13:11 / 10.08.2017
77811

64 nafar abituriyent hali test javobi chiqmasidanoq talaba bo‘lishga ulgurdi 

1 avgust kuni O‘zbekistondagi barcha OTMlarda test imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Davlat test markazi bergan ma'lumotga ko‘ra, 1 avgust kuni 59 oliy ta'lim muassasalari va ularning 12 ta filialida qabul test sinovlari o‘tkazildi.

Joriy yilda oliy ta'lim muassasalariga 729 947 (2016 yilda – 663 304) nafar abituriyent hujjat topshirgan, shulardan 7 725 (2016 yilda – 7 521) nafari muddatli harbiy xizmatni tugatgan harbiy imtiyozga ega abituriyentlardir.

Xushnudbek.uz sayti test imtihonlarida necha ball olganidan qat'i nazar har qanday holatda ham davlat granti asosida qabul qilinishi aniq bo‘lgan abituriyentlar haqida ma'lumot berdi.

Ular fan olimpiadalari g‘oliblari yoki “zulfiyachilar” emas. Gap kvotalar soni bo‘yicha konkursda.

DTM bergan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilda o‘rtacha tanlov 1 o‘ringa 11,0 (2016 yilda – 11,05) tani tashkil etdi. Lekin shunday ayrim OTMlar borki, ulardagi tanlov birga bir bo‘lgan. Ya'ni nechta kvota ajratilgan bo‘lsa, shuncha abituriyent hujjat topshirgan. 

Joriy yilda nafaqat tibbiyot yo‘nalishlari, balki qishloq xo‘jaligi sohasida ham maqsadli qabul joriy etilgan. Ammo bu haqida deyarli hech qayerda aytilmadi, hech qayerda e'lon qilinmadi. Natijada ko‘pchilik bundan bexabar qoldi. Aholidagi ushbu bexabarlik to‘lqini topshirilgan hujjatlar soniga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Qishloq xo‘jaligi va meliorativ texnikalarning texnik servisi” yo‘nalishi bo‘yicha Xorazm va Farg‘ona viloyatlari uchun 1 tadan davlat grantida o‘rin ajratilgan bo‘lib, shu yo‘nalishga Xorazmdan 1 nafar, Farg‘onadan 1 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Bu degani ushbu ikkala abituriyent testda necha ball olishidan qat'i nazar davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi. Chunki ularning boshqa raqobatchisi yo‘q. Xuddi shunday holat Irrigatsiya institutining yana 8 ta yo‘nalishlarida ham uchraydi.

Ta'lim rus tilida olib boriladigan 10 ta yo‘nalishlarda ham shunday holat uchraydi. 

Bundaylar Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining “Zootexnika (Andijon)” va “Kasb ta'limi: qishloq xo‘jaligida menejment (Farg‘ona)” yo‘nalishlarida ham bor.

Toshkent davlat agrar universitetining “Agrokimyo va agrotuproqshunoslik” yo‘nalishida Andijon viloyati uchun davlat granti asosida ajratilgan 1 ta o‘ringa ham atigi 1 nafar o‘ta omadli abituriyent hujjat topshirgan.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidan tashqari boshqa ayrim OTMlarda ham xuddi shunday holatlarni kuzatish mumkin.

Xususan, “Oliy hamshiralik ishi” yo‘nalishi rus guruhlarida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Surxondaryo uchun hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Namangan viloyati uchun ajratilgan maqsadli qabul kvotalarida ham konkurs 1 ga teng. Eng qizig‘i Toshkent tibbiyot akademiyasining “Oliy hamshiralik ishi” yo‘nalishi rus guruhida Farg‘ona viloyati uchun 2 ta davlat grantiga o‘rin ajratilgan bo‘lib, unga atigi 1 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Konkurs 1 ga emas, yarimga teng.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti “Sport faoliyati: eshkak eshish” yo‘nalishida jami 10 ta o‘rin (2 ta grant, 8 ta kontrakt) ajratilgan bo‘lib, unga jami 10 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Bu degani ular orasidan 2 nafari byudjyetga, qolgani kontraktga chiptani naqd qilib qo‘yishdi. Xuddi shu institutning “Sport faoliyati: xotin-qizlar sportini rivojlantirish” yo‘nalishi bo‘yicha yo‘nalishining rus tili guruhlarida Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo hudulari uchun taqsimlangan kvotalarda ham huddi shunday holat, ya'ni, konkurs birga teng. Hattoki “Sport faoliyati: xotin-qizlar sportini rivojlantirish” yo‘nalishi bo‘yicha rus guruhiga Samarqand viloyatiga 4 ta o‘rin ajratilgan (2 ta grant, 2 ta kontrakt) bo‘lib, unga bor-yo‘g‘i 3 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Qolgan oliygohlardan farqli o‘laroq, ya'ni maqsadli qabul belgilanmagan Milliy rassomlik va dizayn institutining “Rangtasvir: multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi” yo‘nalishida ham 3 ta baxtli abituriyentni ko‘rish mumkin. Ushbu yo‘nalishning rus guruhida 3 ta kvota (1 ta grant, 2 ta kontrakt) uchun 3 tagina abituriyent “kurash olib borishadi”. Faqat ularning “kurashi” 1 ta grant o‘rniga bo‘ladi xolos. Kontrakt esa naqd.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, jami 64 nafar abituriyent hali test javobi chiqmasidanoq talaba bo‘lishga ulgurgan. Ularning 49 nafari davlat granti asosida, 15 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishga ulgurgan. 

Keyinchalik Xushnudbek.uz sayti davlat test markazi vakili bilan shu masala yuzasidan suhbatlashdi. Uning ma'lum qilishicha, 68 balldan (maksimal ballning 30%i) kam to‘plagan abituriyentlar kvota doirasida boshqa raqobatchisi bo‘lmasa ham, talabalikka qabul qilinmas ekan. Avvallari, ya'ni testdagi javob variantlari 5 ta bo‘lgan paytda minimum ball 56 qilib belgilangan ekan, keyinchalik 4 ta variantli test tizimiga o‘tilgach, ushbu chiziq 68 ball qilib belgilanibdi. Bunday qoida bironta rahbariy Nizomlarda belgilanmagan. Biroq har yili Davlat komissiyasining bayonnomasi bilan shunday minimum chiziq tasdiqlanar ekan.

E'tiborli joyi, Davlat komissiyasining qarorlari “xizmat doirasida foydalanish uchun” maqomida bo‘ladi va hech qayerda e'lon qilinmaydi (ayrim ilovalarni hisobga olmaganda).

 

Top