O‘qituvchining qadri qachon baland bo‘ladi? Qachonki Xalq ta'limi vazirligi o‘zgarsa!
Dunyoning hech bir davlatida o‘qituvchiga hurmat-ehtirom bizdagidek emas. Chunki hech bir davlatda o‘qituvchilar kuni umumxalq bayrami va dam olish kuni deb e'lon qilingan emas. Lekin bu ehtirommi yoki «ehtirom»?
Yaqin-yaqingacha o‘qituvchilarimiz o‘zlariga atalgan bayram — 1 oktabrda paxta dalasida mehnat qilishar «oq oltin»ni nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda kamarbasta bo‘lishardi. Ulardan boshqa hamma dam olar edi bu kunda. Bundan ortiq xo‘rlash bo‘lmasa kerak dunyoda…
O‘qituvchilarning dalalarda hosil yig‘ishtirishda, ko‘cha-ko‘yda obodonchilik ishlarida ishlayotganini ko‘rgan yosh avlod ularni hurmat, bu sharafli kasbga havas qilarmidi? Maktablardagi ta'lim sifati-chi? Aynan mana shunday holatlar hukmron bo‘lgani uchun ne ne zabardast o‘qituvchilar bu kasbni tashlab ketmadimi?
Nega Hojiboy Tojiboyevning achchiq satirasida traktorchilarga joy bo‘shatish uchun o‘qituvchilar egallagan fermer mehmonxonasi bo‘shatiladi? Chunki fermerning o‘qituvchiga ishi tushmaydi, uning uchun ular shunchaki dalasida xizmat qiluvchi mehnatkashlar-da.
Yaqinda Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida yangragan so‘nggi ogohlantirishi bilan ta'lim va tibbiyot xodimlari majburiy mehnatga jalb etilmasligi qat'iy belgilab qo‘yildi. Bosh vazir shu xususda vazirliklar va hokimliklar ishtirokida katta yig‘ilish o‘tkazdi va Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovga shunday xitob qildi:
«Janob, Inoyatov Ulug‘bek Ilyosovich. Nega shu kungacha aniq bir chora ko‘rilmagan yoki taklif kiritilmagan? Ish beruvchi sifatida ham nima uchun bironta o‘qituvchining manfaatini himoya qilib chiqmagansiz? Ta'lim-tarbiya mazmunini, uning sifatini qachon yaxshilaysiz? Agar o‘qituvchilaringiz shu tarzda majburiy mehnatga jalb etilishi davom etsa, qachon ta'lim sifatini oshirishga erishishimiz mumkin bo‘ladi?»
«To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, rahbar sifatida menda jur'at yetishmagan. Kerak bo‘lsa, vaqtida majburiy mehnatga xayrixoh bo‘lib, buni vatanparvarlik sifatida bilib, tepasida turganman», dedi bunga javoban vazir.
To‘g‘ri, davlat va hukumat rahbarining ushbu chiqishlaridan so‘ng hozir viloyatlarda ishchi guruhlar tuzilib, ta'lim va tibbiyot xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ko‘ramiz, bu hali qanday samara berar ekan.
Majburiy mehnatdan qutulish yo‘llari
O‘rtaga bitta savolni tashlaylik: nega o‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilish bu qadar oson? Uning nima zaiflik joyi borki, haq to‘lanmaydigan, asosiy vazifasi bo‘lmagan qo‘shimcha mehnatga indamaygina bo‘yin egib, rozi bo‘lib ketaveradi. O‘qituvchining nufuzini bu qadar tubanga tushirgan kim?
Ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasidek noshud tashkilot bormikan bu dunyoda? Aslida bu tashkilot o‘qituvchilarni himoya qilish uchun tuzilgan emasmi? Lekin ular o‘qituvchilarning happa-halol maoshidan oyiga 1 foizdan ushlab qolib, bu pullarga tarallabedod qilib yurishibdi.
Pedagog Shahnoza To‘raxo‘jayeva tomonidan bildirilgan quyidagi takliflarga qo‘shilmasdan iloj yo‘q:
1. O‘qituvchilarni sohadan tashqaridagi turli darajali rahbarlardan himoyalaydigan qonun ishlab chiqilishi kerak. Mazkur qonunda ta'lim xodimlarini jamoat YuMUShLARIga jalb qilish TAQIQLANSA (hatto o‘zlari ariza yozib iltimos qilgan taqdirlarida ham! Dars payti «vijdon amriga bo‘ysunib, ko‘cha tozalagisi» kelsa, sohasini o‘zgartirsin).
