20:33 / 23.12.2021
48844
O‘zMUda bahosi «million dollar» turishi aytilayotgan kitoblar yo‘qolgan. Rektorat izoh berishdan qochyapti

XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo‘lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» qo‘lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan «Xamsa» dostoni va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalari O‘zMU kutubxonasidan «sirli» tarzda g‘oyib bo‘lgan.

O‘zbekiston Milliy universiteti / Foto: Kun.uz

2018 yilda O‘zbekiston Milliy universitetida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Bir yil davom etgan ta’mirlash ishlari davomida nodir qo‘lyozmalar saqlanuvchi universitetning tarix muzeyidagi ashyolar tipografiya xonasiga ko‘chirib turilgan.

Lekin universitetning asosiy binosi va muzey xonalari ta’mirlab bo‘linganidan keyin ham muzeydagi ashyolar, xususan, nodir kitoblar va qo‘lyozmalar o‘z joyiga qaytarib qo‘yilmagan.

Kun.uz'ga murojaat qilgan vaziyatdan xabardor shaxslarning aytishicha, nodir kitoblar va qo‘lyozmalar saqlanayotgan muzey 3 yildan buyon qayta ochilmayotganiga sabab u yerdagi qimmatbaho va o‘ta nodir hisoblangan 100dan ortiq kitoblar sotib yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Nodir qo‘lyozmalar muzeyi haqida

Ushbu muzey 2006 yil 31 martda tashkil qilingan. 2018 yil Milliy universitet 100 yilligiga bag‘ishlab chop qilingan kitobda Nodir qo‘lyozmalar muzeyida 1465 nomdagi arab yozuvi o‘zbek, fors, turkiy, arab va tojik tillaridagi qo‘lyozma kitoblar, xat va hujjatlar saqlanishi aytilgan. Shuningdek, muzeyda mavjud bo‘lgan ko‘plab qo‘lyozma kitoblar haqida ma’lumot berilgan.

O‘zMU Nodir qo‘lyozmalar muzeyi, 2018 yilga qadar bo‘lgan holati
Foto: O‘zMU kutubxonasi
O‘zMU Nodir qo‘lyozmalar muzeyi, 2018 yilga qadar bo‘lgan holati
Foto: O‘zMU kutubxonasi

Ta’mirdan keyin ham tiklanmagan ushbu muzey faoliyati yuzasidan prezident portaliga va Oliy ta’lim vazirligiga murojaatlar yo‘llangan. Ushbu murojaatdan keyin Milliy universitet rektori Inomjon Majidovning buyrug‘i bilan joriy yil 15 noyabr kuni ishchi guruh tuzilib, nodir qo‘lyozmalar muzeyidagi ashyolar bir hafta ichida xatlovdan o‘tkazilishi belgilanadi. 

Buyruq va ishchi guruh ro‘yxati
Foto: Kun.uz

Ishchi guruh a’zolaridan birining aytishicha, muzeyga tegishli bo‘lgan nodir qo‘lyozmalar xatlovdan o‘tkazayotgan ishchi guruhga O‘zMU Axborot-resurs markazi direktori Irina Kislisina muzeyda ta’mirlashgacha bo‘lgan inventar – ashyolar ro‘yxatini bermagan.

«Ishchi guruh qayta xatlovdan o‘tkazganda avvalgi qo‘lyozmalar soni bilan farq sezilmay qolishi uchun muzeydagi inventarlar eski ro‘yxati berilmagan. Lekin 2018 yilda chop qilingan kitobda Nodir qo‘lyozmalar muzeyida 1465 ta kitob va boshqa qo‘lyozmalar ro‘yxati borligi aytilgan. Shu asosda ishchi guruh o‘rganganda 100dan ortiq o‘ta nodir va qimmatbaho qadimiy kitoblar chiqmagan. Men ishchi guruh rahbari bo‘lmaganim uchun aniq farq yozilgan hisobotni bilmayman.

2018 yil Milliy universitet 100 yilligiga bag‘ishlab chop qilingan kitob
Foto: Kun.uz

Lekin bularning ichida eng qadimiy va qimmatbaho hisoblangan quyidagi 3 ta asar taqdiri meni qattiq xavotirga solyapti.

