17:18 / 19.06.2020
34816

Senat so‘nggi yillarda ilk marta ayol kishini elchi etib tayinladi

Senat Tashqi ishlar vazirligi bosh boshqarmasi xodimi Feruza Mahmudovani O‘zbekistonning Isroildagi elchisi etib tayinladi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senat 5-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining Isroil davlatiga Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Senatorlar Feruza Mahmudovani O‘zbekistonning Isroil davlatidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva shu kunga qadar mamlakatimiz 130dan ziyod xorijiy davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan bo‘lsa, ularda hali birorta ayol elchi tayinlanmaganini ta'kidlagan. 

«Feruza Yuldashevna mustaqil O‘zbekistonning birinchi ayol elchisi sifatida tarixda qoladi. Bu sharaf bo‘lishi bilan birga, ulkan mas'uliyat hamdir. Qolaversa, uning bunday mas'uliyatli lavozimga loyiq topilgani mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan yuksak ishonch va e'tirof namunasidir.

Ishonamizki, bunday e'tibor va e'tirofga bundan keyin ham ko‘p marotaba guvoh bo‘lamiz. Zero, o‘zbek ayollari bunga munosibdir», dedi Tanzila Norboyeva.

Senatorlar Feruza Mahmudovaning faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi va xorijda, xususan, Isroilda mamlakatimiz manfaatlari yo‘lida bor bilim va salohiyatini ishga solib, o‘z faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yishiga ishonch bildirdi.

Feruza Mahmudova 1975 yil 19 aprelda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1996 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakultetini tamomlagan. 2009 yilda Germaniyaning Eberxard Karl universitetining tinchlikni o‘rganish, xalqaro siyosat mutaxassisligi bo‘yicha gumanitar fanlar magistri darajasini olgan.

1996-2006 yillarda Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparatida turli lavozimlarda ishlab, bir qator oliy darajadagi tashriflarni tayyorlashda faol ishtirok etgan. Shu bilan birga, Yevropaning nufuzli akademiyalarining tahliliy markazlarida malaka oshirgan. 

2014-2018 yillarda O‘zbekiston respublikasi prezidenti qoshidagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida faoliyat olib borgan.
2018 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi bosh boshqarmasida ishlab kelayotgandi.

Top