17:50 / 25.10.2020
37329

Dunyodagi vaziyat: Covid-19 izlarini kanalizatsiyadan izlashmoqda, epidemiya yozgacha tugamaydi

Dunyoda koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilganlar soni 43 millionga yaqinlashdi. So‘nggi bir kunda dunyoda yana 465,3 ming kishi koronavirusga chalindi va bu butun pandemiya davrida bir kecha-kunduzda Covid-19 bilan kasallanish holatlari soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bundan avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 23 oktyabrda qayd etilgan, o‘shanda bir kunda 423,8 ming kishida koronavirus aniqlangandi.

Foto: Reuters

Jons Hopkins ma'lumotlariga ko‘ra, jahon reytingida AQSh, Hindiston va Braziliyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda Rossiya joylashgan. Uzoq vaqt davomida Ispaniya egallab turgan beshinchi o‘ringa esa Fransiya chiqib oldi, oltinchi o‘ringa Argentina chiqqan, Ispaniya yettinchi o‘rinda. Sakkizinchi o‘rindagi Kolumbiyada ham kasallanish holatlari soni milliondan oshgan.

Shu kunlarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shimoliy yarimsharda joylashgan mamlakatlar «kritik bosqich»da turgani haqida ogohlantirdi.

«Biz Covid-19 kasalligi pandemiyasining juda muhim chorrahasida turibmiz, ayniqsa, shimoliy yarimsharda. Keyingi bir necha oy juda og‘ir bo‘ladi, ba'zi mamlakatlar xavfli trayektoriyada turibdi», deya ogohlantirgan JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus. 

JSST rahbari ko‘plab davlatlarda kasallanish holatlari keskin oshishi kuzatilgani, bu esa yaqin vaqt ichida sog‘liqni saqlash tizimidagi resurslarning tugab qolish xavfini yuzaga keltirishini aytib, dunyo mamlakatlari rahbarlarini shoshilinch choralar ko‘rishga va o‘lim darajasi, kasallanish tezligi oshishining oldini olishga chaqirgan.

AQSh: ikkinchi to‘lqin va prezidentlik saylovlari
AQShda hukumat ikkinchi to‘lqinni tiyib turish uchun ko‘rayotgan choralarga qaramasdan kunlik kasallanish holatlari rekord darajaga yetmoqda.

BOSTON GLOBE/GETTY IMAGES

Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha federal organlar ma'lumotlariga ko‘ra, juma kuni mamlakatda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 83010 ta yangi holat qayd etildi, shanba kuni ham bu ko‘rsatkich 80 mingga yaqin bo‘ldi.

AQShning bosh jarrohi Jyerom Adams shifoxonaga yotqizilayotganlar soni ham keskin o‘sib borayotgani, shu bilan birga, shifokorlarning sa'y-harakatlari evaziga o‘lim darajasi pasayishda davom etayotganini qayd etib o‘tgan.

Covid Tracking Project ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda pandemiya boshidan buyon 8,5 milliondan ortiq holat qayd etilgan. Juma kuni kunlik kasallanish holatlari 6 mingga o‘sgan, bundan avvalgi rekord 17 iyul kuni kuzatilgandi - 76,8 ming holat.

So‘nggi bir haftada AQShda qariyb yarim million kishi kasallikka chalindi – bu ham iyul oyi oxiridan buyon qayd etilgan yangi rekord ko‘rsatkichdir.

Koronavirusdan zararlanish oqibatida vafot etganlar soni ham so‘nggi yetti kunda doimiy ravishda o‘sgan, ammo bu hali apreldagi ko‘rsatkichdan kam – aprelda kuniga 2 ming kishi o‘limi qayd etilgandi.

Shifoxonalarga og‘ir ahvolda keltirilayotganlar soni ham o‘smoqda. Juma kuni holatiga ko‘ra, shifoxonalarda davolanayotganlar soni 40 mingdan oshiqni tashkil etgan.

AQShning O‘rta G‘arbi pandemiyadan eng ko‘p jabrlangan hudud bo‘lib qolmoqda, Covid-19’dan zararlanish holatlari soni, ayniqsa, Shimoliy Dakota, Montana va Viskonsinda ko‘p.

AQSh prezidentligi uchun saylovlarda muhim shtatlardan biri bo‘lmish Ohayoda qatorasiga uch kun davomida kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha rekord qayd etilgan.

Boshqa shtatlarda, xususan, Illinoys va Indianada ham rekordga yaqin kunlik o‘sish holatlari kuzatilgan.