- Abu Muhammad ibn Abu Bakr Sobuniyning 659/1261 yilda fors tilida yaratilgan «Kitobu-l-kifoya fil-hidoya» nomli qo‘lyozma asari;

- Sharafiddin Ali Yazdiy tomonidan bitilgan «Muqaddimai Zafarnoma» kitobining XV asrga oid dunyodagi ikkinchi nusxasi, qo‘lyozma;

- Alisher Navoiyning to‘liq «Xamsa» dostoni va «Lison ut-tayr» asarlari ko‘chirilgan va tilla suvi yuritilgan XIX asrning birinchi yarmiga tegishli qo‘lyozma (muallifi noma’lum).

Ular qandaydir usul bilan sotib yuborilgan yoki yo‘qotilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: O‘zMU kutubxonasi
Foto: O‘zMU kutubxonasi
Foto: O‘zMU kutubxonasi
2018 yilda chop qilingan kitobdagi qo‘lyozmalar haqida ma’lumot
Foto: Kun.uz

Ushbu qo‘lyozmalar 2018 yilga qadar muzeyda turgan. Ishchi guruh topolmaganidan keyin ushbu kitoblar haqida O‘zMU rektori va prorektorlari, universitet Axborot-resurs markazi direktori Irina Kislisinadan ham so‘radik. Lekin hech kim bu nodir qo‘lyozmalarni topib berolmayapti. Bu esa borgan sari shubhalarni oshirmoqda.

Bundan tashqari, bu kitoblar shu kungacha saqlash sharoitlarisiz qayerda turgani ham noma’lum», - deydi ishchi guruh a’zolaridan biri.

Kun.uz bilan muloqot qilgan, ismi sir qolishini istagan universitet yana bir xodimining bildirishicha, nodir qo‘lyozmalar yo‘qolishiga doir ishlardan barcha rahbar xodimlar xabardor. Ayni vaqtda O‘zMU rektori hisoblangan sobiq Oliy ta’lim vaziri Inomjon Majidov bu xabar keng jamoatchilikka yetib bormasligini xohlamoqda.

«Rektor vazirlikka qaytishi mumkin, u «men ketgach, ish ochib oxiriga yetkazaverasizlar», - degan. Chunki, nodir qo‘lyozmalarning yo‘qolishi sobiq rektor Avazjon Marahimov davriga borib taqaladi. Shuning uchun joriy yil sentyabrda nodir qo‘lyozmalar muzeyini tiklash bo‘yicha vazirlikdan kelgan topshiriqni bajarish ham paysalga solinmoqda», deydi universitet xodimi.

Vazirlik topshirig‘i

Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida universitetda bo‘ldi. Universitetning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, muzeydagi qo‘lyozmalarni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh raisi o‘rinbosari Botir Mallaboyev universitet rahbariyatiga nodir qo‘lyozmalarga doir murojaat kelib tushganini tasdiqladi. Lekin bu bo‘yicha faqat qo‘lyozmalarni tushuna oladigan mutaxassislar kelib izoh berishini aytdi. U yuqorida nomlari sanab o‘tilgan 3 ta qadimiy va noyob qo‘lyozmalar topilmayotgani haqidagi savollarni javobsiz qoldirdi.

Bu masalada Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatidan ham izoh so‘raldi. Vazirlik mas’ullar tomonidan vaziyat o‘rganilib, tez orada tegishli javob berilishini bildirdi.

Bundan tashqari, ushbu masalada O‘zMU Nodir qo‘lyozmalar muzeyidagi ashyolarni qayta xatlovdan o‘tkazish uchun tuzilgan ishchi guruh qanday xulosalar bergani, o‘zi umuman nodir qo‘lyozmalar muzeyidagi ashyolarning saqlanishi uchun kim javobgarligi ham mavhum bo‘lib qolmoqda.

2019 yilda kapital ta’mirdan so‘ng nodir qo‘lyozmalar muzeyining qayta ochilmagani esa shubhalarni karrasiga oshirmoqda.

Holat yuzasidan OAV va keng jamoatchilikka biror tayinli izoh beradigan mas’ullar topilmagani vaziyat jiddiy va xavotirli ekanini ko‘rsatadi.

Manbaning aytishicha, yo‘qolgan kitoblar yashirin yo‘llar bilan xorijga olib chiqib ketilgan bo‘lishi mumkin. Boisi bunday kitoblarning dunyo bozoridagi bahosi bir necha million dollargacha yetadi.

Bosh prokuratura va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ushbu masalani jiddiy o‘rganishni so‘rab qolamiz.

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top