11:42 / 23.01.2021
15512

Marg‘ilonlik 12 yashar bola Koreyada o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘ldi

Abdulbosit bolalarga koreys tilini o‘rgatuvchi kitobcha chiqargan. Shu bois Korea Multicultural Youth Awards tanlovida g‘olib bo‘lib, 1 million von pul mukofotini qo‘lga kiritdi. U ushbu mablag‘ni yangi kitobcha yozishga sarflamoqchi.

Abdulbosit Abdulhamidov asli marg‘ilonlik. Otasining faoliyati Janubiy Koreya bilan bog‘liqligi sababli 2017 yilda bu mamlakatga boradi va o‘qishni mahalliy maktabda 3-sinfdan davom ettiradi.

12 yoshli o‘quvchi hozirda Kyongido provinsiyasidagi Xvason shahrida o‘rta maktabda o‘qiyapti.

Otasining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, dastlab koreyschani mutlaqo bilmagan Abdulbosit bu tilni tezda o‘zlashtirib olgan, 2019 yilda maktabning eng yaxshi o‘quvchisi sifatida taqdirlangan.

Abdulbosit Abdulhamidov (suratda o‘ngdan ikkinchi)

«2020 yilda tilni qanday o‘zlashtirgani bo‘yicha kitobcha chiqardi. Boshlang‘ich koreys tilini o‘rganish uchun rus tilida so‘zlashuvchi maktab o‘quvchilari bu kitobchadan foydalanishlari mumkin. Kitobcha ruscha-koreyscha o‘quv qo‘llanmasi sifatida Koreyaga yangi kelgan o‘quvchilar uchun maktab kutubxonalariga tarqatildi. Kitobchada kundalik hayotda eng ko‘p ishlatiladigan so‘zlar va iboralar jamlangan.

Koreys tilini o‘rganishning kreativ usullarini ishlab chiqqani uchun bu kitobcha bilan Korea Multicultural Youth Awards iqtidorli yoshlar tanlovida g‘olib bo‘ldi. Unga davlat tomonidan 1 000 000 von (910 dollar atrofida) mukofot puli ham ajratildi.

O‘g‘lim bu pulni Koreyaga kelib, koreys tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan bolalar uchun yana kitob yozishga sarflamoqchi», – deydi Abdulbositning otasi Ismoiljon Abdulazizov.

Ma'lumot uchun, Korea Multicultural Youth Awards tanlovini Janubiy Koreyaning eng yirik nashrlaridan biri – The Korea Times gazetasi ta'sis etgan. Tanlov mamlakatda yashayotgan turli millat vakillarining farzandlari orasidan iqtidorlilarini topib, taqdirlashga qaratilgan.

Top