21:25 / 30.10.2020
13858

Turkiyadagi zilzilada halok bo‘lgan va jarohatlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligi ma'lum qilindi

Turkiya g‘arbida yuz bergan 6,6 magnitudali zilzilada halok bo‘lganlar va jarohat olganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xabar berdi.

Foto: Reuters

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi ma'lumotiga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 19:30 holatiga Turkiyaning g‘arbiy qismida 2020 yil 30 oktyabrda sodir bo‘lgan kuchli zilzila natijasida halok bo‘lgan va jarohat olganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi Izmir viloyatining tezkor shtabi bilan doimiy aloqa o‘rnatgan.

«Jarohat olgan hamyurtlarimiz to‘g‘risida ma'lumot aniqlanganda zarur yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasiga murojaat qilishingizni so‘raymiz (Telefon: +90 212-323-20-36/37)», — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyadagi kuchli zilzila oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani, ko‘plab fuqarolar jarohat olgani hamda katta talafot ko‘rilgani munosabati bilan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga ta'ziya yo‘llagan. 

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a'zolariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatlarda shifo topishini tilagan.

  • 30 oktabr kuni Turkiya g‘arbida 6,6 magnitudali zilzila yuz berdi, epimarkaz Izmir viloyatining Seferlixisar shahri atrofida, zilzila o‘chog‘i esa 16,5 kilometr chuqurlikda joylashgan. Zilzila kuchi Afina va Kritda ham sezilgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan, 400dan ortiq kishi jarohat olgan.
Mavzuga oid
Top