10:56 / 15.02.2018
14603

“Xiva xonligi kantselyariyasi” YuNeSKOning “Jahon xotirasi” dasturi ro‘yxatiga kiritildi

Foto: UNESCO

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlardan biri — “Xiva xonligi kantselyariyasi” YuNeSKOning “Jahon xotirasi” dasturi ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri yozmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi o‘zining qadimiy, boy va asl tarixiy hujjatlari bilan Markaziy Osiyo davlatlari arxivlari orasida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, arxivda saqlanayotgan “Xiva xonligi kantselyariyasi”, “Buxoro Amirligi Qushbegisi”, “Qo‘qon xonligi” kabi fondlar uzoq o‘tmishni xolis o‘rganish va tadqiq etishda muhim hamda qimmatli manba hisoblanadi. 

“Xiva xonligi arxiv hujjatlari” fondi hujjatlarining asliyligi va xalqaro ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda, mazkur fondni to‘laligicha YuNeSKO ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ish olib borildi. Tegishli materiallar tayyorlanib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida annotatsiyalar bilan YuNeSKOning “Jahon xotirasi” dasturi xalqaro ro‘yxatiga kiritish uchun taqdim etildi.

Shu masala yuzasidan Parij shahrida bo‘lib o‘tgan majlisda nomzodnomalar ko‘rib chiqildi. Unda butun dunyo mamlakatlaridan 78 ta nomzodnoma mazkur ro‘yxatga kiritilishi uchun tavsiya etilgan edi. “Xiva xonligi kantselyariyasi” nomzodnomasi YuNeSKO dasturi bo‘yicha xalqaro qo‘mita majlisida uchinchi bo‘lib e'tirof etilib, xalqaro miqyosdagi sertifikat bilan taqdirlandi.

 

Top