16:58 / 07.10.2017
94805

Avon, Faberlic, Gano, Herbalife singari tashkilotlar firibgarlik tashkilotlarimi?

Foto: baomoi.com

Tarmoqli marketing bu moliyaviy piramidami? MMM – MLM hammasi bir ma'noni anglatadimi? Avon, Faberlic, Amway, Gano, Herbalife singari tashkilotlar firibgarlik tashkilotlarimi? Tarmoqli marketing qonuniymi? Niqoblangan moliyaviy piramida nima o‘zi? Yuqoridagi savollarga javobni quyidagi maqolani o‘qish orqali bilib olishingiz mumkin.

Har bir davrda ham oson pul topish yoki pulni ko‘paytirish yo‘llari insonlarni qiziqtirib kelgan. Iloji boricha kamroq kuch va aql sarflab ko‘proq foyda olish niyatida tadbirkorlar o‘z mahsulot va xizmatlarini erkin yollanma xodimlar orqali sotishni yo‘lga qo‘yishgan. Har bir yollanma ishchining daromadi bevosita sotiladigan mahsulot va xizmatga bog‘langanligi dastlabki samarani bergan bo‘lsa, ularning boshqa yana o‘zlariga o‘xshagan faol yollanma ishchilarni olib kelgan holda ko‘proq mahsulot sotila boshlashi ikki baravar samara keltira boshlagan. Shu tariqa erkin yollanma ishchilar tarmog‘i bo‘lmish tarmoqli marketing (MLM) yuzaga kelgan. Bunda yollanma ishchilar (bugungi kunda agentlar)ni rag‘batlantirishning eng samarali usullari qo‘llanilgan. Faollikka yarasha daromad ham proporsional belgilangan. Shu tariqa bu usul qo‘llanilgan barcha biznes loyihalar tez sur'atlarda rivojlana borgan. Biroq, orada firibgarlik va qing‘ir maqsadli kimsalar paydo bo‘ldiki, ushbu usulni umuman boshqa maqsadda, ya'ni pullarni omonat ko‘rinishida tezkorlik bilan yig‘ilishi hamda qolganlarning hisobiga loyiha egalariga taqsimlanishi amalga oshirilishi yo‘lida moliyaviy piramidalarni tashkil qilishdi. Buning natijasida juda ko‘plab insonlar o‘z mablag‘laridan ayrildi. Natijada insonlarda moliyaviy piramidalar va tarmoqli marketing tushunchalariga nisbatan ishonchsizlik va xatar tuyg‘ulari paydo bo‘ldi. Oqibatda, ikkala tushuncha o‘rtasidagi tafovutlarni bilmaslik natijasida bugungi kungacha insonlar zarar ko‘rib kelmoqda. Maqolada har bir tushunchaga batafsil to‘xtalgan holda to‘liq ma'lumot berib o‘tishga harakat qilamiz.

Moliyaviy piramida (shuningdek investitsion piramida) – tuzilmadagi ishtirokchilarni doimiy pul mablag‘lari jalb qilinishi evaziga daromad bilan ta'minlashga asoslangan firibgarlik yo‘li. Dastlabki piramida ishtirokchilarining daromadi keyingi omonatchilar hisobiga to‘lab beriladi. Ko‘p hollarda ishtirokchilar olayotgan daromadi asl manbayi sir tutiladi va o‘rniga boshqa o‘ylab topilgan uydirmalar aytiladi yoki kam ahamiyatli qilib ko‘rsatiladi (Masalan, kriptovalyutalar birjasi, foreks birjasi, sport o‘yinlari, binar opsionlardan daromda olinadi deb ko‘rsatilishi mumkin). Aynan mana shu narsa esa firibgarlik sanaladi. O‘zbekistonda ushbu moliyaviy piramidaga misol tariqasida “Ahmadboy ishi voqeasi bo‘lgan. Bundan tashqari Rossiyada Sergey Mavrodining MMM kompaniyasi yaqqol misol bo‘la oladi. Har ikkala holatda ham firibgarlik natijasida mablag‘lar yig‘ilgan va yakunda ko‘plab insonlar millionlab zarar ko‘rishgan.