2. Qonun ijrosi davlat va jamoatchilikning kuchli nazoratiga olinsa. Monitoringlar o‘tkazilib, o‘qituvchilarning ko‘cha tozalayotgan, saylovlar va boshqa tadbirlar tashkilotchiligi bilan shug‘ullanayotgan holatlari aniqlansa, chora ko‘rish vakolatiga ega tashkilotlarga hamda OAVga ma'lum qilinsa. (Axir davlatimizga majburiy mehnatning borligini tan oldirgan narsa ham aynan shu — jamoatchilik nazorati. To‘g‘ri, bu davlat organlariga yoqmaydi, lekin bu tizim amalda o‘zini oqladi. Chunki hokimlar, vazirlar va'da berganini avval ham ko‘rgan edik — Sh.Sh.)
3. O‘qituvchilar uchun «qaynoq liniyasi» ochilsa va o‘z vazifasidan boshqa ishga jalb qilingan hollarda darhol tegishli joylarga, jamoatchilikka xabar yetkazish imkoni yaratilsa. Bu ish davlat tashabbusi bilan va uning nazorati ostida qilinsa, o‘sha «qaynoq liniya» hech bo‘lmasa bir yil xuddi «prezident portali» kabi rejimda ishlasa, juda zo‘r bo‘lardi.
Qog‘ozbozlik — o‘qituvchi oyog‘iga solingan tushov
Ochig‘ini tan olish kerak, o‘qituvchilarning bunday xorlanishiga asosiy sabab — ularning ish yuritishda qog‘ozbozlikka ko‘milib qolganligi hamdir. O‘z haq-huquqini talab qilgan istalgan o‘qituvchining yuritayotgan daftar-jurnallaridan kamchilik topish mumkin. Bu xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘qituvchini tekinga quldek ishlatishni istovchi mahalliy hokimliklar manfaatini ko‘zlab, juda puxta o‘ylangan qog‘ozbozlik tizimi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
«Sanang: sinf jurnali, sinf rahbari papkasi, sinf rahbari jurnali, sinf rahbarining tarbiyaviy ish (soat) hujjatlari, o‘quvchilarning kundalik daftari nazorati, ota-ona bilan ishlash daftari, dars konspekti, yillik reja, pedagogik soat, dars tahlili, fanga oid ko‘rgazmalar, past o‘zlashtiruvchilar, bo‘shliq bilan ishlash rejasi va daftari... u yog‘iga sabrim chidamadi», deb yozadi Shahnoza To‘raxo‘jayeva.
Ma'lumot uchun: O‘qituvchining (1 stavka) yillik umumiy yuklamasi 1548 soat etib belgilangan, uni bajarish uchun fan o‘qituvchisi yil davomida 34 hafta, haftasiga 36 soat, 1 kunda 6 soat ishlashi lozim.
O‘qituvchi Isroil Tillaboyev esa 2005 yili 21 dekabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 275-sonli qarori haqida shunday fikr bildiradi:
«Ushbu qaror haqida juda ko‘p tajribali ustozlar fikrini tingladim, qarorning yaxshi tomoni shundaki, bu qarorda yaxshi ishlagan ustoz murabbiylarning mehnatini rag‘batlantirishning yangi «Direktor jamg‘armasi» deb nomlanadigan mexanizmi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, yaxshi ishlagan o‘qituvchi kelgusi yildan har oyda 15-40 foizgacha ustama (o‘z oyligiga nisbatan) qo‘shimcha haq oladi. Bu ba'zi maktablarda maktab direktorlari o‘zi istagan kishilarni rag‘batlantirayotgan hollarni eshitganimizni hisobga olmasak, umuman olganda, minglab yaxshi ishlagan ustozlar uchun yaxshi bo‘lgandi.
Lekin bu qaror birgina ustama uchun emas, balki umuman pedagoglarga ish haqi to‘lashning bir stavka dars beruvchi pedagog uchun 1548 soatlik ish yuklamani bajarish va qog‘ozda ko‘rsatish majburiyatini, mezonini belgilab bergan ediki, bularni amalga oshirish uchun istaymizmi, yo‘qmi, o‘qituvchi hisobot-u qog‘ozlarga ko‘milib qolishiga olib keldi.
