17:37 / 12.04.2019
27310

Go‘shsiz burger: Amerika fastfud biznesida inqilobiy davr boshlandimi?

Foto: nestle.com

Amerikada go‘shsiz fastfud yaratish yo‘lidagi izlanishlar samarasi amalga tatbiq etildi – 1 apreldan boshlab «Burger King»ning AQShdagi 59ta tamaddixonasida tarkibida go‘sht mutlaqo mavjud bo‘lmagan kotletli burgerlar menyuga kiritildi. 2 aprelda esa «Nestle» to‘laligicha o‘simlik mahsulotlardan tarkib topgan burgerlarni Yevropa va AQSh bozorlariga chiqarishini e'lon qildi.

Go‘shsiz burgerning ilk xaridorlaridan ba'zilari dastlab buni 1 aprel hazili, deb o‘yladilar. Chunki go‘shsiz va go‘shtli burgerlarni bir-biridan ajratish juda mushkul. Ularning ko‘rinishi va mazasi bir xil, yagona farqi – birinchisining ichiga mol go‘shtidan tayyorlangan kotlet solingan, ikkinchisi esa yuz foiz o‘simlik tarkibga ega.

Go‘shsiz burgerning afzalligi nimada?

«Burger King»ning «Impossible Whopper» nomli yangi turdagi fastfudi uchun go‘shsiz kotletlarni «Impossible Foods» kompaniyasi yetkazib beradi. Ushbu kompaniya go‘sht va sut mahsulotlarining o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat ishlanmalarini yaratishga ixtisoslashgan. 2011 yildan faoliyat boshlagan tashkilot go‘sht va sutning ham mazasi, ham ozuqaviy xususiyatlarini o‘zida saqlovchi muqobil mahsulotlar tayyorlab, do‘kon va restoranlarga yetkazib beradi.

«Impossible Foods» o‘z faoliyati orqali chorvachilik sanoatining atrof-muhitga yetkazadigan zarari ko‘lamini kamaytirish, aniqrog‘i global isishning oldini olishni maqsad qilgan. Qanday qilib deysizmi?

Foto: Brian Cooley/CNET

Tadqiqotlarga ko‘ra, bitta sigir yiliga o‘rtacha 70-120 kg metan gazi hosil qiladi. Metan esa, xuddi karbonat angidrid (CO2) kabi, issiqxona effektini keltirib chiqaruvchi gaz hisoblanadi. Lekin ularni solishtirganda, metanning iqlimga salbiy ta'siri karbonat angidriddan 23 martaga ko‘proqdir. Bundan kelib chiqadiki, bir bosh sigir bir yilda atmosferaga chiqargan 100 kg metan gazi 2300 kg karbonat angidridga ekvivalent bo‘ladi.

Taqqoslash uchun, 1000 litr benzin yoqilganda atmosferaga aynan shuncha – 2300 kg CO2 gazi ajraladi. 100 km masofa uchun 8 litr benzin sarflaydigan mashinada esa siz buncha yonilg‘i bilan 12500 km yo‘l yurishingiz mumkin. Bu masofa – 20 marotaba Toshkentdan Samarqandga borib, yana ortga qaytish bilan teng. Ana shunda mashinaning iqlimga yetkazgan zarari hajmi bitta sigirning bir yillik zarari miqdoriga tenglashadi.

Dunyo bo‘ylab esa taxminan 1,5 milliard bosh sigir va buqa bor... Umuman, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma'lumotiga ko‘ra, butun jahondagi issiqxona gazlarining 18 foizi qishloq xo‘jaligi sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu – butun boshli transport sektoridan ko‘proq ulush demakdir.

Insoniyat farovonroq hayot kechira borgani sari Yer yuzi aholisi ham, go‘sht va sut mahsulotlarini sotib olishga qurbi yetadigan kishilarning ulushi ham ortib boryapti. 2000 yillar boshida sayyorada yiliga jami 229 mln tonna go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu miqdor 2050 yilda ikki barobarga oshib, 465 mln tonnaga yetishi prognoz qilingan. Xuddi shu davrda sut mahsulotlari 580 mln tonnadan 1043 mln tonnaga oshishi kutilyapti.

