21:47 / 24.02.2021
5268
Talabalar oilasining betob a'zosini parvarishlash uchun ham akademik ta'til olishi mumkin bo‘ladi

Bundan tashqari, akademik ta'til beriladigan talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra akademik ta'til muddatida o‘qishini sirtqi va masofaviy shaklda davom ettirib turishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari talabalariga akademik ta'til berish to‘g‘risidagi nizom loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, talabalarga akademik ta'til quyidagi hollarda berilishi mumkin:

  • harbiy xizmatni o‘tash uchun;
  • salomatligini tiklash uchun;
  • homiladorlik va tug‘ish uchun;
  • bolalarni parvarish qilish uchun;
  • oilasining betob a'zosini (otasi, onasi, akasi, ukasi, opasi, singlisi, turmush o‘rtog‘i) parvarish qilish uchun.

Taklif etilishicha. akademik ta'til o‘quv yilining har qanday qismida, quyidagi muddatlarga beriladi:

  • harbiy xizmatni o‘tash uchun – qonun hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;
  • salomatligini tiklash uchun – 12 oy muddatga;
  • homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun – qonun hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta'tillari muddatiga;
  • oilasining betob a'zosini parvarish qilish uchun – talabaning arizasiga muvofiq oliy ta'lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan belgilangan (kamida 1 semestr) muddatga.

Akademik ta'til beriladigan talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra akademik ta'til muddatiga ta'limning sirtqi va masofaviy shakliga o‘tkaziladi (agar OTMda muayyan ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha bunday ta'limning shakllari mavjud bo‘lsa). Mazkur tartib harbiy xizmatni o‘tash uchun akademik ta'til berish holatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Talabaga akademik ta'til berilishi uni OTMdan chetlashtirish deb hisoblanmaydi.

Akademik ta'til davrida stipendiyalar to‘lanmaydi.

Talabaning akademik ta'til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Nizom loyihasi muhokamasida 5 martga qadar qatnashish mumkin.

Top