18:06 / 24.03.2021
7111

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini moliyalashtirish hajmi oshiriladi

2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari va ijtimoiy soha obektlarini qurish uchun 31,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

«Hammangiz «Xalq qabulxonalari»ga kelgan e'tirozlarni eshityapsizlar. Juda ko‘pchilik uysizlikdan noliydi. 27 yil bu masala o‘z holiga tashlab qo‘yildi, qurilish industriyasi yo‘qolib ketdi. 4 yildirki bu masala ustida ishlayapmiz. Maqsad bitta – odamlarni rozi qilish. Boshpanasi bo‘lmagan odam rozi bo‘lishi qiyin. Endi yolg‘on gaplarni xalq qabul qilmaydi.

Juda og‘ir inqiroz yilidan chiqqanimizga qaramay bugungi masalalar uchun 31,5 trln so‘m yoki 3 mlrd 50 mln dollar pul ajratyapmiz. Lekin maqsad bu pulni shunchaki tarqatib yuborish emas, maqsadli sarflash zarur. Eng muhimi – bu mablag‘ni tashqi qarzimizni oshirmagan holda ajratyapmiz», deya prezidentning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari ajratilayotgan mablag‘lar evaziga mahallalarda ijtimoiy soha obektlari ham barpo etilishi lozimligini ta'kidlagan.

«Bir vaqtlar respublika bo‘yicha 1 mlrd investitsiya kiritildi, deb maqtanardik. Hozir birgina viloyatda 1 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritilyapti.

Bir narsani barcha hudud va sektor rahbarlari aniq tushunib olishi zarur. «Obod qishloq» va «Obod mahalla» deganda, nafaqat ularning yo‘llari yoki mahallaning qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerdagi aholining daromadi ko‘payishi, ijtimoiy soha obektlari to‘liq ishlashi, bir so‘z bilan aytganda, tanlangan mahalla har tomonlama obod bo‘lishi kerak.

Eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada «temir daftar», «ayollar» va «yoshlar» daftarlari bo‘lmasligi lozim», degan prezident.

Mavzuga oid
Top