10:10 / 20.12.2019
0
35269

O‘zbekistonda yangi universitet tashkil etiladi

Foto: DPA

O‘zbekistonda TEAM universiteti tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va “Business School HUMO Campus” mas'uliyati cheklangan jamiyatining TEAM universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tadbirkorlik va boshqaruv, shuningdek boshqa sohalarda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;

yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan keng hamkorlikni amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar korxonalari xodimlarining malakasini oshirish, xorijning ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;

ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish.

“Business School HUMO Campus” MChJ Universitetda ta'lim jarayonini tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha Times Higher Education va/yoki Quacquarelli Symondsʼning TOP-1000 reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlari bilan bitim tuzadi.

Quyidagilar:

Universitetni Toshkent shahrida va Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi filiali bilan tashkil etish;

“Business School HUMO Campus” MChJ tomonidan Universitetni rivojlantirish rejalariga muvofiq, respublikaning boshqa viloyatlarida Universitetning filiallari tashkil etilishi mumkinligi tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Universitet mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta'lim tashkiloti hisoblanadi, mustaqil balansiga ega, ixtiyorida bo‘lgan pul mablag‘lari va mol-mulki bilan o‘z majburiyatlariga javob beradi;

Universitetda o‘quv-metodik rahbarlik va ta'lim jarayonining olib borilishi tuziladigan bitimlar asosida yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ham ta'minlanadi;

Universitetda ta'lim jarayoni Universitet tomonidan tasdiqlanadigan va xorijiy hamkorlarning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq ingliz, o‘zbek va boshqa tillarda tashkil etiladi;

Universitetning ta'lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi;

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e'tirof etiladigan davlat va/yoki xorijiy hamkor namunasidagi diplom beriladi;

davlat namunasidagi diplom berilgan taqdirda, Universitetda ta'lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim davlat ta'lim standartlari hisobga olingan holda, xorijiy hamkorlarning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi;

Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda belgilanadi;

Universitetda ta'lim raqamli texnologiyalar, masofaviy ta'lim xizmatlari, vebinarlar, onlayn-o‘qitish, “blended learning” va boshqa zamonaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shaklida amalga oshiriladi;

Universitetda ta'lim olish to‘lov-kontrakt asosida, shuningdek yuridik shaxslar – potensial ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan ta'lim grantlari, shuningdek, yoshlarni o‘qitish uchun ajratilgan xayriya mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar asosida amalga oshiriladi;

bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari hamda to‘lov-kontrakt miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitet Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Temur Malik ko‘chasi, 146-uy manzilida, uning Termiz shahridagi filiali esa Surxondaryo viloyati Termiz shahri, Hakim at-Termiziy ko‘chasi, 13-uy manzilida joylashgan Surxondaryo viloyati yuridik kolleji hududida tashkil etiladi.

Universitetga kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarni hamda respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini hisobga olgan holda mustaqil ravishda va chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda yangi bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top