Xususiy klinikalar O‘zbekistonda tibbiyot turizmi rivojlanishiga turtki bo‘ladi
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 12 iyun kuni Toshkentdagi qator obektlarni borib ko‘rdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi va Matematika institutining yangi binolari, olimlar uchun qurilgan uylar bilan tanishdi. Shuningdek, Olmazor tumanidagi «NANO Medical Clinic» ko‘p tarmoqli shifoxonasiga ham tashrif buyurdi.
Zamonaviy tibbiyotning eng so‘nggi yangiliklarini o‘zida jamlagan bu klinika nomi bejizga qo‘yilmagan va faoliyatining asosida nanotexnologiyalar, nuklear tibbiyot yotadi.
Ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan bu tibbiy markaz O‘zbekistonda tibbiy turizm rivojiga ham hissa qo‘shish salohiyatiga ega. Chunki bu maskanda qo‘llanilayotgan uslublar qo‘shni davlatlarning aksariyatida hali joriy etilmagan, rivojlangan davlatlarda esa ancha qimmat hisoblanadi.
Tibbiy markazda radionuklid tekshiruviga asoslangan yadro tibbiyoti va intervension radiologiya joriy qilingan. Bu turli endokrin va onkologik kasalliklarni aniqlash va davolashda katta samara beradi. Ushbu yo‘nalishlar Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) nazoratida tashkil etilgan.
Bundan tashqari, Germaniya, Turkiya, Rossiyadagi yetakchi tibbiy markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Klinikada, shuningdek, suyak to‘qimasining mineral zichligini aniqlashning diagnostik usuli ham muvaffaqiyatli qo‘llanmoqda.
Davlat rahbari tashrifi bo‘yicha klinika bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi, nuklear tibbiyot mutaxassisi Yahyoxo‘ja Nosirxo‘jayev bilan suhbatlashdik.
«Prezidentimizga klinikamizning qurilish uslubi, har bir qadam maydondan unumli foydalanilgani yoqdi. Shu joyning o‘zida mutasaddilarga bu tajribani boshqa qurilishlarda ham qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdilar. Bundan albatta juda xursand bo‘ldik», – deydi shifokor.
– Tibbiy markazdagi texnologiyalar zamonaviy ekani namoyish etildi. Ularda ishlovchi mutaxassislar masalasi qanday?
– Xodimlarimiz asosan yosh, izlanuvchan shifokorlar. Hozir pandemiya tufayli bu tajribamiz to‘xtab turgan bo‘lsa-da, ularni muntazam xorijga – rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga jo‘natib turishni joriy qilganmiz. Men o‘zim ham soham bo‘yicha har yili kamida bir marta Avstriyada va boshqa davlatlarda malaka oshirib qaytaman. Zamonaviy tibbiyot shundayki, ozgina bo‘shashsangiz, ortda qola boshlaysiz. Xodimlarimiz buni yaxshi tushunadilar.
Qolaversa, qator xorijiy klinikalar bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz va ularning shifokorlari bizga muntazam kelib turadilar.
– Markazda gemodializ bo‘limi ham bor ekan. Bu bo‘lim ayni muolajaga bo‘lgan katta talabni qondirishda qay darajada xizmat qiladi?
– Davlat rahbari bu bo‘limga alohida e'tibor berdilar, sababi u kishi gemodializga ehtiyoji bor bemorlar soni ko‘pligini yaxshi biladi.
«Bemorlarning ma'lum bir qismi bu yerga kelishi davlat shifoxonalaridagi navbatlarni kamaytiradi. Bo‘lim faoliyatini kengaytiringlar», – deya topshiriq berib ketdilar. Chindan ham klinikamiz faoliyati boshlanganidan buyon dializ bo‘limi uzluksiz ishlamoqda, chunki ehtiyoj nihoyatda katta.
– Narxlar-chi, bu muolaja qimmat emasmi?
– O‘zi aslida bu dunyo bo‘yicha ham qimmat muolajalardan biri hisoblanadi. Gemodializ apparati ishlab chiqaruvchi kompaniyalar sanoqli va hisob-kitoblarga ko‘ra, agar bitta seans uchun 200 AQSh dollari haq to‘lansa, bu ishdan foyda olish mumkin. Ammo biz ijtimoiy hisob-kitob qilib, 800 ming so‘m narx belgilaganmiz.
Qolaversa, xorijiy hamkorlarimiz bilan ham shunday kelishganmiz – bu muolajaga talab oshaversa, biz bemorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini pasaytirmay, apparatlar sonini oshirib boramiz.
Tibbiy markazimiz faoliyati faqat biznes sifatida qaralmasligiga yana bir misol – biz operatsion blokimiz ustiga tomosha zali qurmoqdamiz va unda talabalar operatsiya jarayonini eng mayda jihatlarigacha ekranlarda aniq ko‘rib turishadi. Tibbiyot institutlari bilan memorandumlar imzolaganmiz va bu amaliyotni yo‘lga qo‘yamiz.
– Nuklear tibbiyot o‘ziga yarasha murakkab soha. Klinika binosi bu soha uchun moslashtirilganmi?
– Albatta. Bu yo‘nalishda muolajalar qilish bilan birga radiatsion xavfsizlik masalasi ham nihoyatda muhim. Bu borada alohida himoyalangan, o‘ziga xos jihozlangan xonalarimiz bor, bemor muolajalardan keyin ma'lum muddat o‘shalarda bo‘ladi.
Bundan tashqari, biz suyaklar kasalliklari diagnostikasida qo‘llayotgan UZI densitometriya uslubi xavfsiz bo‘lib, uni hatto homilador ayollarda ham qo‘llash mumkin.
- Prezident bu klinika qurilishi loyihasiga alohida e'tibor qaratdi. Har bir metr yerdan oqilona foydalanib, hamma jihatlar hisobga olingani, boshqa obektlarni loyihalashtirishda buni o‘rganish kerakligini ta'kidladi.
- Hududlarda zamonaviy klinikalar tashkil etib, tibbiy xizmatlar bo‘yicha raqobatni, pirovardida sifatni ta'minlash, aholi salomatligini mustahkamlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
- O‘zbekistonda xususiy klinikalar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan ixtisosliklar 50tadan 129taga ko‘paytirildi. Ularga 2022 yil 1 yanvargacha soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilgan.
- 2017 yilda xususiy tibbiyot muassasalari 3 454tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil 1 iyun holatiga ko‘ra, 5 612taga yetgan. 11 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Mavzuga oid
14:30 / 26.04.2023
Shavkat Mirziyoyev Italiya mudofaa vazirini qabul qildi
21:26 / 25.04.2023
Shavkat Mirziyoyev Chexiya hukumati delegatsiyasini qabul qildi
19:04 / 25.04.2023
Shavkat Mirziyoyev Rossiya sanoat va savdo vazirini qabul qildi
07:32 / 25.04.2023