18:17 / 15.11.2016
3897

IUT va “Curtin University” ta'lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish niyatida

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) va “Curtin University” (Avstraliya) vakillari ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, jumladan, fizika sohasida hamkorlikda izlanishlar o‘tkazish masalasini muhokama qildilar. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Curtin University”ning Fizika va astronomiya bo‘yicha Departamenti rahbari Igor Brey hamda “Curtin University” professori Alisher Qodirov o‘tgan haftada IUTga tashrif buyurishgan edi. Avstraliya oliy o‘quv yurtining delegatsiyasi “Fundamental va amaliy fizika rivojlanishining yangi yo‘nalishi: muammolar, yutuqlar va istiqbollar” nomli xalqaro simpoziumda qatnashish uchun O‘zbekistonga kelishdi.

Tashrif davomida IUT vakillari kelajakdagi AKT tarmog‘ining yetakchilarini tayyorlaydigan universitetning taqdimotini o‘tkazishdi. Mehmonlar talabalar hamda o‘qituvchi-professorlar tarkibi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.

Ikki oliy o‘quv yurti vakillari fizika sohasidagi loyihalar va hamkorlikda izlanishlar o‘tkazish borasidagi masalalarni ko‘rib chiqishdi.
Tomonlar IUT va “Curtin University” o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumni imzolash masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida kelishib oldilar.

“Curtin University” Avstraliyaning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lib, hozirda oliy o‘quv yurti Avstraliyaning uch shahrida, Singapur va Malayziya davlatlarida ham o‘z filiallariga ega. Universitetda bugungi kunda 60 ming nafar talabalar axborot texnologiyalari, gumanitar, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda ta'lim olishmoqda.

Top