16:09 / 22.08.2021
10705

“Yil oxirigacha milliy vaksinamizni yaratamiz” – innovatsiya vaziri

O‘zbekiston yil oxiriga qadar milliy vaksinasini ishlab chiqaradi, deb ma'lum qildi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. U yeyiladigan vaksinalar yaratilishini ham aytib o‘tdi.

21 avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarning amaliyotga joriy qilinishi bo‘yicha tadbir tashkil etildi. Tadbirda Kun.uz'ga intervyu bergan vazir Ibrohim Abdurahmonov kutilayotgan innovatsion yangiliklar haqida ma'lumot berdi.

“Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida juda katta yangilik kutyapmiz. Bilasiz, asosiy drayver sohamiz – qishloq xo‘jaligi. Bu sohada olimlarimiz juda ko‘p yangi navlar va urug‘larni yaratyapti. Paxta, bug‘doy, kartoshkaning yangi navi bo‘ladi. Bundan tashqari, uzumlarning butun genomlarini o‘qish ishlari ketyapti. Vinochilik va uzum klasterida katta o‘zgarish bo‘ladi.

Sanoat sohasida mis bo‘yicha “Asr loyihasi”dan xabaringiz bo‘lsa kerak, shu sohada vazirlik katta yangilik qilyapti. Ya'ni qo‘shimcha qiymat yaratish va misni ajratib olishda yangi reagentlarni kashf qilyapmiz. Bitta reagent kashf qilindi, lekin biz buni yana kengaytiryapmiz. U chet eldan keladigan hammasining o‘rnini qoplaydigan mahalliy mahsulot bo‘ladi.

Qolaversa, biotexnologiya sohasidagi ishlarda ham yangiliklarimiz bor. Yaqinda milliy vaksinamiz paydo bo‘ladi. Hattoki yeydigan vaksinalar ishlab chiqyapmiz, bunda vaksinani yeyish orqali emlanish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tuproqshunoslik yo‘nalishida katta o‘zgarish bo‘ladi. Sababi tuproqlarimiz juda zararlanib ketgan, hozir tuproqni sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi texnologiyalarning yangi sxemalarini ishlab chiqyapmiz, chunki o‘g‘itlash sxemasi eskirgan.

Yangi yo‘nalish – sun'iy intellekt sohasida ham yangiliklar bor. Robototexnika va sun'iy intellekt – jahonda sanoatning to‘rtinchi inqilobi omillari bo‘ladi.

Shu bilan birga, vodorod energetikasi bo‘yicha yangi ishlarni boshlaganmiz. Butun dunyo hozir quyosh, shamol energiyasi kabi yangi manbalarni o‘rganmoqda. Vodorod energetikasida ham rejalar aniq, shularni amalga oshiramiz.

Bularning hammasi 2-3 yil ichida bo‘ladi. Vaksinalar yilning oxirigacha yaratiladi. Yangi navlar keyingi yildan dehqonlar qo‘liga yetib boradi. Genlar injyenerligiga asoslangan yangi navlar paydo bo‘ladi. Meditsina sohasida esa chekka-chekka hududlarda telemeditsina bo‘ladi. Hozir Mo‘ynoqdan boshlab kelyapmiz”, – dedi Ibrohim Abdurahmonov.

Avvalroq, O‘zbekistonda “Sputnik V” vaksinasi ishlab chiqarilishiga ruxsat berilgan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top