Koronavirus AQShda prezidentlik kampaniyasiga qanday ta'sir qilmoqda?
AQShda koronavirus avj olishi prezidentlik kampaniyasi davrida asosiy mavzulardan bo‘ldi.

Prezident Donald Tramp uning raqibi Jo Bayden payshanba kungi debatlarda ham bu masalani muhokama qildi, ikki nomzod pandemiyaning keyingi davri bo‘yicha bir-biridan keskin farq qiluvchi qarashlarini ifodalashdi.

Juma kuni Floridadagi miting vaqtida prezident Tramp o‘z tarafdorlariga pandemiya tez orada tugashini va'da qildi va Baydenni odamlarni qo‘rqitib, ko‘proq ovozga ega bo‘lish maqsadida inqirozli holatni bo‘rttirishda aybladi. 

O‘z navbatida, Delaverda chiqish qilgan Bayden prezident virusni jilovlab turishni istamayotganini qayd etib o‘tgan.

Sobiq vitse-prezident agar saylovda g‘alaba qozonsa, shtatlar gubernatorlaridan tibbiy niqobni majburiy qilishni, koronavirusni aniqlash bo‘yicha milliy test rejasini joriy etishni va maxsus himoya vositalarini ko‘proq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni so‘rashini va'da qilgan.

Shuningdek, Bayden har bir amerikalik uchun tekin vaksina va'da qilgan. Shunga o‘xshash reja sentabr oyida Oq uy tashabbuslari doirasida federal hukumat tomonidan ham e'lon qilingandi.

Polsha prezidenti Covid-19’ga chalindi

Polsha prezidenti Anjyey Duda koronavirusga chalindi. Matbuot kotibi mamlakat rahbari o‘zini yaxshi his qilayotganini aytgan. 

48 yoshli Duda juma kuni test topshirgan, shu kuni mamlakatda yangi kasallikka chalinganlarning kunlik soni bo‘yicha navbatdagi rekord qayd etilgandi - 13600 yangi holat.

Duda - Covid-19ga chalingan ilk davlat rahbari emas: bunga qadar AQSh prezidenti Donald Tramp, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru, Boliviya prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Janin Anes va Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham ushbu kasallikni boshdan kechirgandi.

Polshada umummilliy karantin joriy etilgan, unga ko‘ra, maktablar va restoranlar yopilgan.

Duda koronavirusni qayerda yuqtirib olgani ma'lum emas, ammo u dushanba kuni Tallinda bo‘lib, Bolgariya prezidenti Rumen Radev bilan uchrashgandi, u hozirda o‘zini ihotalagan.

Britaniyada virus kanalizatsiyadan izlanmoqda

Angliya, Uels va Shotlandiyada 90 ta oqova suv tozalash inshootlarida kanalizatsiya suvlari tarkibida koronavirus borligini tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan maqsad koronavirus keng avj olishini oldindan aniqlash hisoblanadi.

Avvalroq olimlar virusning genetik moddasi parchalarini odam axlatidan ham topish mumkinligini aytishgandi.

Plimutda o‘tkazilgan muvaffaqiyatli sinov ushbu hududdagi infeksiya klasterini aniqladi, Shotlandiyadagi olimlar ham tadqiq etilgan hududlarda oqova suvda virus izlarini topishdi.

Natijalar Covid-19’dan zararlanish holatlari qayd etilgan hududlarga to‘la mos kelgan.

Ma'lum bir hududda aholining aksar qismi kasallikni alomatlarsiz o‘tkazsada, virus parchalarini aniqlash mumkinligi muhimdir.

«Biz so‘nggi 10 yil mobaynida oqova suvda norovirus va gepatit kabi viruslarni kuzatib kelganmiz. Biz shu yil martida Covid-19 ni ham ro‘yxatga qo‘shgandik», degan ushbu tadqiqotda ishtirok etayotgan professor Deyvi Jons.

Neapoldagi tartibsizliklar

Ivan Romano/Getty Images

Neapolda qat'iy karantin choralariga qarshi bo‘lganlar namoyishlarga chiqishdi. Aksiya politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Ayrim namoyishchilar politsiyachilarga qarata tutunli granatalar va petardalar uloqtirishgan, bunga javoban politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan.

Namoyishchilar Kampaniya viloyatida kasallik avj olishi tufayli juma kuni kechqurun kuchga kirgan komendantlik soatini buzishgan.

Mintaqa rahbari Vinchenso de Luka avvalroq umummilliy karantin joriy etishga chaqirgandi.

