14:34 / 03.04.2021
15622

«8 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti 1 mayga qadar qayta hisobot topshirsa javobgarlikka tortilmaydi» - DSQ

 Qo‘shimcha qiymat solig‘ini noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlangan 8752ta korxona 1 mayga qadar qayta hisobot topshirgan taqdirda ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Davlat soliq qo‘mitasi 8752ta korxonada QQSni noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlanganini ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yil 2 aprelga qadar 574ta «shubhali» korxona kontragentlari tomonidan 97 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachyot)ga olish fakti tasdiqlangan.

Shuningdek, qo‘mita joriy yilning 1 mayiga qadar, ushbu korxonalar tomonidan asossiz hisobga olingan QQS summasi bo‘yicha ixtiyoriy qayta hisobot topshirgan taqdirda mazkur korxonalar mansabdor shaxslari ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilmasligini ma'lum qildi.

«Kameral soliq tekshiruvlari natijasida kontragentlar xatolari tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da, tadbirkorlik sub'yektlari uzluksiz faoliyat ko‘rsatishlariga sharoit yaratish maqsadida, kamchiliklarini tan olgan 540ta sub'yektga 65,5 mlrd so‘mlik budjetga to‘lanishi lozim summalarni joriy yil yakuniga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlariga ruxsat berildi», deyiladi rasmiy xabarda.

Xabar qilinishicha, joriy yilning 2 aprel holatiga respublika bo‘yicha jami 9 021ta korxonada 1 337,5 mlrd so‘mlik asossiz hisob (zachyot)ga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summalariga aniqlik kiritish bo‘yicha kameral soliq tekshiruvlari yakunlangan.

Natijada:

  • 8 752ta, ya'ni 97 foiz korxonada (1 260,7 mlrd so‘m) «soxta» operatsiyalarni amalga oshirish faktlari tasdiqlandi;
  • shundan, 100 ta, ya'ni 1,1 foiz (23,5 mlrd so‘m) tashkilotda QQS summasini noqonuniy hisob (zachyot)ga olish fakti qisman tasdiqlandi;
  • 269ta, ya'ni nazorat tadbirlari o‘tkazilgan 3 foiz soliq to‘lovchilar tomonidan 53,3 mlrd so‘mlik QQS summasini to‘g‘ri hisob (zachyot)ga olganlik holatlari bo‘yicha asoslovchi hujjatlar taqdim etildi. Shu sababli ulardan ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tezkor jarayonlar boshlandi.

 Mart oyida DSQ 1,2 trln so‘mdan ortiq QQSni noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlanganini ma'lum qilgandi.

Avvalroq «obnalchi»lar ishi yuzasidan tadbirkorlar soliq organini sudga bergani va 19 mart kuni birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tgani xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, «obnal ishi» 2021 yil fevral oyida budjetga to‘lanmay kelingan 1 trillion so‘mga yaqin mablag‘ni o‘rniga qo‘yish maqsadida ro‘yxatga kiritilgan 396ta soliq to‘lovchi va ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorga talabnoma yuborilgach, budjetga to‘lanmagan soliq tadbirkorlar bo‘yniga ilingan paytdan boshlangandi.

Mavzu
«Obnal» mojarosi
Davlat soliq qo‘mitasi naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 2021 yil fevral oyida 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti zimmasiga 1 trillion so‘m QQS summasini yukladi.
Barchasi
Top