Tarmoqli marketing (yoki ko‘p pog‘onali marketing, ingl. multilevel marketing, MLM) – tovar va xizmatlarni mustaqil distribyutorlar (sotuvchi agentlar) orqali sotish konsepsiyasidir. Bunda har bir mustaqil agent o‘zi boshqa agentni taklif qilish huquqiga ega bo‘lib, u taklif etgan barcha agentlarning ro‘yxatdan o‘tishidan va agentlar tomonidan sotiladigan har bir mahsulot tushumidan foiz yoki bonus ko‘rinishida daromad olish imkoniga ega hisoblanadi.

Tarmoqli marketing biznesdagi samarali sotish mexanizmini yo‘lga qo‘yish uchun qo‘llaniladigan konsepsiya hisoblanadi. Bunda konsepsiyani qo‘llashdan ko‘zlangan asosiy maqsadga qarab loyihaning firibgarlik loyihasi yoki ishonchli loyiha ekanligiga baho berish mumkin. Chunki ko‘p hollarda tarmoqli marketingni ezgu maqsadda barchaga birday foyda keltirishi uchun emas, balki loyihaning haqiqiy egalari maksimal darajada foyda olgach, qolganlarni xonavayron qilish maqsadida tashkil qilinadi. Ayni shunday yomon niyatda tashkil qilingan loyihalar ko‘p bo‘lgani uchun ham tarmoqli marketing konsepsiyasini ko‘plab insonlar moliyaviy piramida bilan bir xil narsa, deb hisoblashadi.

Aslida esa har doim ham unaqa emas. Ezgu maqsadda qonuniy tashkil qilingan biznes loyihalarda tarmoqli marketing faqatgina mijozlarga mahsulotlarni tezroq sotish usuli, xolos. Unda agentlardan xuddi arzon ishchi kuchiday foydalaniladi. Bunda yakuniy xaridorga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish (direct marketing, direct selling) usuli qo‘llaniladi.

MMM – MLM hammasi bir ma'noni anglatadimi?

Yo‘q bu tushunchalar umuman boshqa boshqa. MMM sifatida Rossiyada Sergey Mavrodi tomonidan amalga oshirilgan firibgarlik moliyaviy piramida loyihasi e'tirof etiladi. MLM esa ko‘p pog‘onali marketing yoki tarmoqli marketingning inglizcha nomlanishi hisoblanadi.

Tarmoqli marketing bilan moliyaviy piramida o‘rtasida qanday farqlar mavjud?

Ushbu savolga batafsilroq javob berish maqsadida tushunarliroq bo‘lishi uchun quyidagi jadval ko‘rinishida asosiy farqlarni ko‘rsatishga harakat qildik.

Avon, Faberlic, Oriflame, Amway, Herbalife singari tashkilotlar firibgarlik tashkilotlarimi?

Yo‘q bu tashkilotlar rasman faoliyat olib boruvchi, o‘z faoliyatlarida tarmoqli marketingdan samarali foydalanuvchi dunyoning eng ko‘p daromad oluvchi tashkilotlari hisoblanadi. Ularning bugungi kunga kelib yuzlab davlatlarda o‘z vakolatxonalari rasman faoliyat ko‘rsatadi.

Tarmoqli marketing qonuniymi?

O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga muvofiq O‘zbekistonda tarmoqli marketing qonuniy hisoblanadi, biroq o‘z navbatida tarmoqli marketingda savdo qilish bo‘yicha ma'lum bir tartib qoidalar aniq belgilangan.

Qoidaga muvofiq:

tarmoqli marketing — tarmoqli tashkilot tomonidan tovarlarni mustaqil tarqatadigan sotuvchi agentlar tashkil etilishiga asoslangan tovarlarni chakana sotish turi;

tarmoqli tashkilot — O‘zbekiston Respublikasi hududida mustaqil ravishda yoxud tarmoqli marketing yo‘li bilan sotuvchi agentlar orqali savdoni amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi;

sotuvchi agent — turg‘un savdo shoxobchalari orqali tovarlarni bevosita sotuvchi, shuningdek uyga buyurtma olish vositasida, muassasalar, tashkilotlar, korxonalarda, transport yoki ko‘chada potensial xaridorlar bilan ishlaydigan, daromadi faqat sotuv hajmiga bog‘liq bo‘lgan jismoniy shaxs – yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkor.

Unga ko‘ra xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari orqali bioaktiv qo‘shimchalar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tarmoqli marketing yo‘li bilan sotuvchi agentlar orqali sotish taqiqlanadi.

