15:56 / 23.03.2017
4321

JAR prezidenti irqchilik bilan jiddiy kurashishga kirishdi

JAR prezidenti Jyeykob Zuma aparteid rejimi qulaganidan keyin 23 yil o‘tgan bo‘lsa-da, mamlakatda hali-hanuz irqchilik belgilari mavjudligini tan oldi va bunga qarshi qonuniy kurash olib borish niyati haqida ma'lum qildi. TASS agentligi shu haqida xabar berdi

"Afsuski, irqchilik mafkurasi bizning jamiyatimizdagi ba'zi odamlar orasida mustahkam o‘rnashib olgan. U inson huquqlari buzilishining eng jirkanch ko‘rinishini namoyon etadi", - dedi u JARdagi Inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan tadbirda. 

"Qora tanli fuqarolar boshqa irqiy guruhlar bilan tengligini his qilishi kerak. Ular o‘zlarining ikkinchi darajali emas ekanliklarini anglagan hamda oq tanlilar o‘zlarini eng yuqori irq vakillari deb hisoblamagan taqdirdagina  haqiqiy erkinlikka erishiladi", - dedi Zuma va umuman olganda janubiy afrikaliklar irqchilikni qoralashlarini ta'kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, adliya vazirligi irqchilikka qarshi milliy reja ustida ishlarini yakunlamoqda. Shuningdek irchilikka oid bayonotlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun maxsus qonun loyihasi tayyorlanmoqda. 

Milliy kongressning JARda hukmronlik qilayotgan Yoshlar ligasi  hukumatni irqchilik ko‘rinishlari uchun 10 yildan kam bo‘lmagan muddat belgilashga chaqirdi. 

Bundan tashqari, Zuma qora tanli aholi orasida ishbilarmonlikni rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi iqtisodiy o‘zgarishlarga chorladi. 

JARda aparteid rejimi qulaganidan keyin ham aholining 8 foizini tashkil qiluvchi oq tanlilar biznesda ustunlik qilishda davom etishmoqda. Ularning xo‘jaliklari daromadlari qora tanlilar kirimlaridan besh karra ko‘pdir. Qishloq xo‘jaligida ham oq tanli fermerlar ustunlik qilib kelmoqda. 

Uning ta'kidlashicha, Yoxannesburg fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning atigi 10 foizigina qora tanli kishilarga tegishli. Firmalar boshqaruvidagi oq tanli menejyerlar 72 foizni tashkil qiladi. "Bunday adolatsiz vaziyatni o‘zgartirish kerak", - dedi prezident. 

Mavzuga oid
Top