11:38 / 25.02.2021
6456

Qamchiq dovonida yuk mashinalari harakati tiklandi

O‘zbekistonning boshqa hududlarini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi Qamchiq dovonida yuk mashinalari harakatlanishiga ruxsat berildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar bermoqda.

«Barcha haydovchilardan yetarlicha past tezlikda, oraliq masofani saqlab harakatlanishlarini so‘raymiz», deyiladi IIV YHXBB murojaatida.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi havo haroratining keskin pasayishi va kuchli qor yog‘ishi natijasida yo‘llarda muzlamalar hosil bo‘layotgani sababli 24 fevraldan 25 fevralga o‘tar kechasi Qamchiq dovoni yuk mashinalari uchun vaqtincha yopilgani to‘g‘risida ma'lum qilgandi.

24 fevral kuni Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtiqoracha dovonida ham avtotransport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilgandi.  

«O‘zgidromet» 25 fevral kuni Toshkent shahrida havo o‘zgarib turishi, harorat kechasi 7-9 daraja sovuq, kunduzi 3-5 daraja sovuq bo‘lishi haqida xabar qilgan.

«Toshkent» avtovokzali noqulay ob-havo sharoiti sababli 25 fevral sanasidagi Toshkentdan qatnaydigan barcha shaharlararo avtobus qatnovlari bekor qilingani to‘g‘risida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top