18:30 / 20.04.2017
24479

FSB Peterburg terakti buyurtmachisi shaxsi o‘rnatilganini ma'lum qildi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Peterburg metrosida amalga oshirilgan terakt ijrochisi shaxsini o‘rnatdi. Bu haqda FSB direktori Aleksandr Bortnikovga asoslanib RIA Novosti agentligi xabar bergan.

Maxsus xizmat rahbari jurnalistlarga ushbu shaxs haqida boshqa ma'lumot xabar qilmagan.

19 aprel kuni FSB teraktga aloqadorlikda gumon qilingan yana bir shaxs qo‘lga olinganini ma'lum qilgandi. U 17 aprel kuni Moskva yaqinida qo‘lga olingan Abror Azimovning akasi Akram Azimov bo‘lib chiqdi.

FSB ma'lumotiga ko‘ra, Akram Azimov terakt amalga oshirilishi uchun mablag‘ yetkazib bergan. U «xalqaro terrorchilik tashkilotlari emissarlari» bilan aloqada bo‘lgani aytildi.

Uning ukasi Abror Azimov 18 aprel kuni ushbu ishga aloqador bo‘lgani, ammo u teraktga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bilmagani haqida bayonot bergandi. Ushbu ish doirasida qo‘lga olinganlar soni 9 nafar bo‘lib, ularning aksari markaziy osiyoliklardir.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida ro‘y bergan portlash oqibatida 15 kishi halok bo‘lib, 49 kishi jarohatlandi.

Terakt ijrochisi kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik o‘zbek bo‘lgan 22 yoshli Rossiya fuqarosi Akbarjon Jalilov ekani aytildi. U shahardagi sushi-barda ishlagan, keyinchalik uning tanishlari qo‘lga olindi.

20 aprel kuni FSBdagilar ma'lum qilishdiki, ushbu teraktga aloqadorlar IShID tarafdorlari bo‘lgani taxmin qilinadi. Versiyalardan biriga ko‘ra, terakt xorijiy terrorchilar tomonidan ilhomlantirilgan.

IShID Sankt-Peterburgdagi terakt uchun javobgarlikni zimmasiga olmagan.

 

FSB Azimovning akasi qo‘lga olinishi jarayonini namoyish qildi, uning yonidan granata chiqqan

 

Mavzuga oid
Top