20:39 / 24.02.2021
6767

«Real» «Atalanta» mehmoni, «Borussiya»ning «Manchester Siti»ga qarshi beshinchi urinishi. YeChL 1/8 final o‘yinlari oldidan

Bugun, 24 fevral chorshanba oqshomida Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi dastlabki o‘yinlari doirasidan o‘rin olgan so‘nggi ikki uchrashuv o‘tkaziladi. Zineddin Zidan boshqaruvidagi «Real» Italiyada «Atalanta» mehmoni bo‘lsa, yana bir juftlikda Pep Gvardiola boshqaruvidagi «Manchester Siti» Vengriyada «Borussiya» Menxengladbaxga qarshi saf tortadi.

Jangovar «Atalanta» jarohatlar girdobidagi «Real»ga qarshi

Qog‘ozda va og‘izda hammasi aniq – Italiya klubi Chempionlar ligasida hali bor yo‘g‘i ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda, uning raqibi Madrid klubi esa Yevropaning eng nufuzli turnirida 13 karra g‘olibga aylangan. Ammo Jan Pero Gasperini shogirdlarini nomdor klublar qo‘rqita olmaydi – Bergamo klubi bungacha guruh bosqichida «Liverpul»ni safarda mag‘lub etdi (2:0), o‘tgan mavsumda esa Ispaniyaning yana bir klubi «Valensiya»ni 1/8 finalda turnirdan chiqarib yuborgandi. «Atalanta» qanday kuchga ega ekanligini juda yaxshi bilamiz. Bu klubga nisbatan hurmatim cheksiz», - deydi «Real» ustozi Zinedin Zidan o‘yin oldidan.

Bahsdan avvalgi matbuot anjumanida Bergamo klubi murabbiyi tarkib jangovar holatda ekanligi haqida gapirgan bo‘lsa, Zidan bu borada muammolar borligini yashirmadi. Chindanam, Italiyadagi o‘yinda jarohat sababli «Real»ga bir qator yetakchi futbolchilar yordam bera olmaydi. Avvalroq Azar, Ramos, Karvaxal, Marselo, Valverde safdan chiqqan bo‘lsa, o‘tgan haftada Karim Benzemaning ham Italiyaga bora olmasligi oydinlashgandi. Zidanni yana bir og‘ir sinov kutmoqda.

YeChL. 1/8 final. Dastlabki uchrashuv.

24 fevral (chorshanba)

«Atalanta» - «Real»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: UzReportTV

«Atalanta»: Gollini; Toloy, Romero, Jimshiti; Mele, de Roon, Froyler, Gosens; Pessina, Ilichich; Sapata

O‘ynamaydi: Xatebur (jarohat)

«Real»: Kurtua; Vaskes, Varan, Nacho, Mendi; Kroos, Kazemiro, Modrich; Asensio, Vinisius, Dias

O‘ynamaydi: Benzema (jarohat), Ramos (jarohat), Karvaxal (jarohat), Rodrigo (jarohat), Militao (jarohat), Azar (jarohat), Marselo (jarohat), Valverde (jarohat), Odriosola (jarohat).

«Borussiya»ning beshinchi urinishi

Menxengladbaxning «Borussiya» klubi so‘nggi mavsumlar davomida guruh bosqichida «Manchester Siti»ga qarshi 4 marta ro‘baro‘ kelib biror marta ham mag‘lub eta olmagan. Ammo klub tarixida bu uddalangan vazifa - «Borussiya» UYeFA kubogi 1978/79 yilgi mavsumida «shaharliklar»ni musobaqadan chiqarib yuborgandi.

«Siti» har qancha kuchli va yaxshi sport formasida bo‘lmasin, klub bosh murabbiyi Marko Roze jamoasi oson taslim bo‘lmasligini aytib o‘tdi: «Albatta, bu biz uchun yangi chaqiruv, o‘yinni intizorlik bilan kutayapmiz», - deydi mutaxassis.

Turnirning 1/8 final bosqichiga jamoasi bilan ilk marta yo‘llanma olgan Marko Roze «Borussiya»da yana bir tarix yaratib ketish imkoniyatiga ega. Murabbiy yozda Menxengladbaxdan Dortmundga ko‘chib o‘tadi. Bu bahsda «Manchester Siti» mag‘lub etilsa, Roze ushbu turnirda bu klubni mag‘lub eta olgan jamoa tarixidagi ilk mutaxassisga aylanadi. Shunday ekan, Roze ketishidan avval klubning Chempionlar ligasidagi eng yaxshi natijasi qayd etishga intilishi aniq.

YeChL. 1/8 final. Dastlabki uchrashuv.

24 fevral (chorshanba)

«Borussiya» Menxengladbax - «Manchester Siti»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV

«Borussiya»: Sommer; Layner, Ginter, Elvedi, Bensebaini; Kramer, Noyxaus; Volf, Shtindl, Hofmann; Plea

O‘ynamaydi: Dukure (jarohat)

So‘roq ostida: Tyuram (jarohat)

«Manchester Siti»: Ederson; Uoker, Diash, Stounz, Kanselu; Rodri; Sterling, de Bryuyne, Gundo‘g‘an, Foden; Jyezus

O‘ynamaydi: Ake (jarohat).

Mavzuga oid
Top