15:33 / 15.02.2017
28680

Mashhur Toshkenboyevlar sulolasiga 150 yil to‘ldi

Yaqinda o‘zbek sirk san'atining mashhur vakili, O‘zbekiston va Rossiya xalq artisti, Mehnat qahramoni, Toshkenboyevlar – o‘zbek dorbozlar sulolasi, o‘zbek sirkining shakllanishi va milliy dorbozlik san'atining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan sirk san'atkori Toshkanboy Egamberdiyev tavalludiga 150 yil to‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi sayti yozmoqda.

Toshkanboy Egamberdiyev 1866 yilning mart oyida Farg‘ona vodiysining Asaka qishlog‘ida tavallud topdi.  Uning otasi – Egamberdi XIX asrning 50-yillarida Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlariga haj safariga borib, aynan o‘sha yerda dorbozlik san'atini o‘rgandi. Yurtiga qaytgach, dor tikib, bu san'atni ommalashishiga, rivojlantirishga tamal toshini qo‘ydi, xalq orasida Hoji-dorboz nomi bilan tanildi.  

Turgan gapki, u yoniga 7 yoshli o‘g‘lini ham jalb qildi. Shu ko‘yi, Toshkanboy faoliyatini 7 yoshidan boshlab, otasi Egamberdi hoji bilan xalq bayram va sayillarida, shahar maydonlarida dorbozlik o‘yinlarini namoyish etgan. 80-yillarga kelib esa mustaqil ishlagan, dorbozlik va simbozlik san'atini mukammal egallagan. 5-6 metr balandlikdagi simdor ustida 20dan ortiq mashqlar ijro etgan, jumladan, balandga yoki uzunasiga sakrash, oyog‘iga pichoq, lagan, mis qozon, yog‘ochoyoq bog‘lab yoki baland poshnali poyabzal kiyib sim ustida yurish, boshda qaynayotgan samovar olib o‘tish kabi o‘z davrining murakkab mashqlarini bajargan. Shuningdek, 25-30 metr balandlikda tortilgan qiya dor ustida tomoshabinlarni hayajonga soluvchi mashqlarni ijro etgan, chig‘iriqda gimnastika usullarini bajargan. 

1908 yili Toshkentda uyushtirilgan Turkiston sanoat va hunarmandchilik ko‘rgazmasida qatnashgan Toshkanboy Turkiston o‘lkasining eng mohir dorbozi sifatida tan olinib, faxriy yorliq, qimmatbaho to‘n hamda oltin medal bilan mukofotlangan. Oradan bir yil o‘tib esa Buxoro amiri saroyida tomosha ko‘rsatib, amirning oltin medali bilan taqdirlangan.

Toshkanboy 1920-1930 yillarda O‘rta Osiyo davlat va xususiy sirklarida ishlagan. 1935 yildi Sankt-Peterburg sirkida uning rahbarligi va ishtirokida «Dorbozlar» milliy dasturi yaratilib, dor o‘yinlari ilk bor ochiq maydondan sirk gumbazi ostiga ko‘chiriladi. Bu muhim voqea o‘zbek dorbozlik san'atida yangi davrni boshlab berdi. Yakka ijrochi bajaradigan mashqlar bilan bir qatorda, ikki, uch va hattoki to‘rt kishi ijro etadigan mashqlar ilk bor namoyish etildi.

1942 yilda Toshkentda, urush davrining og‘ir sharoitiga qaramay, Toshkanboy Egamberdiyev rahbarligida O‘zbek sirk jamoasi tashkil etildi. E'tiborli jihati, mazkur guruh sobiq Ittifoqda birinchi milliy sirk jamoasi sifatida tan olindi.

1947 yili, 81 yoshida so‘nggi marta dorga chiqdi va o‘z kasbini farzandlariga topshirganligini e'lon qildi. Bu vaqtga kelib farzandlari – Qodirjon, Shokirjon, Obidjon ham padari buzrukvorlari “etagini” ushlab, ancha mahoratlarini toblab olishgandi.  Shunday qilib, u qadimiy dorbozlik san'atini bir necha pog‘onaga ko‘tarib, uni zamonaviy sirkning badiiy ifoda vositalari va murakkab o‘yinlari bilan boyitib kelayotgan va o‘zbek dorbozlik san'atini jahon sirki maydonlariga olib chiqayotgan Toshkenboyevlar sulolasiga asos soldi.

