12:47 / 24.07.2017
26958

MXX Toshkentda psixotrop dorilar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tarmoqni fosh etdi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Toshkent shahrida psiixotrop dorilar savdosi bilan shug‘ullangan noqonuniy guruh faoliyatini fosh etdi

Barchasi poytaxtda samarqandlik Husan Xushbakovni ushlashdan boshlandi. U kuchli ta'sir qiluvchi, shifokor retseptisiz sotish taqiqlangan "Lirika" dorisini yashirincha sotish bilan shug‘ullangan. Diler 112 dona tabletkani 100 AQSh dollari va 510 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Jinoyatchini tekshirish jarayonida yana 470 dona tabletka musodara qilindi. 

So‘roq vaqtida Xushbakov bu dori vositalarini Dili va uning Bobur ismli o‘g‘illaridan olishini so‘zlab bergan. Sotilgan tabletkaning har biri uchun 10 ming so‘mdan pul to‘lashgan. Ushbu hodisa yuzasidan MXX va Bosh prokuratura hamkorligida maxsus tezkor guruh shakllantirilgan. Ular jinoiy ishga aloqador yangi gumondorlar ustidan kuzatuvni yo‘lga qo‘ygan. Maxsus amaliyot chog‘ida 2800 dona "Lirika" tabletkasini 2350 dollarga sotayotgan gumondorlardan biri qo‘lga olindi. 

U Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti akademik litseyi 1-kurs talabasi Bobur Murodov ekani aniqlangan. Bobur va onasi Dilbar Hoshimova respublika hududida taqiqlangan dori vositalarini noqonuniy yo‘l bilan tarqatishgan. 

Ularning xonadoni ko‘zdan kechirilganda turli psixotrop dorilarning yirik partiyasi borligi aniqlangan. Tezkor guruhlar 22624 dona "Lirika" tabletkasi, 2500 dona "Dyufaston" tabletkasini musodara qilishgan. Bundan tashqari, 8 ming dona "Mukaltin", 4200 dona "Kreon", 1900 dona "Ursosan", 1740 dona "Saytotek" va 1512 dona "Plavix" tabletkalari borligi ma'lum bo‘lgan.

Ushlanganlar musodara qilingan dori vositalariga sertifikatlar boshqa muvofiqlik hujjatlarini taqdim eta olishmagan. Bu esa, ularning respublika hududiga noqonuniy olib kirilganini isbotlaydi. 

Shundan so‘ng, tezkor guruh dorilarning kelib chiqish manbasini aniqlashga kirishdi.

"Natijada qo‘lga olingan shaxslar yuqoridagi dori vositalarini Farg‘ona viloyati fuqarosi Xurshida Hamroqulova va Bahodir Zokirovdan olgani ma'lum bo‘ldi. Zokirov "Lirika"ning yirik partiyasini Qirg‘iziston hududidan bojxona postlarini aylanib o‘tgan holda keltirgan. Keyinchalik, dilerlar xususiy taksi haydovchilar Shoxrux Ergashboyev va Sardor Nig‘matov xizmatidan foydalanishgan. Ular dorilarni mijozlar manzillariga yetkazib berishgan. Mazkur jinoiy ishga aloqasi bo‘lganlarning barchasi maxsus amaliyot vaqtida qo‘lga olinib, hozirda ularning ustidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan ish ochilgan", — deya qayd etgan MXX xodimi. 

Musodara qilingan dori vositalari ekspertiza ishlari o‘tkazish maqsadida Dori vositalari va tibbiy texnikalar sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasiga yuborilgan. Boshqarma xulosasiga ko‘ra, yuqoridagi dorilarning 10 turi qalbaki va sifati yomon ekani aniqlangan.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi narkologiya bo‘limi, giyohvand moddalar nazorati bo‘yicha qo‘mita hamda Davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish Bosh boshqarmasi mutaxassislarining xulosalariga ko‘ra, "Lirika" kuchli ta'sir qiluvchi dori hisoblanadi. Uni nazoratsiz iste'mol qilish inson hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Qayd etish joizki, "Lirika" bir necha marta iste'mol qilinsa, unga qaramlik hissi paydo bo‘ladi. Dorini ko‘plab iste'mol qilganlarda bosh va bo‘g‘inlar og‘rig‘i, nutq va diqqatning buzilishi, xotira susayishi, talvasa, e'tiborning zaiflashuvi,bosh aylanishi, ta'm sezmaslik, koma va hushdan ketish holatlari ko‘zga tashlanadi. 

Begali Akbarov

Mavzuga oid
Top