19:56 / 21.08.2019
49687

FVV Rossiyadagi avariyadan keyin O‘zbekistonda radiatsiya foni darajasi me'yordan oshmaganini bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi 8-20 avgust kunlari mamlakat hududida gamma-nurlanish ekspozitsion dozasi qiymatlarining sanitariya me'yorlaridan oshgani qayd etilmagani haqida xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 8-20 avgust kunlari mamlakatimizdagi radiatsiya foni darajasi biroz ko‘tarilgan, ammo me'yordan oshib ketmagan.

«O‘zgidromet tomonidan amalga oshirilgan radiatsiya foni darajasining monitoringi shuni ko‘rsatdiki, Respublika bo‘yicha gamma-nurlanish ekspozitsion dozasi quvvatining o‘rtacha oylik darajasi 0,16 mkZv/s (mikrozivert/soat)ni tashkil qilgan, hamda 0,08 mkZv/s'dan 0,24 mkZv/s'gacha o‘zgarib turgan. 8-20 avgust davrida Respublika bo‘yicha gamma-nurlanish ekspozitsion dozasining o‘rtacha qiymati 0,30 mkZv/s ruxsat berilgan ko‘rsatkichda 0,15 mkZv/s'ni tashkil qilgan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkichning maksimal qiymati 8-10 avgust kunlari 0,16 mkZv/s'ga teng bo‘lgan.

Sinoptik vaziyat va yo‘ldoshdan olingan ma'lumotlar tahlili shu kunlarda O‘zbekiston hududi janubi-g‘arbiy havo oqimlari ta'sirida bo‘lgani, Kaspiy dengizi va Eronning janubiy rayonlari ustida shakllangan havo oqimi kirib kelganini ko‘rsatdi. Rossiyaning Yevropa hududi (Severodvinsk) shimoliy rayonlaridagi havo oqimlari O‘zbekiston hududiga kirmagan.

Shunday qilib, 8-20 avgust davrida O‘zbekiston hududida gamma-nurlanish ekspozitsion dozasi qiymatlarining sanitariya me'yorlaridan oshgani qayd etilmagan. Havoda texnogen radionuklidlar mavjudligini aniqlash uchun tegishli o‘lchovlar amalga oshirilmoqda», - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Severodvinsk shahri yaqinidagi Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli obektda portlash yuz bergan va 2 nafar harbiy bilan «Rosatom»ning 5 nafar ishchisi halok bo‘lgan edi. Shundan so‘ng «Rosgidromet» Severodvinskda gamma-nurlanish dozasi me'yordan 4-16 barobar oshib ketgani haqida xabar qildi.

13 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z tvitterida Arxangelskda «Burevestnik» yadro reaktorli raketasi portlab ketgani haqida yozdi.

«Qo‘shma Shtatlar Rossiyadagi raketa portlashidan ko‘p narsani o‘rganmoqda. Bizda shunga o‘xshash, faqat ilg‘orroq texnologiyalar mavjud. Rossiyada Skyfall portlashi sinov hududida yashovchi va undan ancha uzoqdagi odamlarni xavotirga solmoqda. Yaxshi emas!» - degandi Tramp.

19 avgust kuni Yadro sinovlarini butkul taqiqlash shartnomasi tashkiloti ijro kotibi Lassina Zerbo tvitter sahifasida Severdovinskdagi portlash oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan radioaktiv bulutning juda katta masofaga tarqalish ehtimoli borligini e'lon qilgan edi. Kartada zararlanish hududiga O‘zbekiston ham kirishi mumkinligi ko‘rsatilgan edi.

Vladimir Putin 2018 yilning mart oyida parlamentdagi chiqishida yadroviy dvigatelga ega raketa sinovlari muvaffaqiyatli o‘tgani, bu raketani mavjud raketaga qarshi tizimlarning (PRO) hech biri urib tushirolmasligini aytgandi.

19 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvi doirasida harbiy poligonda yuz bergan portlashdan so‘ng radiatsiya foni me'yordan oshmagani haqida bayonot berdi.

Mavzuga oid
Top