18:48 / 30.06.2017
38625

Startaplar haqida 6 ta qo‘rqinchli fakt

Yoz oylari boshlanishi bilan butun dunyoda mehnatga layoqatli aholi sonini to‘ldirgan kollejlarning yangi bitiruvchilari katta kompaniyalar emas startaplarni tanlab, ish izlay boshlashadi. Accenture kompaniyasi tomonidan o‘tgan yili dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Amerikadagi o‘quv yurtlari bitiruvchilarining faqat 14 foizi korporatsiyalarga ishga joylashishni istashadi, so‘ralganlarning 44 foizi esa startap yoki kichikroq firmaga ishga kirish istagini bildirishgan, deb yozadi Harvard Business Review.

Startapda ishlash birmuncha afzalliklarga, masalan, noformal muhitga egaligi, ishlab chiqarishdan ayrilmagan holda tezkor ta'lim olish bilan shug‘ullanish, ko‘proq mustaqil harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishiga qaramasdan, bir qator kamchiliklardan ham xoli emas. Karerangizni boshlash uchun startap ideal joy, degan qarorga kelishdan avval siz u haqida hamma narsani bilishingizga amin bo‘ling. Bunday kompaniyalar va yaqinda o‘qishni bitkazgan xodimlar bilan ishlashdagi tajribamga asoslanib, yosh mutaxassislarning xayoliga kelmaydigan va ular e'tibor bermaydigan qiyinchiliklarga diqqatni jalb qilmoqchiman, deya o‘rtoqlashadi maqola muallifi Loren Berger.

Belgilab qo‘yilgan maosh va imtiyozlarning yo‘qligi. Ishga qabul qilinganingizdan so‘ng siz qilishingiz lozim bo‘lgan dastlabki narsa — mehnatingizga haq to‘lash shartlarini kelishib olish. Mana shu joyda dastlabki qiyinchiliklar paydo bo‘ladi: startapda muzokaralar yo‘li bilan kattaroq maosh yoki biror-bir imtiyozlarga ega bo‘lish imkoniyati minimum darajada. Agar sizga moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolardan xoli startapda ishlashni taklif etishsa, u yerda siz o‘z vazifangizda yaxshi pul ishlab topishingiz mumkin. Biroq sizni faqat o‘ziga ishonuvchi entuziastlar guruhi o‘z safiga chorlasa, daromadlaringiz kutganingizdan kamroq bo‘lishi ham mumkin. Startapdagi maosh korporatsiyadagi muqim oylikdan ko‘ra tebranishlarga ko‘proq duchor bo‘ladi. Imtiyozlar-chi? Startaplarning aksariyati tibbiy sug‘urtani taklif etmaydi, shuningdek, pensiya rejasini ham, chunki bunday bonuslar taqdim etish uchun ularga shunchaki pul yetmaydi. Shu sababli, bu yerda ishlashni boshlash oldidan ana shunday jihatlarga e'tibor qaratmoq kerak.

Doimo o‘zgarib turuvchi korporativ madaniyat. Kompaniyaning korporativ madaniyati jamoa a'zolari bir-birlari bilan qanday muomala qilish, turli masalalarni birgalikda qanday yechish va hamjihatlikda qanday ishlash asosida shakllanadi. Yirik kompaniyalarda yangi mutaxassis mavjud madaniyat va o‘rnatilgan qoidalarga duch keladi. Biroq siz startapning dastlabki 20 nafar xodimidan biri bo‘lishga ulgursangiz bu madaniyatni shakllantirishda o‘zingiz ishtirok etasiz. Bu jihat esa barchani, ayniqsa, ishga birinchi marta joylashayotganlarni izdan chiqarishi mumkin. Agar aksariyat startaplar singari sizning kompaniyangiz yuqori darajali kadrlar qo‘nimsizligiga ega bo‘lsa, korporativ madaniyatni tuzish yanada qiyin bo‘ladi.

Tashkilotchilikning yetishmasligi yoki hattoki boshliqning yo‘qligi. Bitiruvchilar ota-onasi va o‘qituvchilarining qat'iy nazorati ostida qo‘yilgan maqsadga yetishish uchun izchil harakat talab etiladigan ta'lim muhitidan ishlashga kelishadi. Endi esa ular maqsad tushunarsiz va doim o‘zgarib turuvchi ishga joylashishdi yoki — unisi ham bunisi ham birdan ro‘y beradigan holat — rahbariyat tomonidan yetarli nazorat va aloqa bo‘lmagan sharoitda o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Bunday sharoitlarda mehnat qilish juda qiyin. Yoshlarga atrofidagilarning diqqat-eʼtibori va javob reaksiyasi ko‘pincha yetishmaydi, boz ustiga, ular muvaffaqiyat qaysi kriteriylar bo‘yicha baholanishini bilishmasa barqaror natijalarni ko‘rsatish va ularni yaxshilashni uddalashlari qiyin bo‘ladi. Nazokat bilan aytilganda, ba'zi bir startaplarga tashkilotchilik yetishmaydi, agar hamma narsani o‘z nomi bilan ataydigan bo‘lsak — ularda «batamom tartibsizlik» hukmron. Xodim o‘z lavozimi qanday muvaffaqiyatga erishsin, qachonki uning ish muhiti doimo o‘zgarib tursa, muassislar va investorlar mudom bosim o‘tkazib turishsa? Shunday qilib, siz o‘ta o‘zgaruvchan sharoitlarda ishlashga ruhan tayyor bo‘lmog‘ingiz lozim.

