08:35 / 07.11.2016
6834

AQShda asteroid tushishi ehtimoliga mashg‘ulotlar o‘tkazildi

Foto: © EPA/C.CARREAU, arxiv

AQSh hukumati katta talofatlar bilan kechishi mumkin bo‘lgan, asteroidning Yer bilan to‘qnashishi ehtimoliga boshqarmalararo qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari o‘tkazdi. Bu haqda AQShning aeronavtika va koinot hududini tadqiq qilish milliy boshqarmasi matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi xabar bermoqda

Mashg‘ulotlar tashkilotchilari NASA koinot agentligi va AQShning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha federal agentligi bo‘ldi. Mashg‘ulotlarda Pentagon, AQSh energetika vazirligi tarkibiga kiruvchi va yadroviy qurol yaratish bilan shug‘ullanuvchi milliy laboratoriyalar hamda bir qator boshqa tashkilotlar ishtirok etdi.  

Mashg‘ulotlar Kaliforniya shtatining El-Segundo shahri hududida bo‘lib o‘tdi. NASA ssenariysiga ko‘ra, 2020 yil 20 sentabrda diametri 250 metrlik asteroidning Yer bilan to‘qnashishi bilan bog‘liq ko‘rilishi kerak bo‘lgan harakatlar mashq qilindi. 

Koinot agentligi va AQSh maxsus xizmatlarida tushuntirilishicha, bunday fazo jismining Yerga tushishi ehtimoli 2 foizga teng deb baholangandi. Biroq mashqlar afsonasiga ko‘ra, 2017 yil mayida asteroid bilan to‘qnashishdan qutulib qolishning imkoni yo‘qligi aniq bo‘ladi.

2017 yil noyabrigacha olimlar asteroid yoki Kaliforniyaning janubiy qismiga, yoki uning sohillari yaqinida Tinch okeaniga qulashini aniqlaydilar. Bu afsonaga ko‘ra, AQSh hukumati Los-Anjyeles va uning yon atrofidagi 13 mln lik aholini ommaviy evakuatsiya qilishni amalga oshirish uchun zarur tadbirlar rejasini tuzib chiqdi.

Evakuatsiya rejasi asteroidni yo‘q qilish yoki uning yo‘nalishini o‘zgartirish maqsadida biror bir missiyani bajarishga vaqt yetmasligi sababli tanlanadi. 

Mashqlar davomida to‘qnashuvning oqibatlarini prognoz qiluvchi modellar ko‘rib chiqildi hamda ehtimoliy falokatdan keyin fuqarolarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan turli mish-mishlarni inkor qilish rejalari tuzildi.  

2016 yil noyabri boshida NASA xodimlari Yerga xavf tug‘diruvchi meteoritlarning yaqinlashishi haqida 5 kun oldinroq ogohlantirishga va'da berdilar. Ularning fikricha, bu vaqt ichida zaruriy choralarni ko‘rish mumkin bo‘ladi. 

 

Mavzuga oid
Top