17:50 / 04.10.2017
23829

Putin Tramp bilan munosabatlari haqida gapirdi

Foto: RT

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rossiya energetika haftaligi» forumida amerikaliklar prezidenti Donald Tramp bilan «amalda hech qanday munosabatlarga ega emasligi» haqida gapirdi.

«Shaxsiy aloqalar yo‘q. Biz faqat bir marta uchrashdik. Telefon orqali bir necha marta turli mavzularda gaplashdik. Masalan, Suriya masalasida», — deya qayd etgan prezident uning AQSh rahbari bilan munosabatlari qay tariqa rivojlanishi xususidagi savolga javoban.

U shuningdek, Rossiya va AQSh Suriya mavzusida ko‘plab liniyalar bo‘yicha hamkorlik qilishini qo‘shimcha qilgan.

«Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar holatini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Ular Qo‘shma shtatlarning ichki siyosiy vaziyat asiriga aylanishdi. Men bu haqda ko‘p gapirdim. Alohida kuchlar Rossiya-Amerika munosabatlaridan Amerikaning ichki muammolarini hal etishda foydalanmoqda. Biz Qo‘shma shtatlarning ichki siyosatidagi bu jarayon yakunlanishini kutmoqdamiz», — degan Putin.

Biroz oldinroq AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Tomas Pikering Tramp Vashington va Moskva munosabatlari ahamiyatini juda yaxshi bilishi haqida aytgandi. 

 Putin va Tramp 7 iyun kuni Hamburgda «Katta yigirmatalik» sammiti doirasida ilk marta uchrashishgandi.

Mavzuga oid
Top