11:57 / 05.11.2019
0
7367
Imkoniyati cheklangan bolalarda maktablarga to‘lov muammosi – Ularga imkon va imtiyoz beriladimi?

Toshkent shahridagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bir-biridan iqtidorli bolalar o‘qiydi. Ularning ko‘pchiligi musiqa ta'limi olishga qiziqadi.

Shuning uchun o‘quvchilar maktabda filial sifatida faoliyat yuritayotgan 17-sonli musiqa va san'at maktabida ham tahsil olmoqda.

Bolalar ko‘rish qobiliyatlarida muammo bo‘lishiga qaramasdan ko‘p orzu qilishadi, yaxshi o‘qishga intilishadi, hozirdanoq kelajakda kim bo‘lmoqchi ekanliklarini ham rejalashtirib bo‘lishgan.

Masalan, Elnur Ahmedov pianinochi bo‘lishni, bolalarga turli kuylar o‘rgatishni xohlaydi.

Samira Tolipova hayotini allaqachon musiqa bilan bog‘lab bo‘lganini, katta sahnalarda qo‘shiqlar kuylash eng katta maqsadi ekanini bildirdi.

Gulshan Olimjonova esa aktrisa bo‘lishni maqsad qilgan.

Bolalar maktabdagi o‘qishlaridan bo‘sh vaqtlarining asosiy qismini musiqa bilan shug‘ullanishga bag‘ishlashgan.

«Ularning boshqa ovunadigan narsalari ham yo‘q. Shuning uchun bolalarimiz musiqa bilan dunyoni tanishadi. Chunki o‘quv jarayonida ham Brayl yozuvidagi darsliklar yetarli emas. Aksariyat kitoblarimiz 10 yil, balki undan ham oldinroq chop etilgan. Bolalar ayrim kitoblarning faqat audio variantini eshitishmoqda, xolos. Natijada ba'zi so‘zlarni yozishda ham qiynalishadi. Shuning uchun musiqa va san'at bilan shug‘ullanish ularga juda kerak», - deydi maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Ozoda Zuparova.

Muammo shundaki, musiqa va san'at maktablarida o‘qiyotgan bolalarning aksariyatida to‘lov bilan bog‘liq muammolar bor.

Amaldagi tartibga ko‘ra, bolalar ta'lim olishi uchun Toshkent shahridagi musiqa va san'at maktablariga har oyda 152 ming atrofida pul to‘lanadi.

Bu Moliya vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan «Ota-onalar tomonidan bolalarning musiqa va san'at maktablarida o‘qishi uchun haq to‘lash va undan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizom bilan tartibga solinadi.

Unda qator talablar asosida ayrim bolalarning bepul va chegirma asosida ta'lim olishiga imkon berilgan bo‘lsa-da, bu ro‘yxatga imkoniyati cheklangan bolalar kiritilmagan.

Dilbar Zuparovaning aytishicha, bolalarning aksariyatining ota-onalari ham imkoniyati cheklangan shaxslar. Bu ularning boshqalar qatori ishlashi va bolasining san'at maktabida o‘qishiga pul to‘lashi imkonini chegaralaydi.

17-sonli musiqa va san'at maktabi o‘qituvchisi Bahodir Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, ota-onalar va o‘qituvchilar bir necha yillardan beri qator tashkilotlarga murojaat qilishgan.

«O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi, Ombudsman, Moliya vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligiga ham murojaat qildik. Ularning ko‘pchiligi masalani ko‘rib chiqyapmiz degan javobni berishadi. Respublika bo‘yicha imkoniyati cheklangan musiqa maktabida o‘qiyotgan bolalar soni unchalik ko‘p emas, aslida. Ularga bepul ta'lim olish imkonini berish bilan katta narsa yo‘qotmaymiz.

Bu bolalar ham kelajakda bitta kasbni tanlab o‘z kelajagini qurishga haqli. Necha yildan buyon ko‘rib chiqyapmiz, degan javobni berayotgan mas'ullardan ko‘zlarini yumib bir necha qadam bosib ko‘rishlarini iltimos qilardim. Shunda ular balki tezroq harakat qilishgan, e'tiborliroq bo‘lishgan bo‘lardi», - deydi Bahodir Qurbonov.

