17:59 / 30.10.2020
9679

Abdulla Aripov: «Ko‘p qavatli uyda yashash madaniyatini o‘rgatishimiz kerak»

Bosh vazir Abdulla Aripov Sirdaryoga tashrifi davomidagi yig‘ilishda toshqin jabrlanuvchilari uchun qurib bitkazilgan uylar bepul berilishini ta'kidlab, yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tadigan odamlarga ko‘p qavatli uydan foydalanish madaniyatini ham o‘rgatish zarurligi haqida gapirdi.

«Sardoba» suv omborining texnogen o‘pirilishi oqibatida talafot yetgan uylarni ta'mirlash, yangi ko‘p qavatli uylarni barpo qilish va uylaridan ajralganlarga berish ishlarining barchasi beg‘araz amalga oshirilmoqda. Bosh vazir Abdulla Aripov Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlari faollari, parlament va hukumat a'zolari, OAV vakillari ishtirokidagi tadbirda shu haqda ta'kidlab o‘tdi.

«Bu qilinayotgan barcha ishlar prezident topshirig‘iga ko‘ra, beg‘araz bajarilmoqda. Nega buni aytyapman? Chunki ijtimoiy tarmoqlarda, internetda har xil gap-so‘zlar chiqdi. Uylar kreditga berilayotgan ekan, kabi. talafot ko‘rganlarga uy qurib berish yoki ularning uylarini ta'mirlash ishlarining barchasi beg‘araz bajarilmoqda», – dedi bosh vazir.

U, shuningdek, yangi ko‘p qavatli xonadonlar o‘z egalariga topshirilishi, bu jarayonning shaffof va adolatli o‘tishi uchun mahalliy kengashlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari jalb etilgani to‘g‘ri ekanini ta'kidladi.

«Uylarni tarqatishda biz eng bezovta bo‘layotgan masala – uylarning barchasi o‘z egasiga tegishidir», – dedi hukumat rahbari.

Aripov aholini ko‘p qavatli uylarga ko‘chirishda, ko‘p qavatli xonadonlardan foydalanish qoidalarini aholiga o‘rgatishga e'tibor qaratish lozimligini uqtirdi.

«Yana bir narsa bor. Gaz plitadan to‘g‘ri foydalansa, juda qulay narsa. Ammo qonun-qoidasiga rioya qilinmasa, juda xavfli uy jihoziga aylanadi. Juda xavfli.

Ikkinchisi, buni tajribadan kelib chiqib aytyapman, kanalizatsiya tarmog‘idan to‘g‘ri foydalanishni bilmaslik masalasi. Hojatxonaga turli narsalarni tashlash oqibatida Sergelida ko‘rdik nimalar bo‘lganini. Shuning uchun ko‘p qavatli uyda yashash madaniyatini ham o‘rgatishimiz kerak», – deya ta'kidladi Abdulla Aripov.

Top