13:19 / 08.03.2021
14575

Laporta - «Barselona»ning yangi prezidenti. Messini saqlab qolishni, Agueroni olib kelishni va YeChLda g‘olib bo‘lishni va'da qilgan

Noxush kunlar ortda qoldimi?

7 mart. Barselona. Lionel Messi. Foto Reuters

Kroyf himoyasiga olgan, Gvardiolaga ishonch bildirgan
«Barselona»dagi prezidentlik saylovlari yakunlari kutilganidek bo‘ldi. Sobiq prezident, endilikda yovuzlik timsoliga aylangan Jozep Bartomeuning yaqin kishilaridan bo‘lgan Toni Freyshning mag‘lubiyati muqarrar edi. Yakunda 30 foizdan ortiqroq ovoz bilan ikkinchi bo‘lgan Joze Font saylovoldi kampaniyasi davrida bir muddat favoritga aylangandi, ammo keyin mulohazasizlik qilib bu mavsumda barcha sovrinlarni yutgan taqdirda ham Ronald Kumanni iste'foga chiqarishni va'da qilib qo‘ydi, keyin esa butun e'tiborini asosiy raqibini tanqid qilishga qaratdi.

Bu nomzodlar fonida Joan Laporta ajralib turardi - bunga uning o‘tmishi ham sabab edi. Ma'lumki, inson xotirasi salbiy lahzalarni ikkinchi planga o‘tkazib, ko‘proq yoqimli lahzalarga e'tibor qaratadi. Shunday ekan, hozirda Laportaning avvalgi boshqaruvi vaqtidagi mojarolarni ko‘pchilik eslamaydi - shunday mojarolar doirasida o‘sha vaqtda basketbol yo‘nalishiga mas'ul bo‘lgan Bartomeu ham iste'foga chiqqandi. Yoki «Barsa»ning boshqa bir sobiq prezidenti Sandro Rosselning Laporta demokratiya va'da qilib, haqiqiy shaxsga sig‘inish kultini o‘rnatgani haqidagi gaplarini hozir birov eslamaydi.

Fantastik natijalar va o‘sha vaqtdagi 200 million yevrolik qarz masalasi hal qilinishi barchasini yopib ketardi. Chindan ham, Devid Bekhemni sotib olish va'dasi bajarilmaganini eslashning nima keragi bor, axir «Real»ni tanlagan ingliz o‘rniga «Kamp Nou»ga Ronaldino kelgan bo‘lsa? «Barsa» u bilan ko‘plab sovrinlarni, shu jumladan, Chempionlar ligasini yutgandi, aynan Laporta Xosep Gvardiolaning murabbiylik dahosini ko‘ra olgandi va Joze Mourino nomzodini rad etgandi.

Qolaversa, Laportaning birinchi mart prezidentlikka kelishi Kataloniya klubi uchun muhim figura — Yoxan Kroyfning marhamati evaziga bo‘lgandi. Saylovlar kuniga oz vaqt qolganida niderlandiyalik afsona o‘zi kimga behad ishonishini aytgandi. Hayron qolarli joyi yo‘q, axir Laporta ko‘p yillar mobaynida Kroyfning shaxsiy advokati bo‘lib ishlagan, yangi lavozimida ham guruning tavsiyalariga amal qilib, klub sport direktori lavozimiga Chiki Begiristaynni tayinlagan. Bu shaxs esa ikki bor «Barselona»da yangi jamoa qura oldi, keyinroq «Manchester Siti»da katta loyihani amalga oshirdi, Laporta uni klubga olib kelishni prezidentligi davridagi eng yaxshi qarori deb atagan.

 

Joan Laporta. Foto AFP

Messi va yangilar
Yurist va siyosatchi ekanida Laporta manyovrlar qilishga ustaligi va moslashuvchan ekanini namoyon etgandi. U 2003 yilda prezidentlikka endi saylanganida Bekhemni sotib olishga va'da qilmagani, gap faqat «Manchester Yunayted» bilan og‘zaki kelishuv haqida ketganini aytadi. U o‘z vaqtida Bartomeuni shafqatsizlik bilan tanqid qildi, ammo yaqinda sobiq prezident politsiya tomonidan qo‘lga olinganida, bu masalada izoh berishda o‘zini tiydi. U Leo Messining shartnomasi bo‘yicha ma'lumotlar OAVga sizib chiqqanidan keyin ham jamoa sardori bilan yangi shartnoma tuzilishi haqida gapirdi, ammo saylovlar arafasida ehtiyotkorlik bilan bayonotlar berdi va shov-shuvlarga yo‘l qo‘ymadi.