Qodirjon milliy sirk san'atining turli janrlarini — besuyak, muallaqchilik, chig‘iriq o‘yini, dorbozlik, simbozlik, masxarabozlik, yog‘ochoyoq va boshqalarni egallab, 1920—30 yillarda otasi bilan birgalikda davlat va xususiy sirklarda ishlagan. 1935 yildan esa «Dorbozlar» dasturida qatnashgan.  

Shokirjon rahbarligida 1950 yili Toshkentdagi «Sahnadagi sirk» birlashmasi qoshida «O‘zbek dorbozlari» guruhi tashkil etildi va bu guruh qadimiy dorbozlik san'atini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Ilk bor dorda muhofaza vositasi — «lonja»ni ishlata boshladi va natijada an'anaviy repertuar bir qator yangi murakkab mashqlar bilan boyidi. Xususan, ochiq havodagi dor ustida «ko‘prikcha» shaklida turish,yelka bilan dorga tiralib, oyoqlarni tepaga cho‘zish kabi tryuklarni birinchi marotaba Shokirjon ijro etdi. Uning rafiqasi Maryam esa O‘zbekistondagi birinchi dorboz ayol sifatida tarixga kirdi.

Obidjon 1949 yildan «Dorbozlar» dasturiga rahbarlik qildi, 1960-1969 yillari esa o‘zbek sirki jamoasining badiiy rahbari bo‘ldi. 3-7 kishi tomonidan ijro etiladigan bir qator murakkab dor o‘yinlarining muallifi va ishtirokchisidir.

Toshkanboy Egamberdiyev 1950-1956 yillarda Toshkent Davlat sirki badiiy rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 90 yoshga kirgandagina nafaqaga chiqdi. Hozirgi kunda O‘zbek Davlat sirkida sulolaning beshinchi va oltinchi avlod vakillari faoliyat yuritib kelmoqda, ular jahon sirk arenalarini larzaga solib, turli xalqaro musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallamoqda.

Dorbozlar haqida gap ketganda, 1995 yili Toshkentda Markaziy Osiyo miqyosida ilk bor o‘tkazilgan 1-Markaziy Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida sport tarixida birinchi marta olimpiya mash'alini dor ustidan olib o‘tilganligini yodingizga solmoqchimiz. “Paxtakor” Markaziy stadionining maydonidan to stadion tablosi ustiga o‘rnatilgan maxsus o‘t oldirish uskunasigacha bo‘lgan masofani qo‘lida mash'ala bilan ko‘tarilgan dorboz ham aynan Toshkenboyevlar sulolasidan – Toshkanboy Egamberdiyevning chevarasi Tohirjon edi.

Bir so‘z bilan aytganda, Toshkenboyevlar sulolasi vakillari o‘z san'atlarini Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikaning 30dan ortiq mamlakatlarida namoyish etishdi. Toshkent davlat sirki, uning tug‘ilib o‘sgan makoni Asakadagi madaniyat va istirohat bog‘iga Toshkanboy Egamberdiyev nomi berildi. Milliy sirk san'atini rivojlantirish va uni jahon maydoniga olib chiqish maqsadida 1995 yili Toshkanboy Egamberdiyev nomidagi Xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil etildi. Toshkenboyevlar haqida «Sahnada — o‘zbek sirki» (Germaniya), «Maydonda — milliy sirk» (Rossiya), «Dorboz Toshkenboyevlar», «O‘zbek sirki», «Tomosha davom etadi» hujjatli filmlari ishlangan. 

Kuni kecha poytaxtimizdagi Toshkent davlat sirkida Toshkanboy Egamberdiyev tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan tomosha namoyish etildi. Unda sirk artistlarining chiqishlari bilan birga turli davrlarda Toshkenboyevlar sulolasining vakillari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Farrux Zokirov, Kozim Qayumov, Zaripovlar sulolasidan, Respublika estrada-sirk kolleji direktori Karima Zaripova va boshqalar sulolaning hozirgi davr yetakchisi Olimjon Toshkenboyev ustozligidagi oilasi vakillarini ushbu yubiley sana bilan samimiy muborakbod etishdi. 

Toshkanboy Egamberdiyevning o‘zbek sirki rivojiga qo‘shgan xissasi, uning davomchilarining san'ati haqida hikoya qilib beruvchi hujjatli film, ularning faoliyatini yorituvchi suratlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Mavzuga oid
Top