16:15 / 15.11.2017
10292

Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati bo‘yicha hukumat qarori chiqdi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida yagona geologiya xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 24 maydagi PQ-3004-son qaroriga muvofiq, shuningdek, xavfli geologik jarayonlar ta'siridagi hududlarda olib boriladigan muhandis-geologik ishlari sifatini oshirish, nazorat tizimini takomillashtirish, hisobga olish, monitoring olib borish va hududlardan oqilona foydalanish, salbiy oqibatlardan o‘z vaqtida ogohlantirish, xabardor qilish va oldini olish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmatini tashkil etish to‘g‘risida” 1994 yil 8 apreldagi 194-son qarorining 2, 3 va 4-bandlari va qarorga 1 va 2-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradilar.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi B.Islamov zimmasiga yuklandi.

Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Davlat kuzatish xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimiga kiradi va bevosita Davlat geologiya qo‘mitasiga bo‘ysunadi.

Quyidagilar Davlat kuzatish xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:

xavfli geologik jarayonlar rivojlanadigan joylarni aniqlash va ularning faollashishini prognozlashtirish;

xavfli geologik jarayonlarning yuzaga kelishi va rivojlanishining monitoringi olib borilishini tashkil qilish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarni ularning ro‘y berishi mumkin bo‘lgan falokatlari va oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilish va ogohlantirish;

Davlat kuzatish xizmatining yozma ko‘rsatmalari, shuningdek, xulosalarida bayon etilgan talablarning barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda yuridik va jismoniy shaxslar, ularning idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

xavfli geologik jarayonlarning yangi manbalari shakllanishining oldini olish maqsadida ularning kuchayishi mumkin bo‘lgan mintaqalardagi hududlardan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyanomalar tayyorlash va berish.

Davlat kuzatish xizmatining davlat inspektorlariga quyidagi huquqlar beriladi:

xulosalar asosida aholini boshqa joyga ko‘chirish (muayyan joydan vaqtinchalik ko‘chirish), obektlar qurish va ulardan foydalanish vaqtini boshqa muddatga ko‘chirish yoki o‘zgartirish, shuningdek, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin bo‘lgan joylarda boshqa ishlarni amalga oshirish to‘g‘risida bajarish majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berish;

agar obektlarni qurish va ulardan foydalanish shart-sharoitlari xavfli geologik jarayonlarning paydo bo‘lishiga, rivojlanishiga yoki kuchayishiga olib keladigan bo‘lsa, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin bo‘lgan joylarda hududlarni o‘zlashtirish yuzasidan ilgari berilgan xulosalarga zarur o‘zgartirishlarni bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari bilan kelishgan holda kiritish;

xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin bo‘lgan joylarning chegarasini aniqlash hamda shunga muvofiq ravishda xavfsiz joylarga ko‘chirish lozim bo‘lgan xo‘jaliklar soni va obektlar ro‘yxatiga doir muhandislik-texnikaviy tadbirlarga o‘zgartirishlar kiritish;

xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin bo‘lgan joylarda yangi (rekonstruksiya qilingan) obektlar va inshootlarni qabul qilish va foydalanishga topshirish bo‘yicha davlat komissiyalari ishida qatnashish;

Davlat kuzatish xizmati organlari va mansabdor shaxslarining yozma ko‘rsatmalari bajarilmaganligi haqida ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish va ularni tegishli organlarga bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari bilan kelishgan holda yuborish.

Davlat kuzatish xizmati quyidagilarga majburdirlar:

O‘zbekiston Respublikasi hududida xavfli geologik jarayonlarning paydo bo‘lishi va kuchayishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni muntazam o‘rganish, ularning ro‘y berishi mumkinligi to‘g‘risida har yili materiallar tayyorlash;

aholi yashash joylari va xalq xo‘jaligi obektlarini ushbu jarayonlarning ta'siridan himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish va amalga oshirish uchun ularning ro‘y berishi mumkin bo‘lgan halokatli oqibatlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma'lum qilish hamda xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin bo‘lgan joylardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yuridik va jismoniy shaxslarni xabardor qilish va ogohlantirish;

FVVga o‘rganilayotgan hududlarda xavfli geologik jarayonlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, shuningdek, xavf ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z vaqtida va to‘liq taqdim etish;

O‘zbekiston Respublikasi davlat manfaatlariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash, xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin bo‘lgan joylarda hududlardan foydalanishda tor mahkamachilik, mahalliychilik ko‘rinishlarining oldini olish.

Davlat kuzatish xizmatiga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Davlat geologiya qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.

Boshliq Davlat geologiya qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod qilinadigan ikki nafar o‘rinbosarga ega bo‘ladi.

Davlat kuzatish xizmatining boshlig‘i xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati bosh davlat inspektori hisoblanadi.

Davlat kuzatish xizmati boshlig‘ining o‘rinbosarlari kuzatish xizmati bosh davlat inspektorining o‘rinbosarlari hisoblanadilar.

Kuzatish xizmati davlat inspektorlarining shaxsiy tarkibi uch yilda bir marotaba, agar zarur bo‘lsa, har yili Davlat kuzatish xizmati boshlig‘i taqdimnomasiga binoan Davlat geologiya qo‘mitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat kuzatish xizmatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta'minlash yillik mineral xomashyo bazani rivojlantirish va qayta to‘ldirishning davlat dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti hisobiga amalga oshiriladi.

Mavzuga oid
Top