U shunday tasavvur uyg‘otdiki, argentinalik futbolchi ketsa ham hayot tugab qolmasligi, shartnomani uzaytirish taklifi klubdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda bildirilishiga ishora qildi. Ammo Laportaning oldiga qo‘yilgan maqsadlardan biri — Messini faoliyati oxiriga qadar «Barselona»da saqlab qolish bo‘ladi. Endi yangi prezidentga aylangan Laporta aytganidek, Leo uning barcha va'dalari amalga oshirilayotganini biladi, pullar esa  — eng asosiy omil emas. Klub ambitsiyalari va Laporta aytganidek, «Barsa»ga daromadlarining 30 foizini keltirayotgan futbolchi tomonidan bildirilayotgan ishonch ham muhim. Bir necha manbalarning tasdiqlashicha, Messini klubda olib qolish uchun «Manchester Siti»dan yangi shartnoma olmagan va yozda erkin agentga aylanadigan Serxio Agueroni olib kelish rejalashtirilmoqda.

Laporta biror yulduz futbolchini sotib olishni va'da bermagan, ammo shunga ishora qilgan. Avvaliga fevral oyida bergan intervyusida uning boshqaruvida «Barsa» bozordagi eng qiziqarli futbolchilar bilan shartnoma imzolashi mumkinligini aytdi. Keyin — so‘nggi televizion debatlar vaqtida — ko‘plab agentlar bilan, shu jumladan, Mino Rayola bilan ham qalin aloqalarga egaligini qistirib o‘tdi. Bir necha yil muqaddam Laporta prezident bo‘lsa, «Kamp Nou»ga Pol Pogbani olib kelishini aytgandi, bu safargi saylovlar arafasida esa Rayolaning yana bir mijozi bo‘lgan Erling Holand nomi matbuotdan tushmay qoldi.

Obligatsiyalar, homiylar va ulkan loyiha
Murakkab moliyaviy holatdan kelib chiqib, prezidentlikka nomzodlarning iqtisodiy dasturi ham muhim edi, bu hatto Messining kelajagidan ko‘ra muhimroq masala edi. Laportaning inqirozdan chiqish rejasida uch muhim punkt bor.

Birinchisi — davlat va muxlislar uchun obligatsiyalar chiqarish. Bu orqali kelgan mablag‘ qisqa muddatli qarzlarni to‘lashga yordam berishi mumkin. «Barsa» ularni 2023 yilda qayta sotib oladi, qimmatli qog‘ozlar uchun sarmoya kiritganlar esa klubdagi qarorlarga ta'sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Keyingi ish — homiylik masalasi. Bu o‘rinda aynan Messi muhim, hozirgi mavjud kelishuvlarning bir qismi argentinalik yulduz bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Masalan, agar u maydonga chiqmagan o‘yinlarda to‘lovlar ikki barobarga kamayishi mumkin. Ammo Laporta nima bo‘lganda ham o‘sish uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqda. Uning talqiniga ko‘ra, klub homiylik shartnomalari uchun 30dan ortiq zaxira punktlariga ega, agar avvalgi kelishuvlar qayta ko‘rib chiqilsa, uch yil ichida daromadlar 250 million dollarga oshishi mumkin.

Espai Barca loyihasining ishga tushirilishi yangi reklamalarni olib kelishi kutilmoqda. Bu loyiha klub infratuzilmasini kompleks rivojlantirishni, «Kamp Nou» rekonstruksiyasini, asosiy arena atrofidagi hududni zamonaviy texnologiyalar vositasida rivojlantirishni va Les Kors hududi bilan integratsiyalashuvni ko‘zda tutadi. Avtoturargohlar, restoranlar, katoklar, yangi ko‘p funksiyali saroyni nazarda tutadi — bu ulkan rejaning bir qismi, xolos.

Bu loyihani ishlab chiqish Laportaning avvalgi prezidentligi davrida boshlangan, 2014 yilga kelib tasdiqlangan, endi esa loyihani amalga oshirish doirasidagi ayrim ishlar boshlangan. Masalan, ikkinchi jamoa uchun, shuningdek, yoshlar va ayollar jamoalari uchun xizmat qiluvchi Yoxan Kroyf nomidagi stadion qurildi, yana boshqa loyihalar hali oldinda. Va bu loyihalar «Barsa»ga inqirozdan chiqish uchun ham, yana qaytadan tiklanish uchun ham yetarli bo‘ladigan mablag‘larni olib kelishi ko‘zda tutilgan. Prezident o‘zining ulkan orzusini amalga oshirishi va Gvardiolani Kataloniya poytaxtiga qaytarishi juda qiyin vazifa, ammo u o‘zi uchun Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishni aniq maqsad sifatida belgilab bo‘lgan.

Top