Shuningdek, quyidagilar orqali:

tadbirkorlik faoliyati sub'yekti hisoblanmagan jismoniy shaxslar orqali;

xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari orqali tarmoqli marketing vositasida import tovarlarni olib kelish va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Demak, xulosa sifatida qonuniylik jihatidan faqatgina taqiqlanmagan mahsulotlarni tadbirkorlik sub'yekti sifatida sotishgina O‘zbekiston hududida rasmiy tarmoqli marketing sanaladi. Qolgan barcha turdagi holatlarda bu faoliyat qonuniy deb topilmaydi.

Niqoblangan moliyaviy piramida nima?

Ko‘p hollarda moliyaviy piramidalar sodda insonlarni tezroq va ishonarliroq o‘ziga jalb etish maqsadida o‘zlarini xuddi rasmiy faoliyat yurituvchi tarmoq marketingiga o‘xshash bo‘lgan niqoblangan holda faoliyat tashkil qilishadi. Bunda ular o‘zlarining faoliyatida biror bir turdagi tovar yoki xizmatni sotishni ham taklif qilishadi. Ammo bunday mahsulotlar turi va iste'moliga e'tibor bersangiz ular ko‘pincha bir martalik, tezda yo‘q bo‘ladigan yoki boshqalarga yetkazib bo‘lmaydigan shakllarda bo‘ladi. Bunday turdagi piramidalar XAYPlar va boshqa turli ko‘rinishdagi bir martalik mahsulot va xizmatlarni nomiga sotgan holda odamlarni ishonchiga kirmoqchi bo‘lishadi. O‘zbekistonda bunday firmalar sifatida OOO «Yang Chans Asian» («Chens» tashkiloti vakili), «Quest.net» singari tashkilotlar faoliyat yuritgan va yakunda firibgarlik tashkilotlari ekanligi isbotlangach yopilgan.

Tarmoq marketingi aslida dastlab savdoni jadallashtirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozga yaqin insonlar tomonidan mahsulotlarni sotish uchun qo‘llanilgan. Bunda bevosita xaridorlarni o‘zi izlab topuvchi agentlardan tashkil topgan yirik bir chakana sotuvchilar guruhlari shakllanishi nazarda tutilgan edi. Eng qizig‘i ushbu agentlardan iborat armiya har qanday mahsulot yoki xizmatni samarali sotilishida jon kuydirib mehnat qilishadi. O‘z navbatida ushbu mehnatga yarasha sotilgan mahsulotdan bonus yoki foiz ko‘rinishida daromad olishadi. Piramida ko‘rinishidagi pog‘onama pog‘ona shakllanadigan tizimda agentlar har bir o‘zidan keyingi turuvchi agentning sotgan mahsulotidan ham doimiy ravishda daromad olish imkoniga ega bo‘ladi. Shuning uchun har bir agent o‘zi jalb qiladigan agentni faol bo‘lishi va mahsulotlarni samarali sotishidan manfaatdor hisoblanadi. Shu sababli u o‘zi jalb qilgan agentga iloji boricha har bir kelishuv va sotish sir asrorlarini yaxshi o‘rgatishga harakat qiladi va shunga mos ravishda uddaburon odamlarni o‘z jamoasiga aylantirishni xohlaydi. Shu tariqa hattoki o‘z shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘lgan sharoitlar yuzaga keladi va agentlarga ko‘proq erkinlik beriladi. Kimlar uchundir bu orzu qilinadigan kasb ham hisoblanadi.

Endi umumiy xulosa o‘rnida aytish mumkinki, avvalo moliyaviy piramida va tarmoqli marketingni boshlagan insonning asl maqsadi nima ekanligi ushbu amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihani natijasini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Masalan, oddiy pichoq bilan ovqat tayyorlash ham mumkin, pichoq bilan odam o‘ldirish ham mumkin. Xuddi shuningdek tarmoqli marketing yoki moliyaviy piramida asosidagi konsepsiyadan ezgu maqsadda ham foydalanish mumkin yoki yovuz maqsadda foydalanish ham mumkin. Har ikkala holatda ham insonlarni tez va samarali jalb qilish usuli sifatida konsepsiya o‘z kuchida qolaveradi. Chunki dunyoni manfaat boshqaradi, boshqalarning hisobidan manfaatli daromad ko‘rish istagi esa har doim insonni o‘z domiga tortib keladi.

 Mansur Tangishev
moliyachi-ekspert

Top