Aytsam ishonmaysiz: o‘sha 1548 soatlik yuklama grafalarida dars soatidan boshlab har bir ishingizga necha soat ajratishingizgacha hisoblab, oylik, yillik jami soatga to‘g‘ri keladigan qilib hisoblab chiqishingiz va yil davomida shularni bajarib yurishingiz kerak. Bir hisobda to‘g‘ri o‘ylangandek ko‘rinadi, ham qulay. Kimga qulay, bilasizmi? Kelgan tekshiruvchiga qulay! Keladi, yillik yuklamangizni oladi, «Xo‘sh, falon oyda falon tadbirga 2 soat ajratibsiz, qani uning surati, hisoboti? Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga shuncha soat ajratibsiz, qani uning rejasi, konspekti?» deydi, ko‘radi, osongina belgilaydi va yoki yo‘q deya «kesadi». Naqadar qulay!
Ishonasizmi, shunday o‘qituvchilarni ko‘rdimki, tekshirganda kesmasin deya, o‘sha grafaning tashkiliy bo‘lim degan qismida qilingan ishlarini isbotlash uchun maktab obodonchilik ishlarida yoki shanbaliklarida qatnashayotgan paytlarida suratga tushib, chiqarib, «shuncha soat maktab uchastkasida ishladim», deya hisobotlar yozishgan.
Ushbu qaror shu darajada pedagoglar va rahbariyat orasida ommalashib ketdiki, xuddiki, pedagoglarga oylik to‘lashning boshqa uslubi yo‘q, degan fikr ko‘pchilikning ongiga singdi.
Oradan 13 yil o‘tdi. Juda ko‘p sohalarda eski qarorlar zamon talabiga javob bermayapti, deya yangidan ishlab chiqildi yoki to‘ldirildi. Ushbu qaror chiqqandan so‘ng 10 yilcha o‘tibgina Xalq ta'limi Vazirining 2016 yil 4 fevraldagi 33-buyrug‘i chiqarildi. Unda o‘qituvchi uchun 6 ta asosiy ish hujjati sanab o‘tildi, bular: yillik ish reja (men yuqorida aytib o‘tgan asosiy soatma-soat nafas olganingizni ko‘rsatib hisoblab berishingiz kerak bo‘lgan 1548 soatlik ish reja), mavzuviy ish reja, dars konspekti, dars tahlil daftari va jurnal. Ajoyib o‘zgarish, har holda 10 yil qog‘ozbozlikdan zerikkan pedagoglar uchun. Lekin… bu buyruq chiqqaniga 2 yil o‘tgan bo‘lsa ham kelgan moliyaviy komissiyalar turli hisobotlarni so‘rashda davom etishiga kimni aybdor deyish mumkin?
«Buyruqda yillik ish reja ko‘rsatilgan, o‘sha rejada siz anavi qilgan ishlaringizni qanday isbotlaysiz, hujjatlarni ko‘rsating», degan tekshiruvchilarmi yoki o‘z xodimlarining huquqlarini himoya qila olmagan, komissiyadan qaltiraydigan direktorlarmi?
Menimcha, o‘qituvchilarning o‘zida ham ayb bor, huquqiy axborotlarni o‘z vaqtida kuzatib borishmaydi. Shu kabi hech bo‘lmasa, o‘z sohasiga doir huquqiy normativ hujjatlarni bilmagani tufayli haligacha 33-buyruqda katta qilib «qisqartirilgan» deb yozilgan hujjatlarni ham to‘ldirib yurgan o‘qituvchilar bor.
Lekin men yuqorida ta'kidlamoqchi bo‘lganim, o‘qituvchilikka ilk kirib kelganimdan duch kelib bajarib kelayotgan, Vazirlar Mahkamasining 2005 yili qabul qilingan qarorini qayta ko‘rib chiqish zaruriyati hozirgi zamonda eng dolzarb masalalardan biridir. Nahotki, pedagog xodimlarga oylik ish haqi to‘lashning boshqa usuli bo‘lmasa?!
Bor! Faqat uni izlab topish mumkin, o‘qituvchining hisobot va qog‘ozlariga qaramasdan amaliy natijasiga qarab ish haqi to‘lash mexanizmlarini dunyoning rivojlangan davlatlari tizimidan topsa bo‘ladi.