Fransiya: koronavirus yozgacha qoladi, ikkinchi to‘lqin birinchisidan yomonroq bo‘lishi mumkin

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron shifoxonaga tashrifi vaqtida olimlarning so‘zlariga asoslangan holda, virus hech qayerga yo‘qolmasligi va eng ijobiy ssenariyga ko‘ra keyingi yil yozigacha saqlanib qolishini ma'lum qildi.

U hozircha Fransiyada to‘liq yoki qisman lokdaun joriy etish to‘g‘risida gapirishga ertaligini ham qo‘shimcha qilib o‘tgan.

Bu haftada mamlakatning 38 ta hududida komendantlik soati joriy qilingan – bu choralar mamlakat aholisining 46 millionga yaqiniga ta'sir ko‘rsatgandi.

Kechqurungi soat 21:00dan ertalabki soat 6:00ga qadar amal qiluvchi komendantlik soati vaqtida odamlar uyida qolishi, faqat ishga borish yoki ishdan qaytishda yoki tibbiy yordam uchun boruvchilarga harakatlanishga ruxsat beriladi. Aks holda, 135 yevrolik jarima qo‘llanadi.

Makronning aytishicha, komendantlik soati kunlik kasallanish holatlari soni 3-5 mingtagacha tushganida yumshatilishi mumkin. Mamlakatda so‘nggi marta bunday past ko‘rsatkichlar avgust oyi oxirida qayd etilgandi.

Bu vaqtda Parijdagi shifoxonalar guruhi rahbari ikkinchi to‘lqin birinchisidan ko‘ra yomonroq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

«So‘nggi oylarda ikkinchi to‘lqin yo‘qligi yoki bundan keyin katta to‘lqin bo‘lmasligi haqida fikrlar shakllandi. Lekin asl vaziyat buning teskarisi», degan Martin Hirsh.

Rossiyadagi vaziyat

Foto: Reuters

Rossiyada so‘nggi kunlarda kunlik o‘sish 16 mingdan past bo‘lmayapti.  Juma kuni 17,3 ming, shanba kuni 16,5 ming, yakshanba kuni 16,7 ming yangi kasallanish holati qayd etildi. So‘nggi bir kunda 229 kishi vafot etdi (bir kun oldin 296 kishi).

Shu vaqtgacha kasallik aniqlanganlar soni 1,5 milliondan oshgan. Shu vaqtgacha 1,1 million bemor tuzalib, 26 mingdan ortiq kishi koronavirus qurboni bo‘lgan.

Moskvada so‘nggi bir kunda yana 4455 kishida koronavirus aniqlangan. «1339 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Moskvadagi shifoxonalarda 300dan ortiq kishi reanimatsiya bo‘limlarida qolmoqda», deyilgan operativ shtab ma'lumotida.

Shu kunlarda Moskva meri Sergey Sobyanin koronavirus epidemiyasi sekinlashayotgani va ko‘tarilish kutilmayotgani haqida gapirgandi.

Boshqa davlatlardagi vaziyat
Ispaniya shu hafta boshida Yevropada milliondan ortiq holat qayd etilgan ilk Yevropa davlati bo‘lgandi. Ammo juma kuni mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches pandemiya davrida qayd etilgan haqiqiy kasallanish holatlari soni uch milliondan oshishi haqida gapirdi.

Sanches ispanlarni «qatiyatli bo‘lishga, ijtimoiy masofa saqlashga va karantin qoidalariga amal qilishda yakdillikka» chaqirdi, ammo koronavirusga qarshi kurash doirasida qandaydir yangi choralar haqida e'lon qilmadi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi Sanchesdan komendantlik soati joriy etishni talab qilgandi, ammo hududiy ma'murlar iqtisodiyotga keltirishi mumkin bo‘lgan zarari tufayli bunday cheklov choralari joriy etishga rozilik bildirishmayapti.

Madridda ikki haftalik cheklov choralari muddati ham yakunlandi – mahalliy rasmiylar bunga qarshi bo‘lishgandi. Bu davrda shaharda yopiq muassasalarda kechki payt yig‘ilish taqiqlangandi. Barlarga tashrif buyuruvchilar soni 50 foizga cheklangandi.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish respublika sog‘liqni saqlash vaziri Roman Primulidan iste'foga chiqishni so‘radi – avvalroq jurnalistlar uni karantin davrida yopiq turishi kerak bo‘lgan restorandan niqobsiz chiqayotganida payqab qolishgandi.

Niderlandlar bemorlarni yana Germaniyaga yubora boshlashdi, bu davlat intensiv terapiya bo‘yicha muvaffaqiyatli natijalarga erishgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top