Bill Geyts ham farqlay olmaydi

Shunday sharoitda, «Impossible Foods» go‘shtga muqobil variantlar ustida izlanish olib borayotgan yagona kompaniya emas. Mol va tovuq go‘shtini qayta ishlash va sotish bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda turuvchi «Tyson Foods» kompaniyasi ham shu yilning fevral oyida tarkibida hayvon go‘shti bo‘lmagan analogik mahsulotlar ishlab chiqarish liniyasini ochishini e'lon qildi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, shu oydan boshlab qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari biznesida jahonning eng yirik kompaniyasi «Nestle» ham sintetik go‘shtli burger mahsulotlarini do‘kon va supermarketlarga tarqatishni boshlamoqda. Aprelda Yevropa bozorlarida «Incredible Burger», kuzda esa AQShda «Awesome Burgers» nomlari ostida «Nestle»ning vegetarianlar uchun sun'iy go‘sht solingan fastfudlari sotila boshlaydi. Yangi mahsulotning sotuvlar hajmi 2-3 yilda 1 mlrd dollarga yetishi mumkinligi aytilmoqda.

Bunga qadar, AQSh tarixidagi birinchi fastfud restoranlari tarmog‘i – «White Castle» 2018 yil sentabr oyida mamlakatning 13ta shtatidagi tamaddixonalarida ana shunday sun'iy go‘shtdan tayyorlangan kotletli slayderlarni sotuvga chiqargandi.

Milliarder Bill Geyts esa 2013 yildayoq xuddi shu yo‘nalishda izlanish olib boruvchi «Beyond Meat» startapiga millionlab investitsiya kiritgan:

«Boshqalar kabi men ham o‘zimni laqma deb hisoblamayman. Lekin menga tovuqli takoni yeb ko‘rib, undagi go‘sht haqiqiymi yoki soxta ekanini aytishni so‘rashganida o‘zimni shunday his qildim.

Go‘shtning ko‘rinishi va hidi haqiqatan ham tovuqnikiga o‘xshardi. Tishlab ko‘rsam, mazasi va yumshoqligi ham xuddi tovuqnikidek. Taomda bir gramm ham tovuq go‘shti yo‘qligini bilganimda hayratda qoldim. «Go‘sht» to‘laligicha o‘simliklardan tayyorlangandi. Men hozirgacha ularni farqlay olmayman», – deya hikoya qilgandi «Microsoft» asoschisi.

Tarkibi, narxi va salomatlikka ta'siri-chi?

Sun'iy go‘sht asosan loviyadan tayyorlanadi. Unga turli ingrediyentlar, masalan, suv o‘tlari, xamirturush, ildiz hujayralari qo‘shiladi. Mahsulot shunday tayyorlanadiki, undan kotlet pishirishda xuddi haqiqiy qon oqayotgandek ko‘rinishi mumkin.

To‘yimlilik jihatdan esa sun'iy go‘sht o‘z «asli» bilan bir xil – «Burger King»ning haqiqiy mol go‘shti solingan vopperi 660 kaloriya, «Impossible Whopper» esa 630 kaloriya ozuqaviy qiymatga ega. Buning sababi – muqobil mahsulotni tabiiysiga ham maza, ham og‘irlik, ham yumshoq-qattiqligi jihatdan maksimal darajada o‘xshash bo‘lishi uchun unga o‘shancha darajadagi oqsil va yog‘lar qo‘shilishi kerak. Ya'ni sun'iy go‘shtning barcha turlari ham vazn tashlashda qo‘l kelavermaydi

Chapda – tabiiy, o‘ngda – sun'iy go‘shtli kotlet solingan burgerlar
Foto: Brian Cooley/CNET

Yangi fastfudning narxiga keladigan bo‘lsak, uni sotuvdagi standart burgerlar bilan deyarli bir xil qiymatda sotib olish mumkin. Narx borasida gap ketganda, bu yo‘nalishdagi biznesning ishlari chakki ketmayotganini ta'kidlash kerak: «The Good Food» notijorat tashkiloti tahlillariga ko‘ra, 2018 yilda AQShda o‘simliklardan tayyorlangan go‘sht alternativlari savdosi hajmi 23 foizdan ko‘proqqa oshib, 760 mln dollarga yetgan.

Bu ko‘rsatkich joriy yildan boshlab keskin o‘sishini taxmin qilish mumkin. Chunki, yuqorida ta'kidlanganidek, 1 apreldan «King Burger» Missuri shtatidagi 59ta tamaddixonasida sintetik go‘shtli burgerlar savdosini test tariqasida yo‘lga qo‘ydi. Sinov muddati tugagach, shu yil oxirigacha mashhur brendning AQShdagi yana 7100ta restoranida o‘simlik tarkibli go‘shtdan tayyorlangan kotletli vopperlar sotuvi boshlanishi kutilyapti.

Top