Ba'zi holatlarda sizda umuman boshliq bo‘lmasligi ham mumkin. Men yaqindagina o‘qishni tugatib, o‘zining birinchi ishiga joylashganlar bilan suhbatlashganman. Ularning barchasi kimningdir qo‘l ostida ishlashni mo‘ljallashgan, biroq hozirgi vaqtda ular karerasini bevosita rahbarsiz boshlashmoqda. (Ba'zi holatlarda ish boshida rahbar bo‘ladi, keyin u kompaniyadan ketadi va uning o‘rniga uzoq vaqt yangisi tayinlanmaydi.) Endi esa kechagina talaba bo‘lib yurgan yoshlar «o‘ziga o‘zi boshliq» bo‘lib qolishadi. Biroq taqdim etilgan imkoniyatga qaramasdan ular o‘zlariga maslahatchi yo ustoz bo‘luvchi, ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beruvchi, tashkiliy masalalarni hal qiluvchi va biror narsaga o‘rgatuvchi insonni istashadi.

Dam olish kunlarining yo‘qligi. Ko‘plab staraplardagi ish bir maromda bo‘lmaydi, aksincha, xuddi bitirish imtihonlari oldidan bo‘lgani kabi kuni bo‘yi ish qaynaydi va bu haftadan haftaga davom etaveradi. Siz nafaqat o‘z orzusi yo‘lida tinim bilmasdan ishlaydigan (tabiiyki, sizga nisbatan ko‘proq moliyaviy va nufuziy xatarlarni o‘z zimmasiga olgan) asoschilar jamoasiga ishlaysiz, balki sizdan dastlabki nursiz ish joyida «chop-keltir» bosqichidan o‘tgan va endi startapda o‘z baxtini sinab ko‘rishga ahd qilgan kattaroq hamkasblaringiz bilan hamkorlik ham qilasiz. Elektron xatlar, SMS va Telegram kabi messenjerlarda xabarlar sizni tunlari va dam olish kunlari ham ta'qib etadi, boz ustiga siz hamma narsani tashlab ularga, birinchi navbatda, javob berishingiz kerak. Sizga qandaydir topshiriq buyurar ekan, hamkasblaringiz uni bajarish uchun e'tiroz bildirmasdan va ko‘p savollar bermasdan, bor imkoniyatingizni ishga solishingizdan umid qilishadi. Agar siz yeng shimarib ishga kirishishga tayyor bo‘lmasangiz yoki «doimo aloqada» bo‘lishni istamasangiz, aftidan boshqa ish variantlarini qidirganingiz ma'qul bo‘ladi. Masalan, yirik, muqim o‘ringa ega bo‘lgan kompaniyada ish grafigi u qadar o‘zgaruvchan emas, dam olish kunlari esa mutlaqo daxlsiz hisoblanadi. 

Resurslar yetishmasligi. Katta kompaniyaga ishga kirib, siz ko‘plab resurslarga ega bo‘lasiz: xizmatingizda shaxsiy tarkib bilan ishlovchi bo‘lim, texnik bo‘lim, marketologlar jamoasi, degandek. Agar sizga qandaydir joyda bilim yetishmasa, siz tegishli byudjyet mablag‘laridan foydalanib, turli yirik shaharlarda o‘tkaziladigan konferensiya va seminarlarda qatnashib, kerakli malakaga ega bo‘lishingiz ham mumkin. Startapda ishlar ekansiz, shaxsiy tarkib jalb qilib, marketing va strategik rejalashtirish va ijtimoiy tarmoqlarda ilgari surish bilan shug‘ullanib, o‘zingiz butun bir bo‘lim rolida bo‘lasiz. Biror narsani qanday qilishni bilmasangiz, YouTube’dagi video, ochiq onlayn-kurslar va boshqa tekin resurslardan foydalanib bilimingizni to‘ldirasiz. Kimdir yordam berishini istaysizmi? Ba'zan buning mutlaqo iloji yo‘q. Ko‘plab yoshlar avvaliga bunday ijod erkinligidan lazzatlanib, ertami-kechmi boshi berk ko‘chaga kirib qolishadi.

Beqaror moliyaviy holat. Men endi-endi oyoqqa turayotgan kompaniyada ikki yil muvaffaqiyatli ishlagan ko‘plab yoshlar bilan gaplashganman. Ular dastlabki 40 xodimdan biri bo‘lishgan, yaxshi mansabda ishlashgan, yaxshi pul ishlashgan, biroq oradan ikki yil o‘tgach yo investorlar loyihani tark etgan yoki uni moliyalashtirish to‘xtatilgan. Yigitlar kiprik qoqishga ulgurmasidan, ishsiz qolishgan. Agar siz startapga kelsangiz, qanchalik ter to‘kib ishlashingizdan qat'i nazar vaqealarning ana shunday tus olishiga ham tayyor turishingiz kerak. Hattoki barqaror moddiy ta'minotga ega startaplarda ham ishingiz natijasidan qoniqishmagani bois sizni ishdan bo‘shatishlari mumkin. Har bir xodimni ma'lum bir maqsadda yollashadi va buning uchun byudjyetdan ma'lum bir mablag‘ ajratiladi. Agar siz umumiy muvaffaqiyatga u yoki bu darajada mos kelmasangiz yoki shunga yarasha xizmat qilmasangiz, kompaniya oldida qimmatingiz pasayadi. Buning hech qanday xusumatli tarafi yo‘q, kompaniya olg‘a intilishga hissa qo‘shmayotgan kishiga pul sarflashni o‘ziga ep bilmaydi. O‘zingizning jo‘nash nuqtangiz sifatida startapni tanlar ekansiz, uning rivojiga salmoqli hissa qo‘shishga tayyor turing.

Muallif haqida: Loren Berger —All Work, No Pay va Welcome to the Real World kitoblari muallifi. IQ Agency marketing agentligi rahbari. 

Top