11:21 / 19.11.2016
8595

Peru poytaxtida OTIH sammiti o‘z ishini boshlaydi

© EPA/ERNESTO ARIAS

Janubiy Amerikaning Peru davlati poytaxti Lima shahrida OTIH (APEC) sammiti o‘z ishini boshlamoqda. Dunyoning 21 davlati rahbari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi doirasida mintaqaning savdo va iqtisodiy taraqqiyot masalalarini muhokama etadi. Uchrashuv yakunida qo‘shma deklaratsiya qabul qilinadi. 

Peru TIVning OTIH ishlari bo‘yicha vakili Luis Kesadaning so‘zlariga ko‘ra, Lima forumida 4 asosiy yo‘nalishga oid mavzular muhokama etiladi. 

Gap OTIH erkin savdo hududini barpo etish, xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish, transport kommunikatsiyasi hamda sarmoyalarni jalb etish va savdoni liberallashtirish sohasida erishilgan aniq yutuqlar haqida bormoqda. 

Yirik anjuman munosabati bilan Lima shahrida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Peru IIV rahbari Karlos Basombrioning ma'lum qilishicha, OTIH sammitida tartibni saqlashga 11,4 ming nafar politsiyachi jalb etilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlarini har yuz-ikki yuz metrda uchratish mumkin. Ularning aksariyatida o‘q o‘tkazmaydigan nimchalar va o‘qotar qurollar bor. 

Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi – mintaqaning 21 davlatini savdo va iqtisodiy sohada birlashtirgan xalqaro forumdir. OTIHning 2020 yilgacha bo‘lgan asosiy maqsadi Osiy-Tinch okeani mintaqasida erkin va oshkora savdo tizimini barpo etish hamda liberal investitsiya tartibini yo‘lga qo‘yish sifatida belgilangan. 

OTIHga a'zo davlatlar jahon YaIMning 57 foizini ishlab chiqaradi. Xalqaro savdo aylanmasining 48 foizi, bevosita xorijiy sarmoyalarning 40 foizidan ortig‘i hamda jahon aholisining 40 foizdan ortig‘i ushbu tashkilotga a'zo davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 
 

Mavzuga oid
Top