21:50 / 14.11.2017
9838

Sobiq styuardessa qo‘rquv orttirib olgani sababli aviakompaniyani sudga berdi

Foto: Paula Keuga

British Airways aviakompaniyasining sobiq styuardessasi Lyusi Sergant ishi vaqtida yuz bergan avariyalardan keyin parvozlardan qo‘rquv orttirib olgani va shu tufayli “eng yaxshi ishdan ketishiga to‘g‘ri kelgani” uchun aviakompaniyadan 750 ming funt sterling talab qildi.   

Sergantning ta'kidlashicha, u ishlagan samolyot 2013 yil may oyida Londondan Osloga parvoz vaqtida havoga ko‘tarilgandan keyin, dvigateli kapoti tabaqasi ochilib ketib, undan yoqilg‘i oqa boshlagan va buning oqibatida yong‘in chiqqan. Shu sababli samolyot ortga qaytishiga to‘g‘ri kelgan.

Bu avariya sababli samolyotda vahima ko‘tarilgan va Sergant tajribali styuardessa sifatida yo‘lovchilarga o‘z qo‘rquvini ko‘rsatmaslikka harakat qilgan, vaholanki u bu vaziyatda yo‘lovchilardan kam bo‘lmagan darajada “dahshatga” tushgan. Samolyot qo‘ngandan keyin yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari undan falokat trapi orqali tushishgan.

Sergant bu voqeadan keyin yana 3 yil styuardessalik qilgan. Biroq 2016 yil o‘rtalarida uning samolyotida yana ko‘ngilsizlik yuz bergan: parvoz vaqtida samolyot kabinasi tutunga to‘lgan, shu sababli ekipaj va yo‘lovchilar kislorod niqoblarini qo‘llashga majbur bo‘lganlar. Ushbu voqea sobiq styuardessaga avvalgi avariyani esiga tushirgan va u noyabrda batamom ishidan ketishga qaror qilgan.

Sergant advokatining aytishicha, mijozida yuz bergan ko‘ngilsizliklar oqibatida uyqu bilan muammolar, bezovtalik, parvozlardan qo‘rquv boshlangan. U “ajoyib ishi“dan mahrum bo‘lgani uchun sobiq ish beruvchisidan tovon puli, bepul yoki chegirma bilan sayohat qilish imkoniyati berilishini hamda ishi unga bergan “boshqa ustunliklar”ni talab qilgan.

Aviakompaniyada avariyalardan keyin Cergant ruhiyati aziyat chekkani tan olingan, biroq  sobiq ishchisi talab qilayotgan mablag‘ bo‘yicha bahslashish rejalashtirilayotgani aytilgan.

Top