Ayni paytda maktab bolalari orasida xalqaro va respublika tanlovlari, festivallar ishtirokchilari ham bor.

Masalan, Oydinoy Yo‘ldosheva va Samira Tolipova joriy yil Moskva shahrida o‘tkazilgan «Belaya trost» xalqaro festivalida qo‘shiq kuylashgan.

Gulshan Olimjonova esa respublika tanlovlarida g‘olib bo‘lgan.

«Ba'zi boshqa o‘quvchilarimiz ham musiqa va san'at maktabida o‘qishni juda xohlashadi. Lekin iqtidorli bo‘lishlariga qaramay ba'zilarining maktabga qatnashga imkoni yo‘q. Bunday bolalarimizning qolib ketayotgani esa bizni xavotirga solmoqda», - deydi 77-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat matematika-informatika fani o‘qituvchisi Oqmurod Otamurodov.

Maktab direktori Rustam Safarov ham bu borada tegishli tashkilotlarga takliflar berilganini ma'lum qilib, hozircha natija kutilayotgani haqida aytib o‘tdi.

Maktab va o‘quvchilar ahvolini o‘rganib, iyun oyida Vazirlar Mahkamasiga tegishli xat yo‘llagan va hukumat orqali qator vazirliklardan olingan javobdan qoniqmagan «Milliy tiklanish» partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muxamedjanova bolalar taqdiriga jiddiyroq yondashishga chaqirmoqda.

«Nizomga o‘zgartirish kiritish orqali respublika bo‘yicha ko‘zi ojizlar maktablarida o‘qiyotgan bolalarga yaxshi bo‘lishiga erishgan bo‘lardik. Qachongacha borib ahvolni ko‘rib ko‘nglimiz bo‘shab qaytishimiz kerak. Kimdir bu masala bilan jiddiy shug‘ullanishi kerak. Balki mana shu bolalarimiz orasidan katta-katta operachilar, musiqachilar chiqar. 

Bu mavzu bo‘yicha hukumatga parlament so‘rovi yuborishni rejalashtirganmiz», deydi Feruza Muxamedjonova.

Davlat rahbarining 2017 yil «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, musiqa va san'at maktablari Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilgani bois, mavzu bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha izoh olish maqsadida Madaniyat vazirligi bilan ham bog‘landik.

Madaniyat vazirligi Ta'lim muassasalari va tarmoqlarni metodik ta'minlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Muhabbat Muxitdinovaning ta'kidlashicha, imkoniyati cheklangan bolalarni to‘lov pulidan ozod qilish bo‘yicha normativ hujjat loyihasi Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi hamkorligida ishlab chiqilmoqda.

«Bu masala bir necha yillardan beri muhokama etilmoqda. Respublika bo‘yicha taxminan 350 nafar imkoniyati cheklangan bolalar o‘qiydi. Agar loyiha yanvar oyida tasdiqlansa, nafaqat ko‘zi ojiz bolalar, balki boshqa jihatdan imkoniyati cheklangan bolalarga ham 100 foiz imtiyoz beriladi. Chunki tibbiyot xodimlari ham imkoniyati cheklangan bolalar uchun musiqa bilan shug‘ullanish muhim ekani haqida ta'kidlashadi», - deydi Muhabbat Muxitdinova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda imkoniyati cheklangan bolalarning musiqa va san'at sohasida yaxshi ta'lim olishi uchun zarur metodikalar va Brayl yozuvidagi qo‘llanmalarda ham kamchiliklar bor.

Bu borada ham vazirlik oldida katta vazifalar turibdi.

Balki ta'lim berishda metodika va boshqa jihatlar bilan bog‘liq muammolar ko‘pdir, lekin bu bolalar musiqa bilan shug‘ullanishni, kelajakda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishni xohlashadi. Ularga imkon bermaslikka, sharoit yaratmaslikka esa haqqimiz yo‘q. Chunki mana shu bolalar ertaga O‘zbekiston kelajagini yaratuvchilar safida bo‘ladi.

Biz yanvarni - Madaniyat vazirligi aytgan muddat kelishini va san'atga iqtidori bor imkoniyati cheklangan bolalarning musiqa ta'limi olishda qiynalmasliklarini chin dildan kutamiz.

Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.

Zilola G‘aybullayeva
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top