17:07 / 20.04.2022
18938

Samarqand va Jizzax viloyatlarida kuchli yomg‘ir sabab kelgan sel xonadonlargacha kirib bordi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand va Jizzax viloyatining bir qator tumanlarida sel kelgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Qishloqlardan birida sel “Jiguli” mashinasini oqizib ketdi.

Foto: Videodan kadr

Kecha va bugun yog‘gan kuchli yomg‘irlar Samarqand hamda Jizzax viloyatining bir qator tumanlarida kuchli sellar oqishiga sabab bo‘lgan.

Jumladan, Samarqand shahridagi bir qator ko‘chalarni suv bosgan. Ishtixon tumanidagi bir nechta mahalla to‘lib sel oqqan. Urgut tumanidagi soylarga sel kelgan.

Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xabar berishicha, Ishtixon tumanidagi mahalladan oqqan sel hech kimga zarar keltirmagan.

Shuningdek, Bulung‘ur va G‘allaorol tumanlarida oqqan sel M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining suv bosishiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, bugun, 20 aprel kuni yog‘gan kuchli yomg‘irlar Jizzax viloyatining Forish, G‘allaorol, Baxmal tumanlarida sel kelishiga sabab bo‘lgan. Forish tumanida bir nechta qishloqni sel bosib, suvlar xonadonlargacha kirib borgani aytilmoqda.

Hatto shu tuman hududlaridan birida qishloq oralab oqayotgan sel “Jiguli” mashinasini oqizib ketgan.

Top