22:59 / 26.09.2017
19180

Eronda Telegram asoschisi Durovga jinoiy ish ochildi

Foto:AP Photo / Tatan Syuflana

Eron hukumati Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan jinoiy ish ochdi. Bu haqda Eronning ISNA axborot agentligi xabar bermoqda

Tehron prokurori Abbos Jafari Davlatobodiyning aytishicha, bu Telegram’ning IShID terrorchilik guruhi a'zolari orasida mashhurligi bilan bog‘langan. Messenjerning jinoyatlarni sodir etishda qo‘llanishi yana bir sabab bo‘lgan.

"Telegram tarmog‘i terrorchilarga, shu jumladan IShIDga xizmat qilishidan tashqari, giyohvand moddalar kontrabandasi va odamlar savdosi bo‘yicha ham xizmatlarni taqdim qiladi", deb aytilgan bosh prokuraturada. 

Pavel Durov u tomondan yaratilgan messenjerda terrorchilar bemalol gaplasha olishlarida bir necha bor ayblangan. Iyun oxirida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Sankt-Peterburg metrosidagi terakt tashkilotchilari portlashni tayyorlashda Telegram’dan foydalanishganini ma'lum qilgandi. FXXda aytilishicha, Rossiyadagi terrorchilar xorijiy kuratorlari bilan aynan shu messenjer yordamida bog‘lanadilar.

Durovning o‘zi esa Eron bosh prokuraturasining bu qaroridan taajjubda ekanini aytgan.

"Men bu yangilikdan taajjubdaman. Biz Eronda terrorchilar va pornografik kontentni faol to‘samiz. Fikrimcha, buning asl sababi boshqa narsada yashiringan", deb yozgan Durov tvitterda.

Uning ta'kidlashicha, kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, Eronda har kuni pornografik va terrorchilik kontentiga ega mingdan ko‘proq kanal, bot va chatlar to‘siladi.

Top