O‘qituvchilardan amaliy natija talab qilishdan avval shunga mos qonun hujjatlari bilan ularning erkinliklari va ijodiy ishlarini rag‘batlantiruvchi, shablon va majburiyatlardan xoli ish mexanizmini joriy qilish kerak.
E'tibor bering, men hozir ijtimoiy tarmoqlar va televideniyeda baralla aytilayotgan, o‘qituvchilar oyliklarini oshirish yoki majburiy mehnatlarga jalb qilmaslik haqida gapirmayapman (ular haqida aytmagan men qoldim xolos va bu gaplar amalga oshsa, ta'lim tizimida ijobiy portlash effekti ro‘y bergan bo‘lardi), shunchaki, o‘qituvchining bevosita kundalik ish jarayonini yengillashtiruvchi normativ hujjatlarni so‘ramoqdaman».
Agar xalq ta'limi vazirligi chindan ham o‘qituvchilarning maktabda dars o‘tishga ijodiy yondashuvini, ta'lim sifatining oshirilishini istasa, o‘qituvchilarni qog‘oz va daftar to‘ldirish (to‘ldirganda ham qo‘lda yozib to‘ldirishi kerak — kompyuterdan chiqargani bo‘lmasmish! — Sh.Sh.) balosidan zudlik bilan xalos etishi kerak.Aks holda, ularning bo‘ynidagi majburiy mehnatga majburlash uchun «bo‘yinturuq»ni o‘z holicha qoldirgan bo‘ladi.
O‘qituvchilar bilan gaplashganimizda ortiqcha daftar to‘ldirishlardan bezillab qolishganini bildirishdi: «Axir biz ko‘p yillar davomida dars rejasini, o‘tilishi kerak bo‘lgan mavzularni yodlab olganmiz, tunda turtib uyg‘otishsa ham adashmay aytib berolamiz», deyishdi ular.
Tashqarida XXI asrning 18-yili ketmoqda, allaqachon bunday ro‘yxatga olish-u, daftar to‘ldirish kabi narsalarning barchasini kompyuterlashtirish mumkin edi. Yaponiya, Singapur kabi xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganinglar bundoq, mutasaddilar, poytaxtdagi vazirlik binosidan chiqib! «Baribir ulardek bo‘lolmaymiz», deb darhol tarvuzingiz qo‘ltig‘ingizdan tushayotgan bo‘lsa — meditsina va axborot texnologiyalari sohasida Hindiston nega jahon yetakchilaridan biriga aylanib borayotganiga qiziqing.
Maktab ta'limida gap ko‘p. Olimlik, mukammal bilim egasi bo‘lish uchun tamal toshi shu yerda qo‘yiladi. Faqatgina darsdan tashqari bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lgan o‘qituvchidanginato‘laqonli dars o‘tish, o‘quvchilarga saboq berishda ijodiy yondashishni talab qilish mumkin. O‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini ham zamonaviy vebinarlar, seminarlar va treninglar sifatida, ijodiy muhitda tashkil etish fursati yetib kelgan. Bu borada ham kommunistcha-sovetcha tizimdan to‘liq xalos bo‘lish kerak.
O‘qituvchiga nega mashina sovg‘a qilinmaydi?
Xo‘sh, o‘qituvchilarni majburiy mehnat va keraksiz qog‘ozlardan xalos etishni ham uddalarmiz, biroq ayni vaziyatda o‘qituvchining o‘quvchilari va xalq ichida nufuzini yana qay tariqa oshirish mumkin?
«Quruq qoshiq og‘iz yirtar», deganlaridek, ularga atalgan birgina kunni umumxalq bayrami sifatida belgilab qo‘yish bilan cheklanmaslik kerak. Chunki shu bayramda ham o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilariga bayram uchun pul yig‘ishga majbur bo‘lib, bor obro‘sining yanada pasayishiga sabab bo‘lmayaptimi?
Mening taklifim: 5 yilgacha bo‘lgan ish stajiga ega yosh o‘qituvchilar uchun «Yosh o‘qituvchi», 5 yildan 10 yilgacha ishlaganlar uchun «III toifali o‘qituvchi», 10 yildan 15 yilgacha ishlaganlar uchun «II toifali o‘qituvchi», 15 yildan 20 yilgacha ishlaganlar uchun «I toifali o‘qituvchi» unvonlari va nishonlari joriy etilib, ana undan keyin «Xalq ta'limi a'lochisi», «Xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi», «Xalq o‘qituvchisi» unvonlari berilsa, o‘qituvchilar mana shu nishonlarni doimo taqib yurishsa. Albatta,bu holatda qandaydir tanlovlarda ishtirok etib, munosib o‘rin olganlarga toifa va mukofotlar ertaroq ham berilishi nazarda tutilishi lozim.
