligini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va AQSh G‘aznachilik departamenti o‘rtasida Moliya sohasida texnik hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjat korporativ va davlat qimmatli qog‘ozlari uchun mahalliy kapital bozorini rivojlantirish, obligatsiyalar portfelini boshqarish, davlat-xususiy sherikchiligi loyihalariga davlat kafolatlarini berish, makroiqtisodiy va soliq risklarini oldindan aytish, budjetni rejalashtirish va soliq majburiyatlariga rioya qilish, bank ishi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish va boshqa shu kabi sohalarda moliyaviy salohiyatni kengaytirish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tomonlar hamkorligini nazarda tutadi.

Hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun texnik vazifalar va o‘zaro hamkorlik rejalarini ishlab chiqish maqsadida AQSh G‘aznachiligi maqsadli guruhlarining O‘zbekistonga qator tashriflarini yaqin kunlarda tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, hamkorlikning ko‘rsatilgan rejalari kelishilganidan so‘ng AQSh G‘aznachiligi o‘zining uch nafar maslahatchilarini Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish agentligiga uzoq muddatga (1 yildan 3 yilgacha) tayinlash hamda AQShning boshqa ixtisoslashgan idoralari ekspertlarini jalb qilishni ko‘zlamoqda, deyiladi TIV xabarida.

Mavzuga oid
Top