19:03 / 18.09.2017
70183

«Men aybni o‘zimdan izlayapman». Bokschilar bilan suhbat

25 avgust 2 sentabr kunlari Germaniyaning Hamburg shahrida boks bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. 195ta davlat  ishtirok etgan musobaqada O‘zbekiston vakillari 1ta oltin, 3ta kumush 2ta bronza olib, umumjamoa hisobida  ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

O‘zbekiston terma jamoasi safida ringga chiqqan Andijon boks maktabi tarbiyalanuvchilari - Hasanboy Do‘smatov, Jasurbek Latipov hamda Iqboljon Xoldorov finalgacha yetib borib, kumush medallarga ega bo‘ldi .

Kun.uz sayti “Taraqqiyot” televideniyasi bilan hamkorlikda uch sovrindor bokschi bilan suhbat uyushtirdi.

Uchrashuv davomida bokschilarimiz Hamburg taassurotlari, terma jamoamizning musobaqadagi ishtiroki, hakamlar tomonidan berilgan noxolis baholar haqidagi fikrlarini bildirib, yana ko‘plab savollarga  javob berishdi.

- Hamburgga musobaqadan yigirma kun oldin yetib bordik, - deydi Jasurbek Latipov. - Sharoitlar ko‘ngildagidek yaratilganini alohida aytib o‘tishim kerak. Biz bilan terma jamoaning ikkinchi raqamli bokschilari sparring uchun olib ketildi. Yaratilgan imkoniyatlar samarasi o‘laroq, termamiz nufuzli chempionatda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Germaniyaning ob-havosi juda yaxshi ekanligi, u yerda boks bilan shug‘ullanishga zo‘r sharoit bo‘lishiga qaramay, besh kunda O‘zbekistonni sog‘ina boshladim. Men musobaqaga ketishdan oldin tashkil etilgan uchrashuvda oltin medal olib qaytishga va'da bergandim. Tajribam yetmay qoldi. Lekin, ishontirib aytamanki, nasib qilsa, keyingi safar, albatta birinchi o‘rinni qo‘lga kiritaman.

Hasanboy Do‘stmatov o‘ziga berilgan: “Turli tadbirlarga jalb qilinayotganingiz sport formasini ushlab turishga xalaqit bermayaptimi?” degan savolga quyidagicha javob qaytardi:

“Rioda chempion bo‘lganimdan so‘ng menga bo‘lgan e'tibor juda kuchayib ketgan. Darhaqiqat, juda ko‘plab turli tadbirlar, uchrashuvlarda ishtirok etamiz. Shu yurtda ulg‘ayganmiz, aholiga va bolalarga sportni targ‘ib qilish uchun tashkil etilgan tadbirlarga borishimiz zarur ekanligini bilaman. Qayerga borsangiz, e'tibor, mehmondorchilik. Xalqimiz juda mehmonnavoz. Dasturxoniga qaramasangiz, kibrga yo‘yadi. Iloji yo‘qligidan ovqatlanish rejimimiz buzilib ketib, vazn ortgani ham bor gap. Germaniyada sovuq iqlim bo‘lgani uchun vazn tashlashim juda qiyin bo‘ldi”.

Iqboljon Xoldorovdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan: “Iqbol Osiyo chempioni hamda jahon chempionati sovrindori bo‘lganidan so‘ng o‘zini “yulduz” sanayapti” qabilidagi fikrlarga qanday munosabat bildirishi so‘raldi. U hech qachon kibrga berilmagani, hali erishadigan yutuqlari oldinda ekanligini aytib, kimgadir bilmay noto‘g‘ri muomala qilgan bo‘lsa, uzr so‘rashini aytdi. “Men oddiy bokschiman va shundayligimcha qolaman”,- deydi Iqboljon.

Suhbat davomida Hasanboy Do‘smatov finaldagi mag‘lubiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:

“Men uchun jahon chempionatining oltin medali juda kerak edi. Chunki men olimpiada va Osiyo chempioni bo‘lganman. Muxlislarimizga rahmat. Kim bilan suhbatlashsam: “Hasanboy siz yutgan edingiz, hakam nohaqlik qildi” deyishyapti. Lekin, men aybni o‘zimdan izlayapman. To‘g‘risi, tan olaman mag‘lubiyatimning asl sababi o‘zimda. Chunki, men musobaqada avvalgidek sport formasida bo‘lmadim. Vazn tashlashga ozgina qiynaldim. Menda orqaga chekinish bo‘lganini sezdim. Agar olimpiadadagi sport formasida bo‘lganimda, raqiblarimdan ikki bosh ustun bo‘lardim. Mag‘lubiyat menga o‘z xatolarim ustida ishlashim kerak ekanligini ko‘rsatdi. Yutqazish menga katta saboq, dars bo‘ldi. G‘alaba qozonganimda, balki xatolarim ko‘rinmagan bo‘larmidi? Murabbiyim bilan mana shu xatolar ustida ishlab, keyingi musobaqlarda g‘alaba sari intilamiz”.

Sovrindor bokschilar bilan ko‘rsatuvni tasvirga olishda yaqindan yordam bergan “Taraqqiyot” televideniyesiga alohida tashakkur bildiramiz.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top