Darvoqe, tanlovlar haqida. Bilishimcha, har yili 15 ta fandan «Yil o‘qituvchisi» respublika tanlovi o‘tkaziladi. Menga ma'lum qilishlaricha, bu tanlovning mukofoti bor-yo‘g‘i 1,5 million so‘m atrofida ekan. Endi o‘zingiz o‘ylang: Nukusda o‘tayotgan matematika bo‘yicha «Yil o‘qituvchisi» tanloviga Andijondan borayotgan o‘qituvchi yo‘lkira, ovqatlanish, mehmonxona xarajatlariga o‘z cho‘ntagidan qancha pul sarflaydi?
Boz ustiga, to‘rt qator she'rni yodlagan o‘quvchilarga-yu, sportchilarga, Qur'on hofizlariga mukofot uchun avtomobil berilayotgan bir paytda! Shumi o‘qituvchiga e'tibor?! Ushbu sharafli kasbga e'tiborsizlik, loqaydlik xalq ta'limi vazirligi kabi eng yuqori doiralardan boshlanmayaptimi? Axir «Yil hamshirasi» ga ham mashina beriladi-ku?!
«Yil o‘qituvchisi» respublika tanlovi g‘oliblariga har yili avtomobil berilishi shart! Chunki olayotgan maoshi bilan o‘qituvchi hech qachon avtomobil xarid qila olmaydi. Bu esa o‘qituvchilarni yanada ijodkor, yanada tirishqoq bo‘lishga undaydi. Qolaversa, o‘quvchilar va xalq o‘rtasidagi nufuzining yuksalishiga xizmat qiladi.
Yana bir taklif: O‘zbekistonda ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasidan tashqari, davlatdan mustaqil ravishda faoliyat yurituvchi «O‘qituvchilar assotsiatsiyasi» tuzilishi kerakka o‘xshayapti. Ushbu assotsiatsiya jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadi. O‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi, ortiqcha qog‘ozbozliklardan xalos bo‘lishi uchun kurashadigan, vazirlik ishtirokisiz yangi pedagogik uslublar, yo‘nalishlar haqida fikr almashiladigan bir erkin va ijodiy muhit bo‘ladi.
Xullas, haqsizliklarga o‘zi bosh bo‘lgan Xalq ta'limi vazirligi endi yana o‘zi bosh bo‘lib bu sohada katta islohotlarni boshlab berishi kerak bo‘lmoqda. Agar hozirgi mutasaddilar orziqib kutilayotgan islohotlarni boshlashni istashmasa, ishni zamonaviy fikrlay oladigan o‘qituvchilarni himoyalay oluvchi, islohotlarni boshlashga cho‘chimaydigan yoshlarni vazirlikka keltirish lozim.
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist
P.S. «Majburiy mehnat» deganda dalada paxta terish va ko‘cha supurishnigina tushunadigan ayrim «qoloq» rahbarlar bilib qo‘yishsinki, o‘qituvchilarga metallolom va makulatura yig‘dirish, ommaviy tadbirlarda «fon» bo‘lib turish, uyma-uy yurib kommunal to‘lovlarni to‘plash-u (aslida, MIBning ishi bu) yana allambalolarni qayd etishga jalb qilish, obunaga va maktabning ta'miriga pul yig‘ishga majburlash ham o‘qituvchilarning asosiy vazifasi doirasiga kirmaydigan ishlarga MAJBURLASh hisoblanadi. Ogohlantirib qo‘yaylik, biz sizdaylarni sinchkovlik bilan kuzatmoqdamiz.
Mavzuga oid
15:27 / 19.07.2023
O‘qituvchilar malakasini oshiruvchi institutda milliardlab pullar “yeb ketilgani” aytilmoqda
17:57 / 09.12.2022
O‘qituvchilari qorovulxonada o‘tiradigan maktab: Farg‘onadagi abgor ta’lim maskanidan reportaj
11:05 / 07.12.2022
“Xalq ta’limida bugungi qilinayotgan ishlarning natijasini 5-10 yildan keyin ko‘ramiz” - Baxtiyor Saidov
10:13 / 07.12.2022